01:54 / 02.03.2024
202

Ro‘ziqul Berdiyev: "Rahbariyat jamoa oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygan..."

Ro‘ziqul Berdiyev: "Rahbariyat jamoa oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygan..."
Superliga birinchi turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Olimpik" uchrashuvidan so‘ng (2:0) mezbonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O‘yin haqida
– O‘yinni yaxshi boshladik. Birinchi bo‘limni o‘rtalariga kelib o‘yinimizda pasayish bo‘ldi. Bunga "Olimpik" jamoasining harakatlari sabab bo‘ldi, albatta. Chunki "Olimpik" to‘p nazoratiga e’tibor qaratdi. Ikkinchi bo‘limda ba’zi o‘zgarishlar qildik, g‘alabamizga aynan shu o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Bugun asosiy e’tiborimizni havodan kelib chiqib standard vaziyatlarga qaratgandik. Asosiysi g‘alabaga erishdik.

– Islom Kenjaboyev va Oybek Bozorovning qachon safga qaytishi ma’lummi?
– Oybek yelkasidan jarohat olib, yengil operatsiyani o‘tkazdi. Uning o‘zi tezroq safga qaytishni istamoqda, ammo u ikkinchi, uchinchi turlarni o‘tkazib yuborishi kerak bo‘ladi. Kenjaboyev esa hech qanday mashg‘ulotsiz bir oy ichida jarohatdan da’volanishi kerak edi. Bu muddat tugab bormoqda. Nasrullayev ham jarohatini tuzatishga harakat qilmoqda. Bu o‘yinchilarning yo‘qligi o‘yinimizga ta’sir qilmoqda. Har bir o‘yinga imkoniyatimizdan kelib chiqib tarkib tanlayapmiz.

– Da Silva ikkita golga ham assistentlik qildi. Uni birinchi bo‘limda nega tushirmadingiz?
– U ikki kun oldingi rejamizga ko‘ra boshlang‘ich tarkibda tushishi kerak edi. Biroq, bugungi ob-havoda o‘yin kurashlarga boy bo‘lishidan kelib chiqib texnikaga tayangan futbolchilarga urg‘u bermadik. Lekin ko‘rdingiz u vaziyatlar yaratish bo‘yicha juda yaxshi harakat qildi. Bu hali boshlanishi, u jamoamizga moslashib bormoqda.

– Bu yil jamoaga qanday vazifa qo‘yildi? "Nasaf" bu yil chempion bo‘lishi uchun hamma narsa yetarlimi?
– Ha, aniq maqsad qo‘yildi. Har yili katta natijalarni maqsad qilamiz, ammo hali chempion bo‘lmaganmiz. Rahbariyat aynan shu maqsadni bu yil oldimizga qo‘ygan. Har yili nimadir yetmay qolardi. O‘yinimizni yanada yaxshilashimiz kerak. Shu tariqa maqsadimiz tomon harakat qilamiz. Balki, bu o‘yinchilarga bosim yuklar, ammo bizga bu muammo bo‘lmasa kerak. Hamma o‘yinchilarimiz bosimga tayyor. OCHL o‘yinida ham potansialimiz qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatdik. Agar Oybek, Sherzod, Kenjaboyevlar bo‘lganda balki natijamiz bundanda yaxshiroq bo‘lardi. OCHL o‘yinida zaxiradan o‘yinni kuchaytira olmaganimizni ko‘rdingiz.

– "Nasaf"ning yangi mavsumdagi tarkibidan qanchalik ko‘nglingiz to‘ldi? Ko‘pchilik jamoa juda kuchli tarkibga ega ekanini ta’kidlamoqda...
– Bu fikrga unchalik ham qo‘shilmayman. Bizdagi o‘yinchilar bir o‘zi barcha narsani hal qiladigan tipdagi futbolchilar emas. Shu sabab ham jamoaviy o‘yinga e’tiborni qaratishimiz kerak. Biz nimaga erishgan bo‘lsak, jamoa bilan erishganmiz. Terma jamoadagi o‘zimizga yaqin bo‘lgan o‘yinchilarni taklif qilgandik, ammo ularni qo‘lga kirita olmadik. Ba’zilari boshqa jamoani tanladi, ba’zilari talab qilgan shartlarni biz bajara olmadik. Birinchi davragacha hozirgi tarkib bilan harakat qilamiz.

– Yuqorida sanagan futbolchilar aynan kimlar ekanligini ayta olasizmi? Siz eng ko‘p xohlagan, ammo jamoaga kelmagan o‘yinchi kim?
– Buni yashiradigan joyi yo‘q. Ko‘pchilik biladi ham. Hamrobekovni jamoada ko‘rishni juda istagandik. Farruh Sayfiyevni ham qo‘lga kiritishni ham xohlagandik. Yana boshqa o‘yinchilar bor edi rejamizda, ammo ularning nomini aytmayman. Ma’lum sabablarga ko‘ra ular boshqa jamoani tanlashdi. O‘zimga yaqin bo‘lgan o‘yinchilarning nomini aytdim.

– Bu yil yosh futbolchilardan kimnidir kashf qilish niyati bormi?
– Rostini aytsamiz, oxirgi yillarda yosh futbolchilarga kamroq e’tibor qaratdik. Bunga jamoa oldiga qo‘ygan yuqori maqsadlar, OCHL o‘yinlari, sovrinlar uchun katta kurash sabab bo‘ldi. Hozirda Zafarmurod, Alibeklarni ko‘proq o‘yinlarga jalb qilyapmiz. Biz o‘rinbosarlar tarkibiga 2005-2006 yillarda tug‘ilgan futbolchilarni ko‘proq o‘ynatishga urg‘u beryapmiz. O‘sha futbolchilar ertangi o‘yinlarda qatnashadi. Bu yerdagi tarkibimiz kattalardan iborat bo‘lgani sabab, o‘rinbosarlar tarkibida yoshlarga imkoniyat qaratamiz. Bu ertangi kun uchun qilingan ish bo‘ladi.

– "Nasaf" keyingi turda "Paxtakor"ga qarshi Toshkentda o‘yin o‘tkazadi. Bu o‘yinga qanday qaraysiz?
– "Paxtakor" har doim – "Paxtakor". Chempion jamoa. Safarda o‘ynaymiz, oson bo‘lmaydi. Oxirgi yillarda "Paxtakor" bilan yomon natija ko‘rsatmayapmiz. Muhim o‘yinlardan biri bo‘ladi.

– Murodbek Rahmatov oltinchi raqamni olishida sizning o‘rningiz qanday? Chunki o‘zingiz ham shu raqamda harakat qilgansiz...
– Ba’zi bir futbolchilar o‘zlari tashabbus ko‘rsatishadi. Aziz G‘aniyev ham oltinchi raqamda o‘ynashni mendan so‘ragan. Men o‘shanda "olaver, bu mening shaxsiy raqamim emas", - deganman. Shunday ekan, bu raqamda istasa harakat qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Rahbariyat jamoa oldiga chempionlik vazifasini qo‘ygan..."