Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogining “V” guruhidagi ikkinchi tur uchrashuvida Hindiston milliy terma jamoasi o‘zbekistonlik charm to‘p ustalaridan 0:3 hisobida yengildi.
Bu mag‘lubiyat hindlarning musobaqani davom ettirish imkoniyatini sezilarli darajada pasaytirib yubordi. Endi hindistonliklar pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolish uchun 23 yanvarga belgilangan uchinchi tur uchrashuvida Suriya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratishi shart bo‘lib qoladi.
Ayni paytda futbol ekspertlari Osiyo kubogi o‘yinlarini tahlil qilib bormoqda. Nufuzli manbalardan biri – sportskeeda.com sayti mutaxassisi Soxam Xalder Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuvda hindlar yo‘l qo‘ygan uchta xatoni ko‘rsatib berdi.
Raqib futbolchilarini qo‘riqlash
Hali bahs boshlanmay turib, Hindiston terma jamoasi vakillari o‘zbek futbolchilariga qarshi o‘yin birinchi turda Avstraliya bilan bo‘lgan bellashuvdan ancha oson o‘tadi, degan xulosaga kelgan ko‘rinadi.
Hind himoyachilari ayrim holatlarda ortiqcha xotirjamlikka berilishi oqibatida raqib tomon jarima maydonchasiga yorib kelishi kuzatildi. O‘zbekiston birinchi va uchinchi gollarini aynan mana shunday vaziyatlarda kiritdi.
Avstraliyaga qarshi juda ishonchli o‘ynagan Sandesh Jigan to‘rtinchi daqiqada o‘zi qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Abbosbek Fayzullayevga to‘p uzatilganida uni ko‘zdan qochirdi. Hech kim xalaqit qila olmagan hujumkor futbolchi to‘pni darvoza to‘riga ortiqchi qiyinchiliksiz tushirdi.
O‘zbeklarning uchinchi goliga mualliflik qilgan Sherzod Narsullayev ham to‘pni qiynalmasdan darvozaga joyladi. Manvir Singx jarima maydonchasiga shiddat bilan kirib kelayotgan raqibini to‘xtatishga urinib ham ko‘rgani yo‘q. Unga yordam berishi kerak bo‘lgan Nixil Pujari gol urilgan vaziyatda o‘z joyida ko‘rinmay qoldi.
Qulay imkoniyatlarni sovurish
Ta’kidlash joizki, hindistonlik futbolchilar ham O‘zbekiston terma jamoasi darvozasi oldida bir necha xavfli vaziyatlarni yarata oldi. Lekin ulardan samarali foydalanishning imkoni bo‘lmadi.
Uchraguvning 45-daqiqasida Maxesh Singx uzoq masofadan kuchli va aniq zarba yo‘lladi. Lekin O‘tkir Yusupov darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Yana bir holatda jamoa to‘purari Sunil Chxetrining boshi bilan bergan zarbasiga aniqlik yetishmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Raxulning zarbasi darvoza to‘siniga tegdi. 71-daqiqada Raxul Bxekening bosh bilan yo‘llagan to‘pini darvozabon mahorat bilan qaytardi.
Darvozabon xatolari
O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi uchrashuvda hindistonliklar golkiperi Gurprit Singx Sandxu bir necha xato qarorlarni qabul qildi.
Bu darvozabon Avstraliya bilan bahsda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan edi.
Ikkinchi uchrashuvning to‘rtinchi daqiqasida to‘pga chiqishda xato qildi va Abbosbek Fayzullayev bundan unumli foydalanib, gol urdi.
Gurpritning ba’zi vaziyatlarda o‘ziga ishonmay harakat qilganini ko‘rish mumkin.
Endi hindistonliklar Osiyo kubogining nimchorak finaliga chiqish orzusini amalga oshirish uchun bu kabi xato va kamchiliklarni yo‘qotib, bor e’tiborini Suriya terma jamoasi bilan bo‘ladigan hal qiluvchi bahsga qaratishi lozim.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring