18:54 / 10.07.2024
276

Kim drama qilib beradi? Nega finalga Angliya chiqqani yaxshiroqligi haqida

Kim drama qilib beradi? Nega finalga Angliya chiqqani yaxshiroqligi haqida
Chempionlar Ligasining so‘nggi finali oldidan ham, aynan o‘yin paytida mashhur telekanallar studiyalarida ham negadir Jeydon Sanchoni ko‘p gapirishdi. U nima qila oladi, «Real»ga qarshi o‘zini ko‘rsata oladimi? Tanaffus paytida – «birinchi bo‘limda Sancho o‘zini ko‘rsata oldimi?»

Qiziq holat, shunday emasmi? Axir «Borussiya»da boshqa futbolchilar bor, uni qo‘ying, axir «Real» yana bir marta Chempionlar Ligasi ostonasida turibdi, Sanchoning sobiq jamoadoshi Bellinghem e’tiborga ko‘proq loyiq emasmi? Nega shunaqa?

Tvitterda bugun Angliya yutadi, deb yozsam, ko‘pchilik, Angliya chiqmasin, tuzukroq futbol ko‘raylik finalda, deb e’tiroz bildirishdi.

Menimcha, aynan Angliya – Ispaniya finali o‘zi mavjud ikki variant ichida finalga mosrog‘i. Chunki, eng avvalo, inglizlar tarkibi futbol yulduzlariga to‘la, har qanday holatda g‘oliblik uchun bor imkoniyatini ishga soladigan, bunday tajribadan ko‘p marta o‘tgan futbolchilar – «Real», «Manchester Siti», «Liverpul» kabi jamoalar bilan so‘nggi yillarda Chempionlar Ligasini yutishgan ham. Zaxiradan tushishi mumkin bo‘lgan Tounidan tortib, Palmergacha bo‘lajak yulduz deb bashorat qilinayotgan futbolchilar sanaladi. Tabiiyki, ulardan kutilmalar ham katta, bosim ham aynan finalga yarasha bo‘ladi.

Futbolni, ayniqsa finalni qizitadigan asosiy faktor nima, aytaymi? Dramatizm. Syujet. Tomoshabin uchun qandaydir oqibatning ahamiyati. Eng muhimi bular. To‘qson daqiqa chiroyli futbol, chiroyli gollar, hujumlar – bunday futbolni doim ham ko‘raveramiz, buni JCH-2018 finalida Xorvatiya ham, yaqinda «Borussiya» ham eplab berdi. Lekin yuqorida aytilgan talablarga mos bo‘ladimi shunaqa final?

Angliya zeriktiryapti, xo‘p. Ammo Yevro-2024'ning eng dramatik voqeasi qaysi? Bellinghemning so‘nggi daqiqadagi goli emasmi? Gap Slovakiya bilan o‘yin qay darajada chiroyli hujumlarga boy bo‘lganmi, yo‘qmi, unda emas, syujet shu ediki, nahotki Angliya hozir Slovakiyaga yutqazsa? Keyn, Bellinghem, Foden, Saka hech narsa qila olmay, Slovakiya chorakfinalga chiqsa nima bo‘ladi? Mana shu savolning kattaligi, ya’ni, tomoshabin uchun oqibatning ahamiyati o‘yinning dramatizmini oshiradi.

Bu xuddi kino ssenariysiga o‘xshaydi. Turli voqealar, urush sahnalari, ajoyib effektlarga boy lavhalarga to‘la film bo‘lsa, agar qahramonlarning taqdiriga befarq bo‘lsangiz, shu kinodan maza qilasizmi? Aksincha, oddiy, sokin bir film bo‘lsa-yu, ehtimoliy yakuniga siz befarq bo‘lmasangiz, bosh qahramonning taqdiri sizni qiziqtirsa, etingiz junjikib, xavotirga to‘la alfozda shu filmni yakunlamaysizmi?

