00:20 / 07.08.2024
619

Eldor Shomurodov Angliyaga ketdi!

Eldor Shomurodov Angliyaga ketdi!
Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida ishtirok etayotgan jamoalar mavsumoldi tayyorgarlik yig‘inlarining so‘nggi bosqichini o‘tkazmoqda. Tez orada “top-5” ligalari boshlanadi va jamoalar rasmiy uchrashuvlarga kirishadi.

“Roma” yangi mavsumda yuqori o‘rinlar va jamoaga orzu bo‘lib kelayotgan Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Jamoa bosh murabbiyi Daniele De Rossi qaroriga ko‘ra, Rim klubi rahbariyati jamoaga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini Angliyada tashkil etib berdi.

Murabbiylar shtabi bir necha kun avval tarkibdagi barcha o‘yinchilarni olib Angliya milliy terma jamoasining mashg‘ulotlar bazasi – “Sent-Jorjes-Park” qarorgohiga jo‘nab ketgandi. Faqat ikki futbolchi – “Roma”ga yangi qo‘shilgan ukrainalik Artyom Dovbik va Olimpiya o‘yinlaridan keyin Italiya poytaxtiga yetib borgan Eldor Shomurodov viza bilan bog‘liq masalalar tufayli Rimda qolib ketgandi.

Italiya matbuoti har ikki o‘yinchining hujjat masalalari hal bo‘lgani va ular Angliyaga otlanganini yozmoqda.

- Daniele De Rossi tez orada butun jamoani jamlaydi. Artyom Dovbik va Eldor Shomurodovning viza bilan bog‘liq muammolari hal etildi. Ular endi qolgan jamoadoshlariga qo‘shiladi, - deb yozdi vocegiallorossa.it sayti jurnalisti Luka Kampanya.

- “Roma”ga yangi qo‘shilgan Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov Angliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida “Barnsli”ga qarshi o‘tkazilgan birinchi o‘rtoqlik uchrashuviga ulgurgani yo‘q. Biroq rimliklarni 10 avgust kuni “Everton” bilan tashkil etiladigan navbatdagi qiziqarli bellashuv kutib turibdi.

Rimliklar yangi mavsumning birinchi o‘yini – 18 avgust kuni “Kalyari” maydonida bo‘ladigan birinchi tur bahsiga tayyorlanmoqda
, - deb axborot tarqatdi “Roma” faoliyatini muntazam yoritib kelayotgan forzaroma.info sayti.

Yana bir nufuzli manba – goalsicilia.it sayti Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritdi.

- Tajribali hujumchi Eldor Shomurodovga “Roma” hujum chizig‘idan joy tegmasligi mumkin. Joze Mourino tomonidan poytaxtga taklif qilingan o‘zbek futbolchisi o‘ziga yangi jamoa topishi kerak.

29 yoshli legionerga tez orada “Verona”da taklif kelishi kutilmoqda. Veronaliklar mavsum boshlangunicha tarkibini markaziy hujumchi bilan kuchaytirishga harakat qiladi.

O‘zbek futbolisining rimliklar bilan shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha davom etadi. “Roma”ga egalik qiluvchi Den Fridkin hujumchini to‘liq transfer qilinishini istayapti.

Shomurodov o‘tgan mavsumda “Kalyari” uchun prinsipial ahamiyatga ega uchta gol urdi va muhim gollarga assistentlik qildi. Biroq sardiniyaliklar uni olib qolish uchun yetarlicha mablag‘ topa olmadi.

Eldor Shomurodovning o‘zi o‘tgan mavsumda og‘ir jarohat tufayli o‘zini yetarli darajada ko‘rsata olmadim, degan fikrda. Forvard yangi chempionatda yana bir bor nimalarga qodirligini namoyish qilishga ahd qilgan
, - deb yozdi goalsicilia.it sayti.

Umuman olganda, “Roma” sport direktori Floran Gisolfi hozirgi tarkibdan to‘qqiz nafar futbolchini boshqa klublarga o‘tkazish borasida ish olib boryapti.

- Floran Gisolfi tarkibdagi to‘qqiz nafar futbolchi – Temmi Abraxam, Kris Smolling, Marash Kumbulla, Rik Karsdorp, Dembo Darboye, Ola Solbakken, Edoardo Bove, Nikola Zalevski va Eldor Shomurodovni boshqa klublarga transfer qilish orqali klub g‘aznasiga kamida 40 million yevro atrofida mablag‘ tushirmoqchi. Shunga qaramay, Smolling, Shomurodov, Kumbulla va Karsdorpga yangi jamoa topish oson bo‘lmaydi, - deb yozdi italiyalik jurnalist Janluka Pyachentini Il Corriere della Sera gazetasida.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Italiyada shu kunga qadar “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” jamoalari safida A Seriyada jami 102 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 15 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga to‘qqizta golli pas uzatgan.

Bundan tashqari, 29 yoshli legionerimiz Italiya kubogi, UYEFA Konferensiyalar kubogi va Yevropa Ligasi kabi musobaqalarda ham bir necha uchrashuvlarda maydonga tushib, ularning har birida gollar hisobini ochishga erishgan.

Eldor Shomurodov 2021 yili “Roma” safida Yevropadagi yagona sovrini – UYEFA Konferensiyalar kubogini qo‘lga kiritgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov Angliyaga ketdi!