22:34 / 30.04.2024
918

O‘zbek futbolchilari qilgan ishni ko‘pchilik uddalay olmagan!

O‘zbek futbolchilari qilgan ishni ko‘pchilik uddalay olmagan!
Qatardagi Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalga chiqish orqali yozda Fransiya poytaxti Parijda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi o‘ziga xos tarix yaratmoqda.

Timur Kopadze boshchiligidagi terma jamoamiz Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Umuman olganda, 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida vakillarimiz doim yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan.

“Oq bo‘rilar” Osiyo kubogi finalida bungacha ikki marotaba o‘ynagan va Qatardagi final ham hamyurtlarimiz uchun yangilik emas. 2018 yili iste’dodli futbolchilarimiz qit’a chempionligiga erishgan bo‘lsa, avvalgi – 2022 yilgi musobaqada kumush medal bilan kifoyalangan.

3 may kuni bo‘ladigan finalda O‘zbekiston va Yaponiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Osiyo kubogida hali hech bir terma jamoa ikki marotabadan chempion bo‘lmagan.

Bu galgi finalda qaysi terma jamoaning qo‘li baland kelsa, yangi tarixiy natija qayd etgan bo‘ladi.

MDH davlatlari orasida shu paytga qadar faqat bir mamlakat futbolchilari Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Belarus terma jamoasi 2011 yili yoshlar o‘rtasidagi Yevropa birinchiligida muvaffaqiyatli qatnashib, London Olimpiadasiga chipta olgandi.

2012 yilgi o‘yinlarda belaruslar Braziliya va Misr terma jamoalariga imkoniyatni boy berib, guruhda qolib ketgan.

Bundan avval va keyin MDHning biror terma jamoasi Olimpiya o‘yinlariga chiqa olmagan.

Bugungi kunga kelib, bu ishni faqat O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi uddaladi. Ayni paytda Parijda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqalarida ishtirok etadigan terma jamoalar o‘rtasida qur’a tashlanib, ular guruhlarga ajratilgan.

Agar O‘zbekiston terma jamoasi finalda Yaponiyani mag‘lubiyatga uchratib, chempionlikka erishca Olimpiadada “D” guruhidan joy olib, Paragvay, Mali va Isroil futbolchilari bilan kuch sinashadi.

Osiyo kubogi kumush medal sohibi, “S” guruhiga tushgan va bu kvartetdan chiqish uchun Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi vakillari bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keladi.

Bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida futbolchilarimiz muvaffaqiyatli yurishlarini davom ettirishlarini umid qilamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchilari qilgan ishni ko‘pchilik uddalay olmagan!