11:38 / 06.06.2024
147

Aleksandr Stoymirovich: "Rahbariyat va murabbiyning fikrlari turlicha bo‘lsa, yaxshi yo‘l hamkorlikni to‘xtatish"

Aleksandr Stoymirovich: "Rahbariyat va murabbiyning fikrlari turlicha bo‘lsa, yaxshi yo‘l hamkorlikni to‘xtatish"
“Lokomotiv” klubi murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘ldi. Aleksandr Krestinin rasman yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Bungacha jamoada faoliyat olib borgan serbiyalik Aleksandr Stoymirovich klub natijalariga javob bergan, biroq Pro litsenziyasi bo‘lmagani sababli u klubda bosh murabbiy bo‘la olmasdi.

Shunday bo‘lsa-da, jamoani mavsumga o‘zi tayyorladi, tarkibni shakllantirdi. Qog‘ozda bosh murabbiy Yorqin Nazarov bo‘lsa-da, asosiy ish Stoymirovichning gardanida edi. Lekin ochko yo‘qotishlardan so‘ng rahbariyat serbiyalik murabbiy bilan xayrlashishga qaror qildi. “Loko”ni tark etgan Stoymirovich kuni kecha Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Sizning “Lokomotiv”dagi faoliyatingiz uzoqqa cho‘zilmadi. Rejangiz amalga oshmaganining asosiy sababi nima bo‘ldi?
- O‘zingiz bilasiz, men “Lokomotiv”ni mavsumga tayyorgarlik jarayoni oldidan qabul qilib olganman. Biz tayyorgarlik davrini juda yaxshi o‘tkazdik. Mashg‘ulotlarimizni avtomatlashtirilgan darajaga olib chiqa oldik. Buning samarasi o‘laroq birinchi davrada ma’lum vaqt uchinchi o‘rinda bordik. Shu asnoda qandaydir istak paydo bo‘ldi va klubning sovrinli o‘rinlardan biriga da’vogarlik qilishi xususidagi gaplar quloqqa chalina boshladi. Sira tushuna olmayman. Nima, bu ovqat ustida ishtaha keladi, degan gapning isbotimi? Vaholanki, chempionatga start berilishi oldidan bunday reja bo‘lmagan va “Lokomotiv”ni ligadagi o‘rnini saqlab qolish asosiy vazifa sifatida qarala boshlagan edi. Yana qaytaraman: o‘zaro qo‘l siqishgan mahalimizda yuqori darajadagi vazifa xususida umuman gaplashmagandik. Avvalo, Superligadagi o‘rnini saqlab qolishimiz, yosh iste’dod egalarini kashf etish haqidagina gap borgandi xolos. Endi o‘zingiz o‘ylang: rahbariyat va murabbiyning fikrlari turlicha bo‘lsa, eng yaxshi yo‘l hamkorlikni to‘xtatish bo‘ladi, to‘g‘rimi?

- Klubdan ketishingiz qachon aniq bo‘lib ulgurgandi?
- OKMK bilan o‘yindan keyin “Bunyodkor”ga qarshi o‘tadigan bahs men uchun klubdagi oxirgi ishim bo‘lib qolishini taxmin qilgandim. Buni qarangki, taxminim to‘g‘ri chiqdi. Biz yana yutolmadik. Shundan keyin ishdan ketishim deyarli aniq bo‘lib qoldi va biz xayrlashdik.

- Bungacha siz jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagansiz. Ammo bosh murabbiy sifatidagi debyutingiz omadli chiqmadi. Balki bu lavozimda ishlashingizga biroz ertadir. Bu haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Bu savolingizga kelsak, bosh murabbiy bo‘lishimga hali erta emasmi, bunday fikr umuman xayolimga kelmagan. Chunki 17,5 yillik professional futbolchilik faoliyatim davomida 6 ta turli mamlakatda o‘ynadim. So‘ngra Serbiyada ikki yil quyi ligada murabbiy bo‘lib ishladim. Shu vaqt oralig‘ida o‘qidim. O‘zbekistonda jismoniy tayyorgarlik borasida murabbiy bo‘lib ish boshlagandim. Boz ustiga futbolning ichida o‘sganim bois va xohlagan vazifada bemalol ishlay olishim mumkinligiga aqlim yetadi. Yagona muammo shundaki, yuqori ligada rasman bosh murabbiy bo‘lib ishlash imkonini beradigan kerakli litsenziyaga ega emasligim. Ammo bu ham vaqtinchalik hol. Endi Pro litsenziyasini olish uchun o‘qiyman.

- “Lokomotiv”da qayerda xato qildim, deb o‘ylaysiz?
- Hamma ham xato qiladi. Boya aytganimdek, 3-turdan keyin 3-o‘rinda edik. Ochig‘ini aytganda, cheklangan budjet bilan bunday natijani qayd etib turish oson emas. Qolaversa, katta qiyinchiliklar evaziga seleksiya ishlarini olib borgandik. Agar chuqurroq tahlil qilib ko‘rilsa, qandaydir xatolarga yo‘l qo‘yganimiz aniq. Buni o‘zim jamoada bo‘lib turgan paytimda, oxirgi uchrashuvlarda darvozamizdan o‘tkazib yuborilgan qator gollar ham ko‘rsatib turibdi. Aytish mumkin bo‘lsa, aksar holatlarda biz o‘zimizga-o‘zimiz gollar urdik. Futbolda murabbiy ham ta’sir o‘tkaza olmaydigan holatlar kuzatilib turiladi.

- Sizningcha, bu yil kim O‘zbekiston chempioni bo‘ladi?
- Kim ko‘p ochko to‘plasa va o‘yinchilarga shunga yarasha pul to‘lasa o‘sha chempion bo‘ladi. O‘zbekistonda tarkibiga chetdan katta pul evaziga sifatli futbolchilarni olib keladigan bir qancha klublar bor. Menimcha, bu safar “Nasaf” yoki “Navbahor” chempion bo‘lsa kerak.

- Keyingi rejalaringiz qanday? Yurtimizdamisiz? Yangi takliflar bormi?
- Ikki oydan so‘ng menda jiddiy ish – UYEFAning Pro litsenziyasini olish uchun o‘qish boshlanadi. Buning uchun o‘z ustimda ko‘p ishlashim kerak. Lekin hozirdanoq menda Serbiya Superligasidan takliflar bor. Shuningdek, O‘zbekistondan ham. Ammo hozir bu yerga qaytmoqchi emasman. Balki kelasi yili qaytishim mumkindir. Buni vaqt ko‘rsatadi.

- Aleksandr Krestinin “Lokomotiv”ning yangi bosh murabbiyiga aylandi. Bu haqida fikringiz qanday?
- “Lokomotiv”ning yangi murabbiyi kim bo‘lgani meni umuman qiziqtirmaydi. Bilmayman va buni hozir sizdan eshitib turibman. Lekin klubda kim ishlashidan qat’iy nazar men unga faqat omad tilashim mumkin. Qolgani men uchun qiziqarli emas.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Stoymirovich: "Rahbariyat va murabbiyning fikrlari turlicha bo‘lsa, yaxshi yo‘l hamkorlikni to‘xtatish"