20:39 / 21.07.2024
374

Ravshan Haydarov terma jamoa yig‘ini va yangi takliflar haqida intervyu berdi

Ravshan Haydarov terma jamoa yig‘ini va yangi takliflar haqida intervyu berdi
O‘zbekiston U21 terma jamoamiz 22 iyuldan bir haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishadi. Ayni paytda terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov mazkur boshlanajak yig‘inga tayyorlanmoqda. Lekin ushbu tajribali mutaxassisning xizmatiga doim boshqa klublardan qiziqishlar bo‘lgan. Quyida Sports.uz jurnalistiga bergan intervyusini o‘qishingiz mumkin.

- O‘zbekiston U21 terma jamoamizning yig‘ini boshlanmoqda. Bundan ko‘zlangan reja va maqsad nima?

- Bu yoshdagi terma jamoaning faoliyati reja asosida. Bu yil musobaqalar bo‘lmagan taqdirda ham yigitlarni yig‘inga taklif qilib, terma jamoa mohiyatini, uning ahamiyatini tushuntirib, ularga terma jamoaga tushish motivatsiyasini oshirmoqdamiz. Bu asosiy maqsadlarimizdan biri. U20 da qatnashgan yigitlar ko‘zga ko‘rinib, asosiy tarkiblarda o‘ynashyapti. Undan tashqari tarkibga kirmagan futbolchilarni ko‘pchiligi ham endilikda asosiy tarkib o‘yinchilariga aylanib borishyapti. Ularni terma jamoaga chaqirib, uni ahamiyati qanchaligini tushuntirib boramiz. Shundoq ham termaga chaqirilgan futbolchilar ko‘zga tashlanishyapti, skautlarning e’tiboriga tushishyapti. Bu ular uchun katta imkoniyat. FIFA kunlarida qandaydir turnirlar chiqadi. Bu yil asosan seleksiya ishlari. Bu termani U21 deb ataymiz. 2003 va 2004 yillarda tug‘ilgan futbolchilar. Ko‘plab yangi nomlar chiqyapti. Ularga imkoniyat beramiz. Xalqaro maydonga chiqishganida ishtiyoq yanada boshqacha bo‘ladi. Bu jamoa ularni yoshlar futbolidan katta futbolga qadam bosishida ko‘prik vazifasida xizmat qiladi.

- Bu yig‘in davomida o‘rtoqlik uchrashuvlari ham rejalashtirilganmi?

- Albatta. 25 iyulda “Surxon”, 27 iyul kuni “Bunyodkor” bilan o‘ynaymiz. Bu uchrashuvlar orqali barcha yigitlarga imkoniyat beramiz.

- “Andijon” va “Qizilqum” ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvini kuzatdingiz. Chunki bu jamoalarda terma jamoaga nomzod o‘yinchilar bor. Sizda qanday taassurot qoldirdi?

- O‘sish ko‘zga tashlanyapti. Rustam Turdimurodovning holatini o‘zinglar ham ko‘ryapsizlar. Sherzod Esanovni ham chaqirganmiz. Ammo uni xorijga ketayotgani haqida ma’lumotlar chiqyapti. Bundan faqat xursand bo‘lamiz. O‘rniga boshqa o‘yinchilarni qaraymiz. “Qizilqum”da yosh darvozabon o‘zini ko‘rsatyapti, maydonda o‘ynayotgan yana boshqa iqtidorlar ham bor. Bu yoshdagi yigitlarga e’tibor. Terma jamoaga kelsa albatta ularda o‘zlariga nisbatan ishonch yanada ortadi. Futbolimizning saviyasini ko‘tarish asosiy maqsadimiz. Milliy hamda olimpiya terma jamoalariga raqobatbardosh o‘yinchilarni yetkazib berish ham asosiy vazifalarimizdan biri. Shu maqsad sari ish olib boryapmiz.

- Asosan terma jamoalarda muvaffaqiyatli ish olib boryapsiz. Lekin oxirgi paytlarda sizga “Navbahor”dan taklif bo‘lgani haqida eshitdik. Oldingizda qanday takliflar bor edi?

- Hozircha o‘z o‘rnimda deb hisoblayman. Yoshlar terma jamoalarida ancha yillardan beri tizimli ishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bizdan-da yosh toifasidagi terma murabbiylari bilan ham ish olib boramiz. Bu yerda tizimli ravishda katta ish faoliyati ketyapti. Men aynan mana shu jarayonda qatnashyapman. Bularni tashlab ketish, hayot va ish tarzimni o‘zgartirish rejamda yo‘q. Kelajakda nima bo‘lishini ko‘ramiz. Ha, har doim klublardan takliflar bor. Lekin men hozir o‘zim qiziqqan va foydam tegadigan ishda faoliyat ko‘rsatyapman.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov terma jamoa yig‘ini va yangi takliflar haqida intervyu berdi