Tan olish lozim, oxirgi yillarda o‘zbek futbolida har jihatdan ko‘tarilish va rivojlanish kuzatilyapti. Ayniqsa, tashqaridan qaraganda, bu sezilyapti. Ichki infratuzilmalar yaxshilanyapti, sharoit hamda imkoniyatlar yaratilyapti. Ushbu holat esa xorijlik mutaxassislarni ham bee’tibor qoldirayotgani yo‘q. O‘zbek futbolini kuzatib borayotganlar talaygina.
Sports.uz sayti shu kabi mutaxassislardan biri bo‘lgan braziliyalik mutaxassis bilan bog‘landi. Bu Jokimar Kamargo bo‘lib, Braziliyada bir qator jamoalarda ishlagan. Qolaversa, Rossiyada va yana boshqa joylarda futbol akademiyalarida ham muvaffaqiyatli ish olib borgan.
35 yoshli mutaxassisga ham yurtimiz futboli va uni kuzatish yoqadi. U Skolari va Tite kabi tajribali mutaxassislardan ham malaka oshirgan.
Quyida ushbu murabbiy bilan uyushtirilgan suhbatni o‘qishingiz mumkin.
- Janob Kamargo, avvalo muxlislarimizga o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz...
- Men 35 yoshdaman, professional murabbiyman. Hozirda Braziliyada istiqomat qilaman. Menga futbol va unda g‘alaba qozonish juda ham yoqadi. G‘alaba qozonuvchi jamoalarni tashkil qilishni hamda shakllantirishni nihoyatda yoqtiraman. Aytishim mumkinki, qisqa muddatda natijalar olib kelishim mumkin. Bu balki mening yoshligim va ko‘pincha jamoalarimda o‘zimdek yoshroq atletlar bilan ishlaganim bilan bog‘liqdir. Balki futbolchilarga bo‘lgan munosabatim va ularga nisbatan talabchanligim bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin hech qachon o‘z klubimlarim bilan ishlashda muammoga duch kelmaganman.
- Bilishimcha, siz O‘zbekistonga yaqin joyda ishlagansiz va yurtimiz futbolidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bu haqida nima deya olasiz?
- Oxirgi ikki-uch yilda Braziliyada o‘zbek futboli haqida yaxshi gaplar eshitdim. O‘ziga yarasha kuchli liga ekan. Umid qilamanki, tez orada jahonning raqobatbardosh ligalari bilan kurash olib boradilar. Mening maqsadlarimdan biri mazkur ligada kun kelib ishlash imkoniyatiga ega bo‘lish.
- Yurtimizda o‘zingizni sinab ko‘rmoqchimisiz? Masalan, o‘z tajribangiz bilan yosh o‘yinchilarni kashf qilish haqida o‘ylayapsizmi?
- Rosti, O‘zbekistonda ishlashni xohlagan bo‘lardim. Oldin aytib o‘tganimdek, bir necha yildan so‘ng o‘zbek chempionati dunyoni yetakchilari qatorida bo‘lishi mumkin, bunga aminman. O‘zbekiston haqida internet orqali ko‘plab ma’lumotlarni ko‘rdim. Ko‘rganlarim bo‘yicha o‘zbek futbolchilarida rivojlanish uchun juda yaxshi imkoniyat va salohiyat mavjud.
- Bilaman, sizga yangi sarguzashtlar yoqadi, shunday emasmi?
- Men yangi madaniyatlarni o‘rganib borishni juda yoqtiraman. Mening qiziqishim esa futbolga bog‘liq. Bu inson hayotini butunlay o‘zgartirib yubora oladigan sport turi. Aynan futbol orqali kun kelib O‘zbekiston madaniyati haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishni xohlagan bo‘lardim. Bilamanki, O‘zbekistonda juda ko‘p chiroyli joylar bor.
- Futbol akademiyalarida ham ishlagansiz. Katta klublarni ham boshqarish niyatingiz bormi yoki yoshlar bilan ishlash sizga yoqadimi?
- Men qaysi divizionda ishlashimdan qat’iy nazar professional klublar bilan ishlashni yoqtiraman va shu imkoniyatlarni qidiraman. Aminmanki, mening ishim jamoaga yaxshi natijalar va hatto Kuboklar ham olib kelishi mumkin. O‘zidan juda ko‘p narsani talab qiladigan insonman. Bilamanki, klub menga pul to‘layotgan ekan, nima bo‘lishidan qat’tiy nazar ularga yaxshi natijalarni olib kelishim kerak. Bu yaxshi natijalar esa birinchi kundanoq kelishni boshlashi lozim. Men shu kabi qiyin vazifalarni yoqtiraman. O‘z jamoamni ham doim qiyinchiliklar bilan toblab borishni yaxshi ko‘raman. Ulardan o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishni xohlayman. Buni menga faqat professional futbolchilar amalga oshirib berishi mumkin. Shuning uchun ham professional futbol klublarini boshqarishga harakat qilaman. Yosh o‘yinchilarni yoqtiraman, lekin, baribir mening maqsadim professional klub bilan ishlashda davom etish.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasini kuzatib turasizmi?
- O‘zbek futboli bilan mahalliy klublarni kuzatish orqali qiziqib qoldim. Ularda ajoyib iste’dodli o‘yinchilar borligini va ularning potensiali yuqoriligini ko‘rdim. O‘zbekistonni keyingi jahon chempionatida ko‘rishni juda istagan bo‘lardim. Albatta, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlayman. Tabiiyki, ushbu jamoaning kuchli futbolchilari o‘zbek futboli va xalqiga mundialda qatnashish baxtini ilk bor taqdim eta olishadi.
- Sizni Skolari va Tite bilan nima bog‘lab turadi?
- Skolarida jamoa bilan ishlash metodi biroz qattiqqo‘lroq. Uning jamoalari va undagi futbolchilari buyuk ota sifatida bilishadi. Lekin Tite biroz xotirjam, bosiq va aqlli murabbiy hisoblanadi. Ammo fikrimcha, Skolari ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishgan. To‘g‘risi, har bir murabbiydan qaysidir jihatlarini olishga harakat qilaman. Biroq o‘yinchilarga dakki berishi va ular bilan munosabatim xuddi Skolarinikiga o‘xshaydi. Bu kabi o‘yinchilar bilan biroz qattiqqo‘lroq munosabatda bo‘lish bu atletning professional jihatdan o‘sishi uchun juda ham kerak. Boshqa tarafdan men Tite kabi to‘g‘ri so‘zman. O‘yinchilar bilan birgalikda yaqinlikni va samimiylikni yaxshi ko‘raman. Hech qachon assosiz ravishda dakki berishlarni qilmayman. Bu kabi narsalar jamoani bir kuch bilan ushlab turishda katta xizmati bor. Jamoa ichida hech qachon yolg‘on bo‘lmasligi kerak.
- Oxirgi paytlarda qaysi o‘zbek o‘yinchilarini sizga ko‘proq yoqyapti?
- Men hujumchi Igor Sergeyevni kuzatib boraman. Uni yaxshi o‘yinchi deb hisoblayman. Menga Masharipovni o‘yini ham yoqadi. U zo‘r futbolchi. To‘g‘risi, Braziliyada u kabi xarakterdagi futbolchiga extiyoj sezyapmiz, deb aytishim mumkin.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring