Osiyo kubogi-2023 tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekiston milliy jamoasi nimchorakfinal doirasida Tailandga qarshi saf tortadi. Ushbu raqib musobaqada darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan yagona jamoa sanaladi.
Saralashdagi raqib
O‘zbekiston milliy jamoasi bugungi raqib – Tailand bilan so‘nggi o‘yinini 2022 yilning 14 iyun kuni Osiyo kubogi saralashi doirasida Namanganda o‘tkazgan va 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, Qatardagi final bosqichiga peshqadam sifatida yo‘llanma olgandi. Vodiyda o‘tgan saralash o‘yinida Jaloliddin Masharipov va Azizbek Turg‘unboyevning goli vakillarimizga g‘alaba keltirgandi. O‘zbekiston guruh bosqichida Shri-Lanka (3:0), Maldiv (4:0) va Tailandni (2:0) mag‘lub etgan holda Osiyo kubogiga yo‘llanma olgan bo‘lsa, Tailand guruhda 6 ochko bilan 2-o‘rinni egallab, turnirda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.
Qatarda gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa
Tailand milliy jamoasi Osiyo kubogi-2023 turnirida F guruhidan o‘rin olib, Saudiya Arabistoni (0:0), Ummon (0:0) va Qirg‘iziston (2:0) bilan bahslarda bir g‘alaba va ikki durang qayd etgan holda guruhda Saudiyadan keyingi 2-o‘rin bilan nimchorakfinal bosqichiga yo‘llamani qo‘lga kiritdi. Eʼtiborlisi, yaponiyalik murabbiy Masatada Isii boshqaruvidagi jamoa ushbu turnirda hozircha o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. O‘zbekiston bu borada turnirdagi birinchi jamoaga aylanishi mumkin.
Raqib jamoa himoyada ancha tartibli o‘ynay olishini Qirg‘iziston, Ummon va Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinlarda namoyish etgan bo‘lsa-da, hujumkorlik masalasida yetarlicha muammolarga ega. Tailar qirg‘izlarga qarshi bahsda Jaydedning dubli evaziga g‘alaba qozongach, so‘nggi ikki bahsda Ummon va Saudiya darvozasiga yo‘l topa olishmadi.
Tarkiblar bahosi: O‘zbekiston Tailanddan qimmatroq
O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibining nomdorligi jihatdan Tailanddan ustun. Buni Transfermarkt portalida ikki jamoa o‘yinchilarining qiymatini taqqoslab ham bilish mumkin. Xususan, O‘zbekiston milliy jamoasining umumiy qiymati 25,5 million yevroni tashki etsa, Tailand bu borada 10,05 narxga ega.
Futbolchilarning alohida transfer bahosi bo‘yicha ham hamyurtlarimiz ustunlikka ega. Abbosbek Fayzullayev milliy jamoamizning ayni paytdagi eng qimmatbaho o‘yinchisi sanalsa, raqib tarkibida jamoa to‘purari bo‘lib turgan Supachai Jayded eng qimmat futbolchi sanaladi.
O‘zbekistonning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:
1. Abbosbek Fayzullayev (SSKA) – 4 mln yevro
2. Otabek Shukurov (erkin agent) – 2,5 mln yevro
3. Jaloliddin Masharipov (Panserraikos) – 1,5 mln yevro.
Tailandning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:
1. Supachai Jayded (Buriram Yunayted) – 1 mln yevro
2. Supachok Sarachat (Xokkaydo) – 800 ming yevro
3. Supanat Muenta (Leven) – 800 ming yevro.
Juftlik g‘olibini Qatar kutmoqda
O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibini chorakfinalda Qatar kutmoqda. Turnir mezboni 1/8 finalda dushanba kuni Falastin ustidan g‘alabaga (2:1) erishdi va 1/4 finalga chiqdi. Chorakfinaldagi Qatar va O‘zbekiston/Tailand juftligi g‘olibini esa yarimfinalda Eron yoki Yaponiya singari turnir favoritlaridan biri qarshi olishi ehtimoli katta.
O‘yinni malayziyalik hakam boshqaradi
Osiyo kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Tailand o‘yinini malayziyalik Muhammad Nazmi bin Nasaruddin bosh hakam sifatida boshqaradi.
Unga hamyurtlari Muhammad Zairul hamda Arif Shamil yordam berishsa, zaxira hakami sifatida Ahmad Abu Bakar Said al-Kaf ishlaydi. Shuningdek, uchrashuv VAR hakami vazifasini Omar Muhammad Ahmad (BAA) bajarsa, AVAR sifatida saudiyalik Xolid Solih Alturais ishlashi ko‘zda tutilgan.
Eʼtiborli tomoni, ushbu hakam OCHL guruh bosqichining 3ta turida o‘zbek klublari ishtirokidagi bahslarda hakamlik qilgan va vakillarimiz bu bahslarda mag‘lub bo‘lmagan. U turnirning 2-turida “Navbahor” – «Mumbai Siti» (3:0), 4-turida “Ahal” – “Paxtakor” (1:1) hamda 6-turda «Mumbai Siti» – “Navbahor” (1:2) uchrashuvida ishlab, cho‘ntagidan jami 32 marta sariq kartochka, 4 bor qizil kartochka chiqargan va 3 marta 11 metrlik jarima zarbasi belgilagan.
Anons. Osiyo kubogi-2023. 1/8 final
O‘ZBEKISTON – TAILAND
30 yanvar | 16:30 (Toshkent vaqti)
Doha, “Al-Janub” stadioni.
TV-translyatsiya: “Cport”. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”