
A Seriyani kuzatib borgan o‘zbekistonlik muxlislar O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari hurmatidan “Kalyari”ga muxlislik qildi.
O‘tgan yili yuqori divizionga chiqqan Sardiniya klubi chempionat oxiriga kelib, A Seriyadagi joyini saqlab qoldi.
Klaudio Raneri jamoasining maqsadga erishishida o‘zbek legioneri Eldor Shomurodovning ham hissasi katta bo‘ldi. Biroq, hamyurtimiz bunga erishish uchun mavsum davomida katta qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.
O‘tgan yoz “Roma”dan bir mavsumga ijaraga olingan o‘zbekistonlik forvard sport formasini tiklash uchun uzoq vaqt sarfladi va “Kalyari”da ham asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi.
Mavsumning birinchi qismi yakunlashi arafasida o‘zini o‘nglab olgan hujumchimiz jamoaga foyda keltira boshlaganida oyog‘idan og‘ir jarohat olib, uch oyga safdan chiqdi.
Eldor bu jarohat tufayli nafaqat “Kalyari”ga, balki Qatardagi Osiyo kubogida ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham yordam bera olmadi.
Majbur tanaffus Eldorning foydasiga ishladi. Jarohatdan qutilgan 28 yoshli futbolchi birdaniga yuqori darajada o‘yin ko‘rsata boshladi. Shomurodovning 28-turda “Salernitana” darvozasiga urgan ikki goli, muhim g‘alabani ta’minlab, “Kalyari”ni mavsumda ilk bor xavfli hududdan uzoqlashtirdi.
Klaudio Raneri jamoasi keyingi o‘yinlarda xavfli hudud bilan o‘rtadagi masofani saqlab qoldi va oxir-oqibat kelasi mavsumni ham yuqori divizionda o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu bosqichda Eldor Shomurodov asosiy figuraga aylandi. Ayniqsa, legionerimizning musobaqa peshqadami “Inter” darvozasiga urgan goli ushbu uchrashuv va chempionatning qolgan uchrashuvlar uchun burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi.
Chempionat o‘yinlarini birinchi bo‘lib yakunlagan “Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri kutilmaganda faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Eldor Shomurodov ham bunga munosabat bildirib, instagramdagi sahifasida “Hammasi uchun rahmat”, deb yozdi.
O‘zbek hujumchisining bu gapini ekspertlar ham Klaudio Raneri, ham “Kalyari” klubiga minnatdorlik va xayrlashuv posti sifatida talqin qilmoqda.
Darhaqiqat, Eldor Shomurodov yozda o‘ziga yangi jamoa qidirishiga to‘g‘ri keladi. “Kalyari” rahbariyatiga mavsumda uchtadan gol va assist muallifi bo‘lgan o‘yinchi uchun “Roma”ga yana 9 million yevro to‘lab, transferni to‘liq amalga oshirish og‘irlik qilishi aytildi.
“Roma”ning yangi sport direktori Floran Gisolfi esa, bir qator futbolchilar qatorida legionerimiz ham transferga qo‘yilishini ma’lum qilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar