00:19 / 22.03.2024
311

Vadim Abramov og‘ir taqvim, "o‘lim guruhi" va keyingi bahslar haqida gapirdi

Vadim Abramov og‘ir taqvim, "o‘lim guruhi" va keyingi bahslar haqida gapirdi
O‘zbekiston kubogi guruh bosqichiga qur’a tashlangach, «Dinamo» «H» guruhida kubokning amaldagi sohibi «Nasaf», «Andijon» va «Navbahor»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Qur’adan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Vadim Karlenovich, Superligada mart oyidagi og‘ir taqvimdan keyin «Dinamo» kubokda ham «o‘lim guruhi»ga tushdi. Jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Ha, kuchli guruhdan joy oldik. «Andijon»ga qarshi safarda o‘ynaymiz, «Nasaf» va «Navbahor»ni qabul qilishimiz ko‘rsatilgan. Ammo Camarqandda o‘ynamayotganimizni inobatga olsak, uchta o‘yin ham biz uchun safarda o‘tadi. Chunki maydonimizga qachon o‘ynashga ruxsat berilishini hali aniq bilmayman. Nailoj, ushbu o‘yinlar orqali o‘zimizga bo‘lgan ishonchni qaytarishga urinamiz. Har o‘yinda jang qilishga tayyormiz. Bitta muammo – o‘z maydonimizda o‘ynamayotganimiz. Qolganini to‘g‘rilasa bo‘ladi.

- Eng og‘ir taqvim «Dinamo»da: mart oyida chempionlik uchun da’vogar «Navbahor», «Neftchi», OKMKga qarshi o‘ynaldi, aprelda esa Superligani yaxshi boshlagan «Andijon»ga qarshi safar o‘yini, kubokning amaldagi sohibi «Nasaf» va yana «Navbahor»ga qarshi to‘qnashuvlar. Jamoa ruhan tiklana oladimi?

- Bu futbol. Biz ham ulardek startni omadli boshlashimiz mumkin edi. Ammo turli sabablar tufayli bunday bo‘lmadi. Bu masalaga qaytishni istamasdim, ammo Namangan va Olmaliqdagi o‘yinlarimizni takroran ko‘rib, tahlil qildim – hakamlar juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Albatta, o‘zimizda ham kamchiliklar bo‘ldi. Umid qilamanki, keyingi o‘yinlarda ular xatolarsiz boshqarishadi. O‘shanda maydonda ko‘p narsani isbotlashimiz mumkin bo‘ladi.

- «Dinamo» o‘tgan yil Pro ligada ishtirok etib, kubok yarimfinaligacha yetib bordi va sovrinni qo‘lga kiritgan «Nasaf»ga yutqazdi. Bu yil O‘zbekiston kubogidagi vazifa qanday bo‘ladi?

- Birinchi vazifa – guruhdan chiqish. Qolaversa, «Nasaf»ga qarshi bu safargi o‘yinimizda farq bor, o‘shanda yarimfinal bir o‘yindan iborat edi, bu yerda esa guruhda 3ta o‘yin bor va har qanday holatda ham vaziyatni o‘nglash imkoni bo‘ladi. Bunday jamoalarga qarshi o‘yin o‘zimiz uchun ham qiziq bo‘ladi.

- «Dinamo» 3-turni so‘nggi bo‘lib o‘tkazdi, ammo Superliga 4-turini 28 mart kuni «Metallurg»ga qarshi o‘yin bilan boshlab berishi taqvimda belgilangan. Asosiy tarkib o‘yinchilari Odiljon Abdumajidov va hujumchi Kojo Joel FIFA kunlarida olimpiya va milliy jamoada bo‘lishadi. Ularning o‘yingacha qaytish imkoniyati qanchalik?

- Abdumajidov O‘zbekiston olimpiya jamoasi safida 26 mart kuni Qatarda ushbu mamlakat olimpiya jamoasiga qarshi o‘ynaydi, Kojoning ham 26 mart kuni Qirg‘iziston milliy jamoasi safida bo‘lishi aniq edi. Chunki FIFA kunlari doirasida shu kuni o‘yinlar bor. Biz esa «Metallurg» bilan o‘yinimizni 28 martda o‘tkazamiz, o‘yingacha ular kelishi mumkin, ammo darhol tarkibga tushishiga umid qilish qiyin. Chunki o‘yinlar, safarlar, uchishlardan keyin charchoq bo‘ladi. Tayyorgarlikni davom ettirib, vaziyatga o‘yin oldidan baho beramiz.

Manba: "Dinamo" matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov og‘ir taqvim, "o‘lim guruhi" va keyingi bahslar haqida gapirdi