23:43 / 05.03.2024
385

"Navbahor" - "Dinamo" uchrashuvidagi ikkita qaror noto‘g‘ri deb topildi

"Navbahor" - "Dinamo" uchrashuvidagi ikkita qaror noto‘g‘ri deb topildi
Kecha, 4-mart kuni O‘zbekiston Superligasining yangi, 2024 yilgi mavsumi ilk turi o‘z nihoyasiga yetdi. An’anaga ko‘ra, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi tur yakunlangach, Ekspert-hakamlar komissiyasining yangi mavsumdagi birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Dastlabki tur o‘yinlarida jami 10 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi: quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qaror bilan tanishishingiz mumkin.

1-vaziyat: “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvi, ehtimoliy qizil kartochka

Chempionatning ochilish uchrashuvi 14-daqiqasida “Navbahor”ning 9-raqamli futbolchisi Odil Hamrobekov to‘p uchun kurashda raqib jamoaning 10-raqamli a’zosi Joel Kojoga nisbatan qo‘pol o‘yin namoyish etgan. Bosh hakam ehtiyotsiz o‘yin uchun Hamrobekovga sariq kartochka ko‘rsatgan. VAR hakamlari takroriy lavhalarni har xil rakursdan ko‘rib chiqib, kontakt yaqqol ko‘ringan kadrni topa olmagach, bosh hakamning qarorini qo‘llab-quvvatladi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Hakamlar jamoasining qarori to‘g‘ri deb topildi

2-vaziyat: “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvi, ehtimoliy penalti

Uchrashuvning 1-bo‘limiga qo‘shib berilgan daqiqalarda “Dinamo”ning 8-raqamli futbolchisi Xislat Halilov mezbonlar jarima maydonchasi ichida to‘p uchun kurashib, raqib oyog‘iga chalinib yiqilgan. Ushbu vaziyatda bosh hakam Namangan klubi a’zosi to‘pga birinchi tekkan, deb hisoblab, o‘yinni davom ettirishga ruxsat bergan. Biroq, Ekspert-hakamlar komissiyasi bu vaziyatda himoyalanayotgan futbolchi ehtiyotsizlik namoyish etganini hisoblab, penalti belgilanishi to‘g‘ri qaror bo‘lishini qayd etishdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Hakamlar jamoasining qarori noto‘g‘ri deb topildi.

3-vaziyat: “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvi, mezbonlar foydasiga penalti

O‘yinning 82-daqiqasida “Dinamo” jarima maydonchasi ichida 26-raqamli himoyachi Sharafutdinov raqib a’zosi Ismoilovga nisbatan qo‘pollik namoyish etgach, u yiqilgan. Dastlab bosh hakam Rahimbek Karimov o‘yinni davom ettirishga ruxsat bergan. VAR hakamlari ushbu vaziyatni takroran ko‘rib chiqib, bosh hakamni monitor oldiga chaqirgan. So‘ngra bosh hakam takrorlarni ko‘rib chiqqach, 11 metrlik jarima zarbasi belgilab, qoida buzgan futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatgan.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Penalti to‘g‘ri qo‘yilgan, jarima maydonchasi ichida haqiqatdan ham qo‘pol o‘yin kuzatilgan. Biroq, bosh hakam tomonidan ko‘rsatilgan sariq kartochka noto‘g‘ri berilgan.

4-vaziyat: “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvi, “Dinamo” darvozasiga ehtimoliy penalti

Uchrashuvning 90+7-daqiqasida “Navbahor”ning 11-raqamli futbolchisi Asad Sobirjonov tezkor qarshi hujum chog‘ida ortidan kelayotgan raqib himoyachisi bilan to‘p uchun kurashdan so‘ng jarima maydonchasi ichida yiqilgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi bu vaziyatda to‘p uchun tabiiy kurash kechgani va himoyachi to‘pga birinchi tegib, shundan so‘ng hujumchi va uning o‘rtasida kontakt bo‘lganini qayd etdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: O‘yin davom ettirilishi to‘g‘ri qaror. Hakamlar jamoasining qarori to‘g‘ri deb topildi.

