26 mart kuni O‘zbekiston terma jamoasi “Bunyodkor” stadionida Gongkong terma jamoasini yirik hisobda mag‘lub etdi. Uchrashuvga 28 mingga yaqin muxlis tashrif buyurib, yurt jamoasini qo‘llab-quvvatladi. 90 daqiqa davomida karnay surnaylar, qarsaklar ovozi tinmadi.
Foto: O‘FA
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘yindan oldin jurnalistlar uchun iftorlik dasturxoni yozdi.
Go‘zal atmosfera, to‘lib-toshgan stadion, chiroyli g‘alaba. Hammasi chiroyli yakun topishi kerak bo‘lgan paytda terma jamoalarimiz o‘yinida kuzatilayotgan xunuk holat yuz berdi.
G‘alabani nishonlash arafasida turgan futbolchilarimiz yoniga ko‘plab muxlislar yugurib keldi, ularni na mutasaddilar va na xavfsizlik xodimlari to‘sib qoldi.
Bu birinchi holat emas. O‘zbekiston — Eron uchrashuvida ham muxlislardan biri Abbosbek Fayzullayevning oldiga yugurib kelgan edi.
Xo‘sh buning qanday yomon tomonlari bor?
Birinchidan, ushbu holat futbol qoidalariga zid hisoblanadi.
Ikkinchidan, maydonga yugurib chiqqan kishining maqsadi aniq emas. Bu esa futbolchi va boshqa ishtirokchilarning hayoti uchun xavf tug‘diradi.
Uchinchidan, ushbu holat normal ekanini bilgan boshqa muxlislar ham bu ishni qilishi oqibatida muxlislarning yiqilishi, tiqilinchda qolishi kabi turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Eron bilan uchrashuvda yugurib chiqqan muxlisning videolari turli OAVlarda tarqatildi. Hattoki, PFL matbuot xizmati ushbu videoni o‘z Instagram sahifasida e’lon qildi. Bu esa boshqa bunday maqsadni ko‘zlayotganlar uchun undov sifatida ishlab bergan bo‘lishi mumkinki, kechagi holat yuz berdi. Endi bir yoki ikki muxlis emas, balki o‘nlab muxlislar maydonga yopirildi.
Holat futbol eksperti Alisher Nikimbayev tomonidan keskin qoralandi va u assotsiatsiyaning vazifalarini eslatib o‘tdi:
“O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xavfsizlik xizmati o‘zining bevosita mas’uliyatini yodda tutishi va milliy terma jamoa o‘yinlarida xavfsizlikni ta’minlashga kirishishi kerak.
Bundan tashqari, maydonga yugurib chiqqani uchun jazoni kuchaytirish kerak: ularni klublar va assotsiatsiyaga qo‘yilgan jarimalarni to‘lashga majburlash va ma’lum muddatga o‘yinlarga borishni taqiqlash chorasini ko‘rish kerak”, — deb yozadi Nikimbayev o‘zining telegram kanalida.
Ushbu o‘yinni sharhlagan Orif Tolipov ham bu borada o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
“Muxlislarning maydonga yugurib tushish holatlarini romantizatsiya qilmaslik kerak. Bu noto‘g‘ri ish. Bunday holatlarda mezbon assotsiatsiya moliyaviy jarimaga tortiladi, adashmasam. Jarima bo‘lmagan taqdirda ham bunday ish ommaviy tus olaverarkan oqibatlarini prognoz qilish qiyinlashib boraveradi.
Xalqaro o‘yinlarni ko‘p sharhlaymiz, ba’zi uchrashuvlar vaqtida, ayniqsa yakunga yaqin stadion ma’lumotchisi muxlislarni bosiqlikka chaqiradi, oqibatlar haqida ogohlantiradi. Bizda shu yo‘q. Asli adekvat odamga bunday eslatma shart emas, lekin riskni minimallashtirish uchun majburan ommaga eslatma qilinadi.
Xullas, maydonga tushgandan foyda yo‘q. Jahon futbol muxlisligidan boshqa, foydaliroq jihatlarni o‘zlashtirganimiz ma’qul”, — deydi futbol sharhlovchisi o‘z telegram kanalida.
Albatta, Orif Tolipovning taklifi o‘rinli. Stadion suxandonining ogohlantirishi ma’lum ma’noda ish berishi mumkin. Har holda shu fikrni miyasida quyib turgan odamlarning bir nechtasi o‘z ishining xato ekanligini bilib oladi.
Ammo, holat jazolanmas ekan ushbu holat davom etishi va oqibati yomon holatga olib kelishi turgan gap.
Turkiya chempionatida mehmon futbolchilarning muxlislar tomonidan kaltaklanish holati bunga yaqqol misol.
Shunday holatgacha bormasligi uchun Futbol assotsiatsiyasi ma’lum choralarni ko‘rishi va bu haqda OAVga ma’lum qilishi maqsadga muvofiq.
Kechagi holatda yugurib chiqqan muxlislar Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgani haqida turli gaplar yuribdi. Ammo, afsuski, bu safar ham O‘FA matbuot xizmati holat yuzasidan biror fikr bildirmadi.
O‘zbek OAVda esa kechagi yugurib chiqqan muxlislar videolari yuz minglab odamlar tomonidan ko‘rildi. Demak, eski xato yana qaytarildi.
O‘FA biror chora qo‘llashi uchun holat qay darajaga borishi kerakligini hozircha tushunmadim.
Birinchisi bo‘lganida-ku, tushunish mumkin. Ammo takroriy holatda ham biror izoh bo‘lmagani holat tashkilotni tashvishga solmayotganini bildirarmikan? Yoki assotsiatsiyaning biror reaksiya bildirishi uchun O‘zbekiston OFK tomonidan muxlislarsiz o‘yin o‘tkazish sharti qo‘yilishi yoki Turkiya chempionatidagi holat yuz berishi kerakmi?
Erkin G‘aybullayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”