
O‘zbekiston Superkubogida "Paxtakor"ga qarshi o‘yindan so‘ng "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi va berilgan savollarga quyidagicha javob qaytardi.
- O‘yin haqida...
- Barchaga xayrli kech. Penaltilar seriyasi "Nasaf" tarixida birinchi marta bo‘ldi, menimcha. Bu o‘yinga o‘ziga yarasha ko‘rk berdi. O‘ylaymanki, muxlislar ham xursand bo‘lishdi. Birinchi bo‘lim oxiri va ikkinchi bo‘lim boshida yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadik. Gol o‘tkazgach, jamoada ishtiyoq va xohish oshdi. Seriyada omadimiz kulib boqdi. Yigitlarga va Abduvohidga rahmat aytamiz. G‘alaba bilan muxlislarni tabriklaymiz.
- "Nasaf" yaxshi o‘yin ko‘rsata boshlashi uchun gol o‘tkazib yuborishi shartmidi? Ungacha hujumkor o‘yin ko‘rsatsa bo‘lmasmidi?
- Shart edi. Ba’zida gol o‘tkazib yuborish ham foyda beradi. Goldan keyin jamoamiz boshqacha o‘ynay boshladi va o‘yin sifati ham oshdi. Biz bilardikki, gol urmasak, penaltilar seriyasi bo‘lmasligini bilardik. Ikkinchi taym o‘rtasidan boshlab haqiqiy o‘yinimizni namoyish eta boshladik. Biz faqat g‘alabadan emas, oxirigacha kurasha olganimizdan xursandmiz.
- To‘psiz harakat bo‘yicha "Paxtakor" ustunroq ko‘rindi. Agar ularning asosiy futbolchilari safda bo‘lganida jamoangizga qiyin bo‘lardi...
- Gapingizga qisman qo‘shilamin. Hozirgi futbolda natijaga erishish uchun qayerdadir to‘psiz o‘ynash va uni raqibga bergan holda o‘yin ko‘rsatish ham foyda keltiradi. Biz "Paxtakor" har qanday holatda ham to‘pga egalik qilishini bilardik. Bu bo‘yicha yigitlar bilan kelishib olgandik. Qarshi hujumlar borasida ham rejalarimiz bor edi, ammo o‘xshamadi. Bir nechta o‘zgarishlar qilish rejamizda bor edi.
- Sizning qo‘l ostingizdagi "Nasaf" yangi o‘yinchilarni kashf etib boradi. Joriy yil birorta yarq etgan yoshlarni ko‘rmayapmiz? Nahotki, akademiyada bunday o‘yinchi yo‘q...
- Biz oldimizga ulkan rejalarni qo‘yganimizdan keyin ozgina tizimni o‘zgartirdik. Rahbariyat bizga katta talablarni qo‘ydi. Yuqorida yurish, OCHLda o‘ynash uchun tajribali futbolchilarga suyanishimiz kerak edi. Shuning uchun tajribali futbolchilarni jalb qildim. Biz ochko yo‘qotish yoki bugungidek finallarda yutqazishga haqqimiz yo‘q. Shuning uchun yosh futbolchilarni tushirib, tavakkal qila olmaymiz. Agar Muhammadiyev jarohat olib qolganida Sherzod Nasrullayevni uning o‘rniga qo‘yardik va qanotimiz yaxshi ishlamay qolardi.
- So‘nggi matbuot anjumanlarida yangi futbolchilardan ko‘nglim to‘lmayapti dedingiz. Masalan, Da Silva va Abduxoliqov bobida. Bugun ularni zahiradan tushirdingiz...
- Jigauri va Marushich faollik ko‘rsatmagani uchun Dv Silva va Abduxoliqovga imkoniyat berdik. Yigitlarga har doim aytganmiz raqobatga jiddiy qarashlarini. Bugungi o‘yindan kelib chiqib, keyingi o‘yinda asosiy tarkibdan kim joy olishini o‘ylab ko‘ramiz.
- Natija birinchi o‘rinda deb aytdingiz. O‘yinga tayyorlangan tarkibdan kelib chiqsak, "Nasaf" tez gol urib olsa, 5 kishilik himoyadan foydalanmoqchimidingiz?
- Ha, mashg‘ulotlarda 5 nafar himoyachi bilan o‘ynash rejasini sinab ko‘rgandik. Bugun 4-3-3 o‘ynashga qaror qildik.
- "Nasaf" birinchi davradan keyin legoinerlardan voz kechadi degan xabarlar tarqaldi...
- Bilmadim. Men bunday xabarlarga e’tibor qilmayman. Hali bu bo‘yicha hech qanday axborotga ega emasmiz.
Matbuot anjumani so‘ngida Championat.asia bosh muharriri Narzulla Saydullayev yaqinda Husayn Norchayevning do‘ppisi auksionga qo‘yilib, undan tushgan pullarni bolalar shifoxonasiga xayriya qilgani haqida ta’kidladi va Abduvohid Ne’matovdan formasini navbatdagi auksion uchun ajratishini so‘radi. Futbolchi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi, so‘ngra jurnalistlar uni olqishladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar