22:10 / 18.07.2024
380

Bu Shomurodov uchun yangi imkoniyat!

Bu Shomurodov uchun yangi imkoniyat!
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov oldida katta mas’uliyat turibdi.

Yangi mavsumda mamlakatimiz bosh jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kurashni hal qiluvchi pallasiga kiradi. Eldorning terma jamoa yetakchisi sifatida saralash turnirida o‘z o‘rni bor.

Eldor Shomurodov xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli ishtirok eta olishi uchun klubdagi faoliyati ham ko‘ngildagidek bo‘lishi lozim. Hozir eng muhim masala – Eldor o‘ziga muntazam o‘yin amaliyoti beradigan jamoa topishidir.

29 yoshli hujumchi Parijdagi boshlanayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston U-23 terma jamoasiga yordam berish uchun chaqirilgan tajribali uch futbolchidan biri. To‘rtyillikning eng nufuzli musobaqasi Shomurodov uchun yangi imkoniyat.

Sport sohasini yoritib borayotgan ommaviy axborot vositalari ham Olimpiya o‘yinlari Yevropa klublariga yangi o‘yinchilarni kashf qilib berishini ta’kidlamoqda. Xususan, Italiya nashrlari Eldor Parij maydonlaridagi o‘yinlari bilan yangi jamoalar nazariga tushishini kutyapti.

Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga xorijiy nashrlarning Eldor Shomurodovning Olimpiadadagi ishtirokiga oid pozitsiyalari aks etgan ma’lumotlarni havola qilishda davom etadi.

SPORTS.YAHOO.COM sayti:
“Roma” rahbariyati o‘zbekistonlik forvard Eldor Shomurodovning kelajagini hujumchi Olimpiya o‘yinlaridan qaytganidan keyin hal qiladigan bo‘lyapti.

Rim klubi bilan 2026 yilning yarmigacha davom etadigan shartnomaga ega o‘zbek hujumchisi murabbiylar shtabi rejasiga kiritilmagan va bosh murabbiy Daniele De Rossi uni transferga qo‘yishga rozilik bergan.

Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi bilan 24 iyuldan 9 avgustga qadar davom etadigan Parij Olimpiadasida qatnashadi. Kelajagi shundan keyin ko‘rib chiqiladi.

“Roma”ni o‘zbek hujumchisini uch yil muqaddam 17,5 million yevroga transfer qilib, yillik 2 million yevro atrofida maosh belgilagan. Endi poytaxt klubi uni sotib yuborib, umumiy hisobda maoshlarga mo‘ljallangan besh million yevroni tejab qolmoqchi.

ROMAFOREVER.IT sayti:
“Roma”ning hujum chizig‘i tobora torayib bormoqda. Bosh murabbiy Daniele De Rossi mavsum tugaganidan keyin bir necha hujumchilar bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keldi.

Ijara muddati yakunlangan Romelu Lukaku “Chelsi”ga, Sardor Azmun “Bayer”ga qaytarib yuborildi. Tajribali hujumchi Andrea Belotti esa, A Seriya debyutanti “Komo” jamoasiga transfer qilindi.

Bu bilan yo‘qotishlar tugagani yo‘q. Trigoriyadan ketadiganlar ro‘yxatida yana bir nomzod – Eldor Shomurodov bor.

Eldor Shomurodov 2021 yili Genuyadan 17,5 million yevro va qo‘shimcha bonuslar evaziga olib kelingan edi. O‘zbek hujumchisining “Roma”dagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqmadi. “Spetsiya” va “Kalyari”dagi ijara muddatlari ham hujumchini “Jenoa”dagi darajasiga ko‘tara olmadi.

Klaudio Raneri qo‘l ostida 22 ta uchrashuvda uchtadan gol va assist qayd etgan o‘zbekistonlik hujumchi “Kalyari”ning A Seriyada qolishiga munosib hissa qo‘shdi. Biroq Daniele De Rossi bu hujumchini transferga qo‘yish bo‘yicha bir qarorga kelib bo‘lgan.

Sport direktori Floran Gisolfi unga yangi ish joyi qidirmoqda. Shomurodovning transferi rimliklarga yaxshigina mablag‘ni tejab qolish imkonini beradi.

Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida Osiyo qit’asi sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoasi “S” guruhida Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi jamoalari bilan o‘ynaydi. Shomurodov vatani oldidagi burchini ado etib bo‘lganidan keyin yangi klub borasida bosh qotiradi.

CAGLIARINEWS24.COM sayti:
“Kalyari”ning sobiq o‘yinchisi Eldor Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi safida Parij Olimpiadasida ishtirok etadi va shu bilan birga o‘zining kelajagi bo‘yicha yangiliklarni kutadi.

Olimpiya o‘yinlari Shomurodov faoliyatida muhim bosqichga aylanadi.

Eldor terma jamoadagi o‘yini orqali yangi xaridorlar e’tiborini qozonishi kutilmoqda.

Bir oy muqaddam o‘zbek hujumchisini qo‘lga kirita olmagan “Kalyari” e’tiborini boshqa hujumchilarga qaratadigan bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu Shomurodov uchun yangi imkoniyat!