16:29 / 23.01.2024
232

Avstraliyalik jurnalist: "Hujumdagi o‘yinimizdan ko‘pchilikning ko‘ngli to‘lmayapti, himoyamiz esa juda mustahkam"

Avstraliyalik jurnalist: "Hujumdagi o‘yinimizdan ko‘pchilikning ko‘ngli to‘lmayapti, himoyamiz esa juda mustahkam"

Osiyo kubogi uchinchi turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliyaga qarshi bahs olib boradi.

Guruh g‘olibini aniqlab beruvchi bahsdan oldin AIR News axborot agentligida faoliyat olib boruvchi avstraliyalik tajribali jurnalist Grem Devis bilan suhbatlashdik.  Grem 2008 yildan beri AIR News axborot agentligida ishlab keladi. U 2011 yildan beri o‘tkazilgan barcha Osiyo kuboklarida bevosita faoliyat olib borgan. Mutaxassis juda ko‘p futbol ekspertlari Avstraliyaning o‘yinidan qoniqmayotgani haqida gapirdi. Bundan tashqari, himoya chizig‘i Avstraliyaning eng kuchli nuqtasi ekanligini ham ma’lum qildi.

- Salom Grem, Avstraliya termasi bosh murabbiyi haqida biroz izoh berib o‘tsangiz...

- Avstraliya bosh murabbiyi Grem Arnold nafaqat milliy jamoani, balki 23 yoshgacha bo‘lgan termani ham boshqaradi. Arnoldning vazifasi yosh futbolchilarni terma jamoaga jalb etish. Jahon chempionatidan so‘ng u termaga umumiy hisobda 12 nafar yangi o‘yinchini jalb etdi. Ular orasida  iqtidorli Jordi Boss ham bor. Terma jamoani hozirgi holatga aynan u olib kelgan.

- O‘zbekistonda Avstraliya terma jamoasi hozirda Jahon chempionati paytdagi tarkibdan kuchsizroq yoki yo‘qligi borasida bahslar bo‘ldi. Hozirgi terma jamoa Jahon chempionati paytidagi jamoadan qanchalik farq qiladi?

- Osiyo kubogini yutgan Avstraliya terma jamoasi ancha kuchli eli. Jahon chempionatidagi tarkibimiz hozirgidan biroz kuchliroq edi, ammo farq unchalik ham katta emas. Hozirgi terma jamoada yosh futbolchilar ko‘p. Tarkib jihatdan Koreya Respublikasi yoki Yaponiya kabi yulduzli o‘yinchilarimiz yo‘q. Avstraliya futbolchilari individual jihatdan kuchli emas, ammo jamoa sifatida ular juda yaxshi ko‘rinishmoqda. Bu albatta murabbiyning yutug‘i.

- Avstraliya guruhda ikkita o‘yin o‘tkazdi. Ular ko‘rsatayotgan o‘yindan qanchalik qoniqyapsiz?

- Umuman olganda, terma jamoamiz bu turnirda ko‘rsatayotgan o‘yin juda ko‘p avstraliyaliklarning xafsalasini pir qilmoqda. Biz o‘z jamoamizning Suriya va Hindiston termalariga qarshi o‘yinda katta tashabbus ko‘rsatishini kutgandik. To‘p nazoratida katta ustunlik qayd etilgan bo‘lsa ham, Avstraliya vaziyatlar yaratishda muammoga duch kelmoqda. Bu, menimcha, Jahon chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatgan ba’zi futbolchilarning yo‘qligi bilan bog‘liq, Tom Rogich shular jumlasidan. Agar Rogich safda bo‘lsa, yarim himoyada kreativ o‘yin ko‘rsatgan bo‘lardi. Aaron Muyni ham shu toifadagi o‘yinchi edi. Muy va Rogichning yo‘qligi terma jamoada kreativlik kamayib ketishiga olib keldi. Bundan tashqari, Avstraliya bu musobaqaga 36 yoshli hujumchi bilan kelgan. Hujum chizig‘ida imkoniyatlarimiz cheklangan. Milliy jamoa muxlislari aynan shu jihatlardan qoniqishmayapti.

