O‘zbekiston milliy terma jamoamiz kecha Osiyo Kubogining 2-turida Hindistonni 3:0 hisobida taslim qildi. Ilk turdagi durangdan keyin bu g‘alaba albatta zarur edi. Terma jamoamiz sobiq futbolchisi Ja’far Irismetov Sports.uz saytiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Baribir sof hujumchi bo‘lgani boshqacha"
- Menimcha, ko‘ngil to‘ladigan tarkib bo‘ldi. Birinchi o‘yindan so‘ng tanqidlar ko‘p bo‘lgandi. Dastlabki uchrashuvda ikkala jamoa ehtiyotkorlik bilan o‘ynadi, deb o‘ylayman. Hindiston bilan bahsda deyarli 100 foiz yutishimizga ishonganman. Har qanday holatda ham birinchi bellashuvga nisbatan bu safar yaqqol hujumchi bilan chiqdik. O‘zim hujumchi bo‘lganim uchun aniq ayta olamanki, baribir sof hujumchi bo‘lgani boshqacha. Hindiston boshida munosib qarshilik ko‘rsatib, yaxshi o‘yin boshladi. Raqibni juda bo‘sh jamoa deb aytmagan bo‘lardim. Bizning futbolchilar munosib o‘yin ko‘rsatib, haqli g‘alaba qozonishdi. Birinchi o‘yinga nisbatan hujumkor tarkibni tushirdik. Suriya bilan bahsdan avval men taxmin qilgan sxema to‘g‘ri chiqdi. Ikkinchi uchrashuvda hujumkor tarkib tanlangani bois natija ham yaxshi bo‘ldi. Lekin hozirdan g‘alabani nishonlashga erta. Chunki Hindistonni darajasi u qadar xursandchilikka berilish holatida emas. Keyingi uchrashuvda terma jamoamizning asosiy kuchini ko‘ramiz, deb o‘ylayman.
"Hozir hech kimga oson emas"
- Avstraliya oldingi darajasida emas, deb o‘ylayman. Keyxilga o‘xshagan yorqin o‘yinchilar yo‘q. Baribir jamoaviy o‘yini bor. Guruhimizda O‘zbekiston bilan Avstraliya kuchli. Boshqa guruhlardagi o‘yinlarni ham ko‘ryapman. Masalan, Tailand ham kuchaygan. Oldin bo‘shroq bo‘lardi. Hozir hech kimga oson bo‘lmaydi. Ummonni Saudiyaga qarshi uchrashuvini ko‘rdik. O‘rtacha terma jamoalar kuchayishgan. Kechagi g‘alabadan keyin terma jamoamiz guruhdan chiqdi. Ammo keyingi bosqichlarda qiyinroq bo‘lishi mumkin. Oldin ham terma jamoamiz Avstraliyaga qarshi yaxshiroq o‘ynaganida ham raqib standartlardan gol urib ketgan. Menimcha, ularga qarshi bellashuvda standartlarga e’tibor berilsa, bizga qulayroq bo‘lishi mumkin.
"Sergeyev Shomurodov o‘rnini maksimal yopadi"
- Hamma narsani Eldor Shomurodovga bog‘lab qo‘yyapmiz. Terma jamoa birgina Shomurodovdan iborat emas. To‘g‘ri, u hamma ta’kidlayotgandek, terma jamoa uchun juda kerakli futbolchi. Asosiy hujumchimiz edi. Bizda Igor Sergeyev ham bor. U o‘ziga qanday imkoniyat berilsa, bundan foydalanib gollar uryapti. O‘zbekiston uchun Igor ham munosib hujumchi. Bobur Abduholiqov ham bor. Boshqa yoshlarimizga ham e’tibor qaratilyapti. Norchayev esa “Alaniya”ga ketib o‘zini ko‘rsata olmadi. Hozirgi kunda Shomurodovdan keyin asosiy hujumchi Sergeyev. Lekin Eldor futbolchilarni qo‘llab-quvvatlab, jamoadoshlarini ruhlantirib turibdi. Shomurodov jarohat olaman, deb o‘ylamagan. Menimcha, Igor Sergeyev uning o‘rnini maksimal darajada yopadi. Hindiston bilan uchrashuvda unga gol urish qobiliyatini his qila olishi ham qo‘l keldi va o‘sha vaziyatda gol urib ketdi. U qora ishni ko‘p qiladi. Bo‘lajak raqibimiz safida bo‘ydor o‘yinchilari bor. Sergeyev yanada foydaliroq bo‘ladi.
"Osiyo Kubogini yutishga qodirmiz"
- Vatanparvarligimiz uchun albatta O‘zbekistonni finalgacha borishini va Kubokni yutishini juda xohlayman va buni ayta olaman. Biz taxmin qilamiz, niyat qilamiz, u yog‘i Allohdan. Menimcha, bu tarkibimiz oxirgi yillardagi eng kuchlisi. Aytilganidek, Shomurodov yetishmayotgani bor gap. Biroq, jamoamiz maksimal darajada yuqoriga ko‘tariladi, deb o‘ylayman. Minimum kuchli to‘rtlikka haqlimiz. Maksimal esa Osiyo Kubogini yutishga qodirmiz. Yigitlarga ishonchimiz baland. Barchasi maksimal darajada kurashadi. Faqat ikkita o‘yinchi yo‘q. Menimcha, Aziz G‘aniyev ham kerak edi. Bu bizni fikrimiz, bosh murabbiy Katanetsni esa o‘z rejalari bor. Biz jamoamizga ishonamiz va yorqin g‘alaba bilan qaytishadi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring