Katanes "eksperiment"i o‘xshamadi yoxud O‘zbekiston terma jamoasi Suriyani mag‘lub eta olmaganiga 5 sabab
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogidagi dastlabki uchrashuvda Suriya terma jamoasi bilan durang o‘ynadi. Biz esa terma jamoamiz nima sababdan suriyaliklarni mag‘lub eta olmaganini tahlil qildik.
1-sabab: Asosiy tarkib va Shomurodovning yo‘qligi
Suriya terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda Shomurodov yo‘qligi yaqqol sezildi. Shomurodov kabi tezkor va ochiq zonalarni qidiruvchi futbolchining yo‘qligi hujumdagi samardorlikka salbiy ta’sir o‘tkazdi. Katanetsning O‘runovni hujumchi sifatida o‘ynatish qarori o‘zini oqlamadi. Oston nimaga qodir ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz va uni o‘z pozitsiyasiga qaytarish eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Shuningdek kecha hujum chizig‘idagi futbolchilarimiz ko‘proq individual mahoratga tayanib qolishdi va shu holat ham bizning foydamizga ishlamadi. Masharipov to‘pni o‘zida ko‘proq ushlab yubordi va aynan shu vaziyatda suriyalik himoyachilar o‘z pozitsiyalariga qaytib olishga ulgurishdi. Biroq Masharipov va Sayfiyev qanotda juda aktiv bo‘ldi, ayniqsa birinchi bo‘limda. Sayfiyevni ko‘pchilik tanqid qilmoqda, ammo u ko‘p mehnat qildi va barcha vaziyatlarda birdek samarali va foydali o‘ynash ilojsiz.
2-sabab: O‘zgarishlar
Ikkinchi taym boshlanishidan avval o‘ng qanotdagi ikkita "xoji"lar zahiraga olindi. Alijonovning zahiraga olingani sababi aniqlanmadi. Erkinov esa birinchi taymda hujumda ancha faol bo‘ldi, ammo Fayzullayevga ham o‘yin vaqti berish kerakligi sababli Erkinov zahiraga olindi. Abbosni ko‘pchilik asosiy tarkibda kutgandi, ammo u o‘yinni zahirada boshladi, ko‘pchilikning fikriga ko‘ra Fayzullayev asosiy tarkibdan joy olishi kerak. Igor Sergeyev esa juda kech o‘yinga qo‘shildi. Shunga qaramay Sergeyev juda samarali o‘ynadi va u maydonga tushganidan so‘ng raqib darvozasi maydonchasiga oshirilgan paslar soni keskin ko‘paydi. Sergeyev ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynashini bilamiz va u bir vaziyatda boshi bilan yaxshi zarba berdi, ammo kechagi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deya tan olingan Suriya darvozaboni zarbani bartaraf etdi. Keyingi uchrashuvda Ostonni qanotga va Sergeyevni hujumga qo‘ysak, terma jamoamiz tashkil etayotgan hujumlar samaradorligi keskin o‘sishiga ishonaman.
3-sabab: Bir xil uslub
Terma jamoamiz ko‘proq hujumkor uslubda o‘ynaydigan jamoalarga qarshi o‘zini qulay his qiladi. Suriya esa bunday jamoa emas, ular ham biz kabi ikkinchi raqam va tartibli himoya tarafdori. Ikki jamoa ham hujumkor o‘ynashga intilmaydi. Shu sabab kechagi o‘yinimiz tushunarsiz va nursiz bo‘ldi.
4-sabab: Raqibning tartibli o‘yini
Terma jamoamiz liderlaridan biri Otabek Shukurov uchrashuv yakunlanganidan so‘ng aytib o‘tganidek: "Biz Suriyani har qanday holatda va har qanday tarkib bilan mag‘lub etishimiz kerak", ammo tan olish kerakki Suriya terma jamoasi juda tartibli himoyalandi va deyarli xato qilmadi. Terma jamoamiz butun o‘yin davomida bor yo‘g‘i ikki marotaba darvozaga aniq zarba berishdi, aniq yo‘llangan yana 3ta zarbamiz suriyalik himoyachilar tomonidan muvaffaqiyatli "blok" qilindi.
5-sabab: Individual mahoratga tayanish
Kechagi uchrashuvda ko‘p jihatlar va hujumlarimiz futbolchilarning individual mahoratiga tayanildi. Tarkibimizda kreativ futbolchilarning ko‘pligi bu albatta yaxshi holat, ammo kreativlik har doim ham stabil o‘yin kafolati emas. Qaysidir futbolchi bir uchrashuvga kuchliroq o‘ynab berishi yoki aksincha o‘yini qovushmasligi ham mumkin. Shu sabab jamoaviy o‘yinni kuchaytirish kerak. Srechko Katanes esa kecha ushbu muammoni tan oldi, umid qilamizki u ushbu masalani tez orada bartaraf etadi.
Xulosa: Katanes kecha o‘ziga o‘zi muammo yaratdi. Katanes o‘ylagan "eksperiment" o‘xshamadi. Ha, Suriya ham yaxshi himoyalandi, ammo ular "ideal" o‘yin o‘tkazishmadi. Bunga dalil, biz yaratgan bir nechta xavfli vaziyatlar. Terma jamoamiz bundan yaxshiroq o‘ynay olishi aniq va Hindistonga qarshi uchrashuvda umuman boshqa jamoani ko‘rishimizga umid qilaman. Olg‘a, O‘zbekiston!
Muallif: Abdulvosit Bektemirov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring