20:44 / 28.01.2024
807

Eldor Shomurodov faoliyatida yangilik bo‘lishi kutilyapti!

Eldor Shomurodov faoliyatida yangilik bo‘lishi kutilyapti!
Eldor Shomurodov maydonga qaytishiga oz qoldi. Dekabr oyida mashg‘ulot chog‘ida o‘ng oyoq barmog‘ini sindirib olgan hujumchimiz operatsiyadan keyin ikki oy davolanishi lozimligi aytilgandi.

“Kalyari” faoliyatini yoritib borayotgan cagliarinews24.com sayti jurnalisti Eliya Serra o‘zbek legioneri jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lish arafasida turganini va tez orada maydonga qaytishga tayyorlanayotganini yozdi.

Shomurodovning futbolga qaytishi yangi o‘zgarishlarga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bir necha manbalarning ta’kidlashicha, “Kalyari” qishki transferlar oynasining so‘nggi kunlarida “Roma” bilan ikki o‘yinchi borasida kelishuvga erishmoqchi.

Birinchi navbatda, “Kalyari” yangi markaziy olishga qaror qilgan. Yozda jamoaga qo‘shilgan Mateush Viteska va Pantelis Hatsidiakos bosh murabbiy Klaudio Raneri kutgan o‘yinni namoyish qilolmadi.

Shuning uchun sardiniyaliklar “Roma”dan albaniyalik himoyachi Marash Kumbullani ijaraga olishni maqsad qilgan. 23 yoshli markaziy himoyachi og‘ir jarohat olgani bois joriy mavsum hali biror marta maydonga tushgani yo‘q. Salomatligini endigina tiklagan futbolchi “Roma”ning asosiy tarkibiga kira olmasligi aniq. Buni inobatga olgan “Kalyari” mutasaddilari poytaxtliklardan qulay shartlar asosida Kumbullani ijaraga berishni so‘ramoqda.

Har ikki klub rahbariyati shu kunlarda Eldor Shomurodov masalasini ko‘rib chiqishi ham kun tartibiga kiritildi. O‘zbek hujumchisi yozda keyinchalik 9 million yevroga sotib olish huquqi bilan “Kalyari”ga ijaraga olingandi.

Eldor sport formasini tiklashga ko‘p vaqt sarfladi va hali “Kalyari” safida biror marotaba gol urgani yo‘q. Qolaversa, og‘ir jarohat olib, ikki oy davomida maydondan tashqarida yurgan hujumchi hozir qanday formada ekani noma’lum.

Umuman olganda, sardiniyaliklar Shomurodov transferi o‘zini oqlamadi, degan fikrda. Chunki eng ko‘p maosh olayotgan o‘yinchilar ro‘yxatidan o‘rin olgan Eldor jamoaga katta foyda keltirgani yo‘q. Shuning uchun ham “Kalyari” legionerni muddatidan oldin “Roma”ga qaytarishga harakat qilyapti.

- “Kalyari” va “Roma” aloqalari yana qizg‘in pallaga kirdi. Bu ikki jamoa transfer bozorining so‘nggi kunlari o‘yinchi almashishi kutilyapti. Birinchi navbatda, Eldor Shomurodov ketadi. Bu mavsum hujumchi o‘zini ko‘rsata olmadi. Chempionat va kubokda 13 ta uchrashuvda atigi ikkita golli pas uzatdi xolos. Bu ko‘rsatkichlar Klaudio Raneri uchun kamlik qiladi. Shu bois, u Rimga qaytarilishi kutilmoqda, - deb yozdi cagliarinews24.com sayti jurnalisti Andrea Piras.

- Rim va Sardiniya klublari oldi-berdisi bu bilan tugamaydi. Marash Kumbulla Shomurodov o‘rniga “Kalyari”ga yo‘l olishi mumkin. Albaniyalik himoyachi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun jamoani o‘zgartirishga tayyor.

“Kalyari”ning transfer bozoridagi bu rejalarini amalga oshirishiga klub prezidenti Tomazzo Julini rozilik bergan
, - deb yozdi yana bir manba – La Gazzetta dello Sport gazetasining eksperti Franchesko Vellutssi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Eldor Shomurodovga hamyurtimizning Italiyadagi birinchi jamoasi – “Jenoa” ham qiziqish bildirgandi. Biroq genuyaliklar hozirgacha transfer bo‘yicha aniq taklif bildirgani yo‘q.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov faoliyatida yangilik bo‘lishi kutilyapti!