496
O‘yinning oxirigacha bir xillikdan voz kechmagan termamiz va turnirni nari-beri yoritayotgan O‘FA
Kecha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Misrga mag‘lub bo‘lib, "Parij-2024"da guruhda qolib ketishi aniq bo‘lib ulgurdi. Biroz sovib oldik hamda vaziyatni tushunib yetdik. Aslida, yigitlarimizning shu yerga yetib kelgani katta natija. Chindan ham Olimpiadada hali ishtirok etmagan vakillarimiz uchun bu kabi katta turnirdagi debyutda qandaydir katta natija kutish noto‘g‘ri. Shunchaki, bu yigitlar Osiyoda juda dadil ko‘rindi va maksimal omma mehrini qozondi. Biroq Olimpiada Osiyo chempionati emas. Bu yerda xalqaro tajribaga ega terma jamoalar bor va ular har doim ham biz kutganday o‘yin namoyish etmaydi.
Hozircha yosh va shijoatli termamiz raqibga moslashib o‘ynash funksiyasini u qadar yaxshi hadisini olmagan ekan. Sababi, yigitlar nima bo‘lgan taqdirda ham yorqin o‘ynaydi. Aynan Ispaniyaga qarshi bahsda raqibning kuchini bilardik, ammo hujumkor futbol namoyish etishdan to‘xtamadik. Albatta, bu yaxshi. Biroq Misrga qarshi bellashuvda mana shu hujumkorlik bilan "qattiq himoya"ni yorib o‘ta olmadik. Raqibning uchrashuv uchun rejasida ishtirokchi bo‘lib qoldik.
Eng alam qiladigan tarafi shundaki, Misrga qarshi bahsda terma jamoamiz ikkinchi qavatni to‘liq boy berdi. Yondashuv o‘zini oqlamagan paytda o‘yinni o‘zgartirish bizga zarur edi. Biroq biz uchrashuv yakuniga qadar mana shunday krosslardan foydalandik. Raqib mudofaasini yorib o‘tishning yagona yo‘li sifatida shuni tanladik. Afsuski, bu yo‘l o‘ta kuchli himoyalangandi. Balki, boshqa yo‘llardan borsak, hech bo‘lmasa, umidni saqlab qolgan bo‘larmidik?
O‘zgarishlar
Mazkur uchrashuvda amalga oshirilgan o‘zgarishlar o‘zini oqlamadi va ayrimlari xato bo‘ldi ham deya olamiz. Ilk bellashuvda va kecha ham o‘yini chiqmagan Oston O‘runov ikkinchi taym avvalida zahiraga olingani to‘g‘ri qarordir. Ammo uzoqdan yo‘llayotgan zarbalari bilan, kreativ qarorlari bilan raqibga xavf solib turgan Jasur Jaloliddinovni zahiraga olinishi, shuningdek, o‘z darajasini ko‘rsata olmagan bo‘lsa ham, reydlari bilan misrlik himoyachilarni qiynab turgan Shomurodovning almashtirilishi u qadar o‘zini oqlamadi, chamamda.
Bundan tashqari, o‘zgarishlar taktik sxemani oyog‘ini osmondan qilib tashladi. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida shunchaki tavakkal oldinga diagonal uzatmalar, qanotlardan krosslardan boshqa biror aytarlik vaziyat yarata olmadik va haqli mag‘lubiyatni qabul qilib oldik. Agressiv, zich va xatolarsiz harakat qilgan misrliklar xatolarimizdan unumli foydalanib, yutib ketdi o‘yinni.
Turnirning yoritilishi
Buni qarangki, ushbu turnirda terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun 400dan ziyod muxlis Parijga bordi. Buning uchun mutasaddilarga rahmat aytish kerak. Biroq O‘FA yoki MOQ U23 terma jamoamizning ishtirokini yaxshi yoritdi, deya olmaymiz. Misol uchun, terma jamoamizning mashg‘ulotlaridan foto yoki videolar, o‘yindan oldingi futbolchilarimizning fikri, umuman oddiy elementar qilinadigan ishlar ham qolib ketdi. Biz ulardan eksklyuziv materiallar talab qilmayapmiz ham. Bundan tashqari, futbolchilarimizdan "mikst zona"da intervyu olganda ovoz masalasiga ham e’tibor berish kerakdir.
Tasavvur qiling, O‘FA bergan o‘sha flesh intervyuni biror xorij nashri assotsiatsiyaning ijtimoiy sahifalari orqali topib, o‘z tiliga o‘girmoqchi. Ammo bunaqa sifatsiz yozib olingan ovoz bilan aytilgan gaplarni faqat o‘zbek tilini o‘ta yaxshi bilganlargina tushunishi mumkin. Jurnalistlar uchun ajratilgan joy va aynan tanlanganlar borasida ham e’tirozlar bo‘lishi mumkin. Sababi, biz mazkur turnir haroratini his qilmadik.
O‘yindan tashqarida biror e’tiborga arzigulik "event"lar, eksklyuzivlar bo‘lmadi. Mana shunday paytda O‘FA o‘z terma jamoasi o‘ynagan bahslarni qanday yoritish borasida jahon tajribasini o‘rgansa ham bo‘lardi. Biroq Temur Kapadze va jurnalistning xalqimizga bergan qo‘shma intervyusi zo‘r chiqqan. Mana shuni ta’kidlab o‘tgan holda, fikrlarimga yakun yasayman.
Karim Xudayqulov maqolasi
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»