10:30 / 27.07.2024
380

Olimpiadada tarixiy gol urgan Shomurodovga bir necha yangi variant chiqa boshladi

Olimpiadada tarixiy gol urgan Shomurodovga bir necha yangi variant chiqa boshladi
Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqalaridan keyin unda qatnashgan ayrim o‘yinchilar faoliyatida o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkinligi tabiiy hol.

Chunki har qanday yirik turnirlar iste’dodli va mahoratli futbolchilar uchun o‘z salohiyatini ko‘rsatishda o‘ziga xos ko‘rik vazifasini o‘taydi. Bu kabi musobaqalarni murabbiylar, ekspertlar, seleksionerlar, skautlar alohida diqqat-e’tibor bilan kuzatib boradi.

Shu ma’noda, Parij Olimpiadasi “Roma”ga tegishli bo‘lgan hujumchi Eldor Shomurodovga ham o‘ziga yangi jamoa topishida muhim ahamiyat kasb etishi kerak. Mavsumoldi tayyorgarlik davrida Rim klubining hujumchimizni Olimpiya o‘yinlariga qo‘yib yuborganidan ham “bo‘rilar” rahbariyati Shomurodovga yangi xaridorlar chiqishidan umidvor ekanini ko‘rsatadi.

Italiya futbolini yoritayotgan nashrlar A Seriyaning ayrim klublari 29 yoshli tajribali hujumchi Eldor Shomurodovni kuzata boshlaganini yozmoqda. Bunga, eng avvalo, Eldor Shomurodov yetakchiligidagi terma jamoamizning jahonning futboli eng jadal rivojlangan ispanlarga qarshi juda zo‘r o‘yin ko‘rsatgani sabab bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga Italiya nashrlari ekspertlarining Olimpiadada qatnashayotgan Eldor Shomurodov bo‘yicha tarqatayotgan ma’lumotlarini havola etamiz.

ANJЕLO CHIARLЕTTA, ilromanista.it sayti eksperti:
- Parij Olimpiadasining futbol musobaqalari qizg‘in pallaga kirib bo‘ldi va birinchi turdanoq kutilmagan qahramonlar gavdalana boshladi. Biz dastlabki turda shiddatli o‘yin ko‘rsatgan “Roma” futbolchisi haqida gapiryapmiz.

Birinchi tur qahramonlari shubhasiz O‘zbekiston va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ishtirokchilari bo‘ldi. Mag‘lubiyatga qaramasdan, Osiyodan kelgan terma jamoa kamida tarixiy natijalar qayd eta oldi.

O‘zbekiston o‘z tarixida Olimpiadalardagi birinchi golini urdi. Biz uchun ahamiyatlisi, bu tarixiy vaqeaga “Roma”ning ham aloqasi borligidir. Chunki gol muallifi rimliklar vakili Eldor Shomurodov bo‘ldi
.

O‘zbek futbolchisi o‘z hamyurtlarimiz Olimpiya o‘yinlari muhitidan bahramand bo‘layotgan bir paytda uning kelajagi hamon mavhum bo‘lib turibdi. “Kalyari”dan ijaradan qaytgan hujumchi “Roma” bosh murabbiyi Daniele De Rossining kelasi mavsum uchun rejalariga kirmaydi va shuning uchun ham nomi transfer bozorida tilga olinmoqda.

“Roma” Shomurodovni to‘liq transfer qilinishini istaydi. Lekin xaridorlar avval uni ijarada o‘ynatib ko‘rish variantini so‘ramoqda. Ayni paytda Shomurodovni “Venetsiya”, “Parma” va “Jenoa” kuzatmoqda.

JAKOMO JЕSSI, calciocasteddu.it sayti eksperti:
- Shomurodov uchun Olimpiya o‘yinlaridagi sarguzashtlar Ispaniya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, O‘zbekistonning bu musobaqadagi ilk golini kiritish bilan boshlandi.

Olimpiya o‘yinlari “Roma” loyihasidan chetga chiqib qolgan hujumchi uchun o‘z imkoniyatlarini namoyish qilish uchun muhim imkoniyat.

“Kalyari” ham bu forvardni unutgani yo‘q. Sardiniyaliklar jamoaning A Seriyada qolishiga hissa qo‘shgan hujumchini “Roma”dan 9 million yevro evaziga to‘liq transfer qilish imkonini topa olmadi va endi ular rimliklardan chegirma olish maqsadida qulay payt poylab turibdi.

Agar “Roma” sardiniyaliklarning taklifini qabul qiladigan bo‘lsa, “Kalyari” bu transferni Olimpiya o‘yinlaridan keyin rasmiylashtirishga qarshi emas
.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabridan beri Italiya chempionatida to‘p tepmoqda. “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya”, “Kalyari” jamoalarida faoliyat yuritgan hujumchimiz A Seriyada 102 ta uchrashuvda 15 ta gol va 9 ta assist qayd etgan.

Shomurodov Italiya kubogida to‘rtta bellashuvda qatnashib, bittadan gol va golli uzatma muallifi bo‘ldi.

“Roma”dagi jamoadoshlari bilan UYEFA Konfederatsiyalar kubogining ilk g‘olibiga aylangan hamyurtimiz “bo‘rilar” tarkibida xalqaro maydonda jami 13 ta uchrashuvda ikkita to‘p kiritgan va bir juft assist rasmiylashtirgan.

Eldorning poytaxt klubi bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etishi belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpiadada tarixiy gol urgan Shomurodovga bir necha yangi variant chiqa boshladi