date
views 1 002

Sensatsiya koʻtargan qozoq dzyudochisi oʻzbek pahlavoniga yutqazganidan keyin haqiqatni aytdi

Sensatsiya koʻtargan qozoq dzyudochisi oʻzbek pahlavoniga yutqazganidan keyin haqiqatni aytdi
Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida medallar uchun kurash qizgʻin davom etmoqda.

Dzyudo boʻyicha 100 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasining eng qiziqarli bahslaridan biri qoʻshni mamlakatlar – Oʻzbekiston va Qozogʻiston polvonlari – Muzaffar Toʻraboev va Nurlixan Sharxan oʻrtasida kechdi.

Iste'dodli dzyudochi Nurlixan Sharxan birinchi bosqichda taniqli raqib – ikki karra Evropa chempioni belgiyalik Toma Nikiforovni magʻlubiyatga uchratgandi. Qozoq polvonining 31 yoshli raqibni enggani shov-shuvli natija sifatida e'tirof etildi.

Nurlixan chorak final uchun bahsda oʻzidan boʻyi ancha baland boʻlgan Muzaffar Toʻraboev bilan bahs olib bordi. Uchrashuvda hamyurtimiz ippon bahosi bilan raqibi ustidan ishonchli gʻalabaga erishdi.

Nurlixan Sharxan magʻlubiyatdan keyin ushbu bahs haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Birinchi uchrashuvda men Belgiyadan kelgan sportchidan kuchli chiqdim. Lekin ikkinchi bosqichda oʻzbekistonlik raqibga yutqazib qoʻydim.

Shuni aytamanki, men ochiq va halol kurashdim, borimni berdim. Shuningdek, murabbiylarim bergan koʻrsatmalarga toʻliq amal qildim. Shu bilan birga charchaganim, toliqib qolganim ham yoʻq.

Raqibimning boʻyicha menikidan baland boʻlsa ham, kuch-quvvat jihatidan mendan ustun edi, deb aytolmayman. Boʻyimizdagi farq magʻlubiyatga sabab boʻlgani yoʻq. Bu menga umuman noqulaylik tugʻdirmadi. Hakamlarga ham hech qanday e'tirozim yoʻq. Men barcha xatolarga oʻzim yoʻl qoʻydim, deb hisoblayman.

Olimpiada shunday musobaqaki, unda hamma narsaga sabr-toqat bilan, xotirjam munosabatda boʻlish kerak. Bu gal qoʻlimdan kelgan barchasini qildim.

Endi keyingi Olimpiya oʻyinlarida gʻolib chiqishga umid qilaman. Barcha muxlislarimiz, vatandoshlarimiz va oilamni meni qoʻllab-quvvatlab turishgani uchun rahmat aytaman
, - dedi Nurlixan Sharxan.

Qozogʻistonlik raqibidan ustun kelgan Muzaffar Toʻraboev katta tajribaga ega mahoratli dzyudo ustalaridan hisoblanadi. 24 yoshli oʻzbek pahlavoni 2022 yilgi jahon chempionati gʻolibidir. Bundan tashqari, Muzaffar Osiyo oʻyinlari va qit'a chempionatlari, “Katta Dubulgʻa” turnirlari va nufuzli xalqaro musobaqalarda muntazam shohsupaga koʻtarilib keladi.

Muzaffar Toʻraboev Parij Olimpiadasi bronza medali sohibiga aylandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sensatsiya koʻtargan qozoq dzyudochisi oʻzbek pahlavoniga yutqazganidan keyin haqiqatni aytdi