11:00 / 22.06.2024
870

Shomurodov transferida “ayyorlik” qilingani ma’lum bo‘ldi

Shomurodov transferida “ayyorlik” qilingani ma’lum bo‘ldi
Italiya matbuotida Eldor Shomurodov masalasi yana ko‘tarila boshladi. “Roma” o‘zbek futbolchini boshqa klubga o‘tkazish payida, “Kalyari” mutasaddilari esa, mavsum oxiridagi ajoyib o‘yinlari bilan jamoaning A Seriyada qolishiga hissa qo‘shgan legionerni qaytadan tarkibga qo‘shmoqchi.

Ushbu mamlakat futbolini yoritayotgan bir necha manbalar, xususan, lanotiziasportiva.com sayti Shomurodov atrofidagi vaziyatni quydagi tahlil qilib berdi.

Kutilmagan imkoniyat

Yakunlangan mavsum Eldor Shomurodov uchun kutilgan darajada o‘tmadi. Kutilmaganda, o‘zbek hujumchisida Sardiniyaga qaytish imkoni paydo bo‘ldi. “Roma” muzokaralarga tayyor, “Kalyari” tajribali forvardga yangi imkoniyat berish orqali hujumdagi muammolarini hal qilmoqchi.

Sardiniya klubi “ayyorlik” qildi...

“Kalyari” mavsum yakunlanishi bilan Eldor Shomurodovni bir yil avvalgi kelishuvda belgilangan 9 million yevroga to‘liq transfer qila olmasligini bildirdi. Eldorning o‘zi ham shartnoma bo‘yicha “Roma”ga qaytishini aytdi.

Biroq bu “Kalyari”ning transfer bozoridagi “ayyorona” siyosati bo‘lib chiqdi. Klub sport direktori Nereo Bonato Eldor Shomurodovni “Roma”ga qaytarish orqali bir yil oldingi kelishuvni bekor qilishga erishdi. U yangi muzokara boshlash uchungina o‘zbek hujumchisidan vaqtinchalik voz kechgan bo‘lib chiqdi.

Yurish navbati “Roma”da

Endi buyog‘i ko‘p jihatdan “Roma” mutasaddilariga bog‘liq. Ular Shomurodov masalasida tezroq bir qarorga kelishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha A Seriyada Shomurodovni so‘rayotgan boshqa klub yo‘q. Aniq kliyent faqat “Kalyari”. Xorijdan taklif bo‘layotgani aytilmoqda. Lekin Eldorni xorijga o‘tkazish anchagina vaqt va asab talab etadi.

Eng muhim masala

“Roma” katta ehtimol bilan kelasi mavsum Eldor Shomurodovga tarkibdan joy bermaydi, shu bois, klub mutasaddilari xaridorlar bilan muloqotga kirishishga majbur. Shomurodov transferida eng muhimi moliyaviy omillar bo‘lib qolmoqda.

Ekspertlar fikricha, “Kalyari” hujumchini yana to‘liq transfer qilish huquqi bilan kelasi mavsumga ijaraga olmoqchi. Faqat bu gal transfer huquqi 9 million yevrodan ancha past bo‘lishi ko‘zlangan. “Roma” esa, masalani kelasi yozga qoldirmasdan hujumchini to‘liq transfer qilish payida bo‘ladi.

Muxlislar fikri bo‘lindi

“Kalyari” muxlislari Eldor Shomurodov masalasida ikkiga bo‘lindi. Ulardan bir guruhi o‘zbek hujumchisi o‘tgan mavsum sport formasi va jarohat tufayli o‘zini ko‘rsata olmagani va unga chempionatda yana imkoniyat berish kerakligini ta’kidlamoqda.

Sardiniya klubining ayrim ishqibozlari esa, jamoaga yangi nomlar kerak ekanligi va hujum chizig‘iga ham boshqa o‘yinchi kerak, degan fikrda.

Endi nima bo‘ladi?

Oldindagi bir necha hafta Eldor Shomurodov kelajagiga oydinlik kiritishi kutilmoqda. “Kalyari” o‘zbek futbolchisini Sardiniyaga qaytarish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Xo‘sh, ular rimliklarni osiyolik legionerni qo‘yib yuborishga ko‘ndira oladimi?

Bu savolga javob topish uchun tobora qizg‘in pallaga kirishi kutilayotgan transfer bozorini kuzatib boramiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov transferida “ayyorlik” qilingani ma’lum bo‘ldi