21:58 / 08.03.2024
199

Ro‘ziqul Berdiyev: "Jamoamning o‘yinidan ko‘nglim to‘lmadi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Jamoamning o‘yinidan ko‘nglim to‘lmadi"
“Paxtakor” – “Nasaf” (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlarning savollariga javob berdi.

- Bugungi o‘yinni epizodlarga bo‘lsak bo‘ladi. Umumiy qilib olsak, ikkala jamoa yutqazishni xohlamadi, bizga shunday tuyuldi. Tavakkal qilib, pozitsion hujumlarga ko‘p berilmadi, jamoalar. Shunga qaramasdan ikkala klub ham vaziyatlar yaratdi. Muxlislar kutgan gol bo‘lmadi. Teng kurashlar ostida o‘tdi, desak bo‘ladi. Ammo jamoamning bugungi o‘yinidan unchalik ko‘nglim to‘lmadi. Nimaga deganda, balki jamoa ruhiy tarafdan qandaydir bosim bilan harakat qilgandek bo‘ldi va bu o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga xalaqit qildi.

- Bosim haqida gapirdingiz. Odatda, “Nasaf”da mavsum boshida bosim kuzatilmasdi. Balki buning sababi jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilgani bilan bog‘liqdir...
- Yo‘q, bu chempionlik bilan bog‘liq emas. Biz boshida yigitlar bilan gaplashganmiz. Albatta, chempionlik vazifasi qo‘yilgani yaxshi. Bu bizni va futbolchilarni xursand qilyapti. Shunaqa paytlar bo‘lganki, klub oldiga hech qanaqa maqsadlar qo‘yilmagan. Faqat yaxshi ishtirok etish to‘g‘risida gapirilardi. Jamoamiz va futbolchilarga bo‘lgan e’tibordan xursandmiz. Bosimda harakat qilganimiz bu yigitlar g‘alabani ko‘proq xohlagani bilan bog‘liq. Shu bois ayrim epizodlarda o‘yinchilarimizda bosimni ko‘rdim. Oldimizga qo‘yilgan maqsadni bugungi uchrashuvga aloqasi yo‘q. Chempionat endi boshlandi. Bosim mavsum oxiriga kelib ta’sir qilishi mumkin.

- “Nasaf” doim to‘pni nazorat qiladigan va qisqa paslar bilan o‘ynaydigan jamoa. Lekin bugun ayniqsa, birinchi bo‘limda buning aksini ko‘rdik. Bu nima bilan bog‘liq? Ikkinchi savolim esa Abduvohid Ne’matov bilan bog‘liq. U birinchi bo‘limda ko‘p braklar qildi. U bilan tanaffusda gaplashib oldingizmi?
- O‘yinga tayyorgarligimiz ko‘proq himoyaga qaratilgandi. To‘pni nazorat qilish asosiy vazifamiz emasdi. Faqat Abduvohidda emas, boshqa o‘yinchilarimizda ham braklar bo‘ldi. Yechinish xonasida gaplashdik. Bu ham ruhiyat bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Agar birinchi to‘plarni boshlab bermasangiz nazorat qilish qiyin. “Paxtakor” to‘pni ko‘proq nazorat qildi. Biz ularga ko‘proq imkoniyat yaratib berdik. O‘zimizni xatolarimiz evaziga “Paxtakor” ko‘proq to‘pga egalik qildi.

- Legionerlardan ko‘p narsa kutiladi. “Nasaf”ga oxirgi paytlarda kelayotgan ko‘p legionerlarga barqarorlik yetishmayapti. Bugun legionerlarda hech narsa o‘xshamadi.
- Jamoani o‘yini yaxshi ketmasa, bu hammaga ta’sir qiladi. Lekin bilamiz, klubga taklif qilgan legionerlarni yordami tegadi. O‘tgan uchrashuvda o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni yaxshi bajarishgandi. Balki bugun himoyaviy taktikani tanlaganimiz ta’sir qilgandir. Lekin biz ochiq futbol taklif qila olmasdik. Oxirgi uchrashuvlarda deyarli bir tarkib bilan o‘ynayapmiz. Shu bois ayrim futbolchilarda yengillik yo‘qdir, buni bugun ham ko‘rdik. Hali uchrashuvlarimiz ko‘p. Legionerlarni yordami tegadi. Esdan chiqarmanglar, ko‘p joylarda legionerlarimiz hal qilgan paytlari ham bor. Bizda legionerlar har doim ishonchni oqlagan, bundan keyin ham oqlashadi, bunga ishonamiz.

- Shaxsiy fikrim, “Nasaf” jismoniy jihatdan “Paxtakor”ga yutqazdi. Bunga fikringiz?
- Oxirida biz ko‘proq hujum qildik, menimcha. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Biz “Paxtakor”ga nisbatan ko‘proq o‘yin ham o‘tkazdik. Buni ham hisobga olish kerak. Lekin oxirida menimcha, biz ko‘proq hujum qildik. “Paxtakor” yaxshi himoyalanib, bir-ikki marta qarshi hujumlarga chiqdi. Jismoniy tayyorgarligimizda muammo bo‘lmaydi.

- “Nasaf”da ikkita taymda ikki xil o‘yinni ko‘rdik. Ehtiyotkor va sekin o‘ynash “Paxtakor”ning yosh o‘yinchilariga kuch bag‘ishlagandek bo‘ldi. Ehtiyotkorlikni sababini qanday izohlaysiz?
- “Paxtakor” jamoasini ham hurmat qilish kerak. Ehtiyotkorlikka berilmay yutqazib qo‘yishimiz ham mumkin. Ha, “Paxtakor”da 2-3 ta yoshlar o‘ynayapti-yu, lekin bu jamoada mahoratli o‘yinchilar qolgan. Kecha ham gapirgandim, “Paxtakor”ni hisobdan chiqarib bo‘lmaydi. “Paxtakor”da yosh o‘yinchilar bo‘lsa ham ular oddiy futbolchilarni olib yurmaydi. Har doim yoshlar chiqqan. Balki tajriba yetmasligi mumkin, lekin yaxshi o‘yinchilar ekanligi bilinib turibdi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinni o‘zgartirishga harakat qildik. Hujumda oxirgi pasni va zarbani berishda sovuqqonlik yetishmadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Jamoamning o‘yinidan ko‘nglim to‘lmadi"