Endi savol, Turkiya Niderlandiyani yutayotgan bir paytda, nahotki Niderlandiya musobaqadan chiqib ketadi, degan xavotir sizga bir on bo‘lsa-da, mehmon bo‘ldimi? Albatta, Turkiya ham chiroyli futbol ko‘rsatadigan jamoalardan, siz ularga yoki balki Niderlandiyaga azaldan muxlis bo‘lishingiz mumkin. Mavzu bu haqida emas.

Ammo men umumiy ma’noda, hamma uchun yozayotgan ekanman, neytral futbol muxlisi uchun qaysi final ko‘proq dramatizmni, tugagach, ko‘proq hissiyotlarni taqdim etishini inobatga olaman. Qaysi jamoaning mag‘lubiyati yoki g‘alabasi trendga chiqadi, muhokama qilinadi, ko‘proq memlar yasaladi? Men tomosha qilgan ilk Yevropa chempionatining chempioni go‘zal Niderlandiyaga hurmatni saqlagan holda aytsam ham, Angliyaning Ispaniya bilan o‘yini final uchun ko‘proq yarashmaydimi? Bellinghem yoki Keynning Yevropa chempioni bo‘lishi yo bo‘lmasligi, Sautgeytning Angliyadagi butun faoliyatiga beriladigan baho, Arteta yoki Gvardiola bolalarining ulardan mustaqil ravishda katta o‘yinchi bo‘la olishadimi yoki yo‘q, umuman, bunday savollar futbol ommasi uchun qiziqroq, kattaroq emasmi?

Yevroning aksariyat davrini biz Avstriya va Shveysariyani maqtash bilan o‘tkazdik, ammo qani ular, yutqazgach, eslaymizmi? Ha, yaxshi onlar, chiroyli kombinatsiyalar taqdim qilishdi, tomosha qildik, ammo aynan Zabitser yoki Emboloning Yevroni yuta oladimi, yutolmaydimi, nima farqi bor, ularning taqdiriga aslida befarq ekanimiz tufayli emasmikin shu? Qaytaraman, gap konkret bir jamoaning, Niderlandiya, Avstriya yo Angliyaning muxlislari haqida emas, umuman, futbol olamining u yoki bu futbolchi, u yoki bu jamoaga bo‘lgan munosabatida.

Ilk abzasga qaytadigan bo‘lsak, balkim shuning uchun so‘nggi YECHL finali oldidan «MYU»dan haydalgan Jeydon Sanchoning «Real»ga qarshi o‘ynashi hikoyasi asosiy planga chiqib qolgandir? Kutilmaganda finalga chiqib qolgan va shu natijaning o‘zi ham katta qahramonlik sanaladigan «Borussiya»dan yana qanday dramatizm topish mumkin? Busiz finalning qizig‘i yo‘q, aniqrog‘i, faqat o‘sha ikki jamoa muxlislari uchungina qiziq bo‘lib qolmaydimi?

Qiziqarli, chiroyli final ko‘rmoqchisiz, ha, lekin aytingchi, qachon shunaqa final tomosha qilgansiz? Har qanday finalni final qilgan aslida «kim yutarkin?» degan katta savol emasmidi? Hatto o‘sha Fransiya – Argentina supermatchini ham kattalashtirgan kontekst «Messi jahon chempioni bo‘ladimi», «Mbappe – Messi qarama qarshiligi qanday yakun topadi?» degan savollar emasmidi?

Futbol antifutbolga qarshi, go‘zal futbol mashhur yulduzlarga qarshi, ha, siz go‘zal futbol shaydosisiz, umuman, agar rostan ham, bir oy oldin boshlangan filmimizning bosh mazmuni chiroyli futbolning g‘alaba qozonishi bo‘lsa, Ispaniya buni o‘ziga o‘xshagan, ammo sal kichikroq ukasi ustidan emas, haqiqiy antagonist ustidan qozonilgan g‘alaba bilan ko‘rsatishi mantiqliroq bo‘lmaydimi?

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kim drama qilib beradi? Nega finalga Angliya chiqqani yaxshiroqligi haqida