5-vaziyat: “Nasaf” – “Olimpik” o‘yini, 2-sariq kartochka, chetlatish

Qarshidagi uchrashuvning 83-daqiqasida “Olimpik”ning 18-raqamli futbolchisi Abdirasulov raqib hujumchisini qo‘pollik bilan bartaraf qilgani bois bosh hakam Aziz Asimov tomonidan o‘yindagi 2-sariq kartochkasini olib, maydondan chetlatilgan.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Sariq kartochkasi bor futbolchi istiqbolli hujumni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolgani uchun maydondan asosli chetlatilgan. Hakamlar jamoasining qarori to‘g‘ri deb topildi.

6-vaziyat: “Lokomotiv” – “Metallurg” bahsi, mehmonlarning goli

Uchrashuvning 43-daqiqasida mezbonlar jarima maydonchasi ichida to‘p uchun kurash chog‘ida to‘qnashuv yuzaga kelgan, bu paytda 70-raqamli himoyachi qo‘li bilan to‘pga o‘ynagan. Shundan so‘ng, VAR hakamlari bosh hakamni ekran yoniga chaqirgan. Yakunda bosh hakam Olim To‘ychiboyev 11 metrlik nuqtaga ishora qilgan.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: VAR vaziyatga aralashib, to‘g‘ri qilgan. Hakamlar jamoasining qarori to‘g‘ri deb topildi.

7-vaziyat: “Lokomotiv” – “Metallurg” bahsi, mehmonlarning ehtimoliy penalti

Bahsning 89-daqiqasida mehmonlar hujumi chog‘ida “Lokomotiv”ning 2-raqamli futbolchisi A. Abdurashidovning qo‘liga to‘p tekkandek ko‘ringan. Bosh hakam uchrashuvni davom ettirishga ruxsat bergan, VAR takroriy lavhalar orqali himoyachining qo‘li tabiiy holatda bo‘lganini qayd etgan.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Qo‘l tabiiy holatda bo‘lgan, bu vaziyatda penalti yo‘q. Hakamlar jamoasining qarori to‘g‘ri deb topildi.

8-vaziyat: “Surxon” – “Paxtakor” bahsi, mezbonlarning bekor qilingan goli

Toshkentdagi bahsda “Paxtakor” darvozasiga urilgan ushbu gol birinchi yordamchi hakam tomonidan ofsayd, deya qayd etilgan. VAR hakamlari takroriy lavhalar orqali chiziq tortib, ushbu vaziyatda o‘yindan tashqari holat borligini tasdiqlagan.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: VAR hakamlari tomonidan tortilgan chiziq ham barchasini isbotlab turibdi, gol ofsayddan urilgan. Hakamlar jamoasining qarori to‘g‘ri deb topildi.

9-vaziyat: “Surxon” – “Paxtakor” bahsi, ehtimoliy penalti

Ushbu vaziyatda dastlab o‘yinni davom ettirgan bosh hakam Abdurashid Xudoyberganovni VAR hakamlari ehtimoliy penalti sababli ekran yoniga chaqirgan. Takrorlarni ko‘rib chiqqan bosh hakam to‘p uchun tabiiy kurash ketgan, deb hisoblab, o‘z qarorini o‘zgartirmagan.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bosh hakam o‘z qarorida qolib to‘g‘ri qilgan, bu vaziyatda to‘p uchun tabiiy kurash sodir bo‘lgan. Hakamning qarori bir ovozdan to‘g‘ri deb topildi.

10-vaziyat: “Surxon” – “Paxtakor” bahsi, ehtimoliy jarima zarbasi

Uchrashuv 2-bo‘limida “Surxon” hujumchisi raqib darvozaboni bilan deyarli birga-bir vaziyatga chiqdi. To‘p uchun oldinga chiqqan darvozabon hujumchi bilan jarima maydonchasi tashqarisida to‘qnashdi va hujum to‘xtatildi. Bosh hakam Abdurashid Xudoyberganov uchrashuvni davom ettirishga ruxsat berdi.

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Darvozabon to‘pga o‘ynagan, shundan so‘ng hujumchi bilan kontakt sodir bo‘lgan. Bu vaziyatda o‘yin davom ettiriladi. Bosh hakamning qarori to‘g‘ri deb topildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Navbahor" - "Dinamo" uchrashuvidagi ikkita qaror noto‘g‘ri deb topildi