- Bosh murabbiy Grem Arnold Avstraliya hujumkor o‘yin ko‘rsatayotgani va jarima maydoni ichida to‘pga teginish bo‘yicha istalgan jamoadan yaxshiroq natijaga ega ekanani aytdi, ammo xavfli vaziyatlar yaratish borasida ishlar unchalik ham yaxshi emas...

- Avstraliya vaziyat yaratganidan so‘ng darvozaga zarba ham berishi kerak. Suriyaga qarshi o‘yinda darvozaga faqatgina bitta aniq zarba yo‘llandi. O‘sha vaziyat ham omad evaziga golga aylanib ketdi. Grem Arnold aytganidek, jarima maydoni ichida to‘pga ko‘proq teginish emas, bu teginishlardan xavfli vaziyat yarata olish muhim.

- O‘zbekistonga qarshi o‘yin Avstraliya uchun qanchalik muhim? Bir necha futbolchilar Avstraliya O‘zbekistonga qarshi bahsda oldingi ikki o‘yindan ancha yaxshiroq harakat qilishga va’da berishdi. Bosh murabbiy ham bu o‘yinni muhim deb atadi...

- Ha, Grem Arnold o‘yin juda muhimligini ta’kidladi. Aslida esa bu o‘yin Avstraliya uchun unchalik ham muhim emas. Terma jamoa allaqachon keyingi bosqichga chiqib bo‘lgan. O‘zbekistonga qarshi o‘yinda o‘zgarish qilib, tarkibdagi boshqa o‘yinchilarga imkoniyat bersa bo‘ladi. Nimchorak finaldan boshlab qaysi jamoaga qarshi o‘ynash unchalik ham ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Maqsad Osiyo kubogini qo‘lga kiritish bo‘lganidan keyin raqib tanlashdan ma’no yo‘q.

- Umuman, Avstraliyada Osiyo kubogini qo‘lga kiritish imkoniyati qanchalik yuqori?

- Bu juda qiyin bo‘ladi. Avstraliyaning himoyasi a’lo darajada, bundan muammo yo‘q. Raqib jamoa sizga gol ura olmasa, mag‘lubiyatga uchramaysiz. Biroq hujum qilish va gol urish borasida Avstraliya termasi kuchliroq jamoalar bilan o‘yinda ancha qiynaladi. Gol o‘tkazib yuboriladigan bo‘lsa, o‘yinga qaytish oson bo‘lmaydi. Hujumchimiz 36 yoshda...

- O‘zbekiston terma jamoasi haqida nima deya olasiz? Ularning ushbu Osiyo kubogidagi o‘yinlarini tomosha qildingizmi?

- Afsuski, hali O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinida bo‘lmadim, ammo ularni kuzatib boryapman. O‘zbekiston va Avstraliya guruhning eng yaxshi terma jamoalari hisoblanadi. Suriyaga qarshi o‘yinda O‘zbekiston termasi g‘alaba qozonish uchun harakat qildi, ammo buni uddalay olmadi. Hindistonga esa Avstraliyadan ko‘proq gol urishning uddasidan chiqdi. Bu o‘yin Avstraliya uchun guruhdagi eng qiyin bahs bo‘lishi turgan gap.

- Avstraliya terma jamoasining himoyasini juda kuchli, deb aytib o‘tdingiz. O‘zbekiston bu himoyani qanday yorib o‘tishi mumkin?

- Hamma narsani iloji bor, albatta. Suriya Avstraliya bilan o‘yinda faqatgina bir marta darvozaga aniq zarba bera oldi. U ham bo‘lsa 30 metr uzoqlikdan. O‘zbekiston raqib himoyasiga bosim qila oladi. Avstraliya himoya chizig‘i xatoga yo‘l qo‘ysa, O‘zbekiston gol urishi mumkin. Biroq Avstraliyaning himoya chizig‘i juda tarkibli ekanini yana bir bor ta’kidlash joiz. Avstraliya yettita o‘yindan beri gol o‘tkazmayapti.

Jalolxon Inog‘omxo‘jayev suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Avstraliyalik jurnalist: "Hujumdagi o‘yinimizdan ko‘pchilikning ko‘ngli to‘lmayapti, himoyamiz esa juda mustahkam"