12:08 / 07.08.2024
1 385

Bahodir Jalolov muhim yangilikni aytdi!

Bahodir Jalolov muhim yangilikni aytdi!
Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari hal qiluvchi pallaga kirdi.

Bu galgi Olimpiada ham O‘zbekiston terma jamoasi charm qo‘lqop ustalari uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda. Erkaklar o‘rtasidagi boks bellashuvlariga kirishgan yetti nafar hamyurtimizdan uch nafari – Hasanboy Do‘smatov, Lazizbek Mullajonov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev final masalasini hal qilib, yakuniy jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yana ikki nafar hamyurtimiz – Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalakov tez orada yarim final janglarini o‘tkazadi.

O‘ta og‘ir vaznda havaskorlar boksida eng kuchli charm qo‘lqop ustasi nomini hech kimga bermay kelayotgan Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasida ashaddiy raqibi Qamshibek Kunkabayevning kutilmagan mag‘lubiyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, Bahodir kelajakdagi rejalari haqida ham muhim ma’lumotlarni berdi.

- Biz Qamshibek bilan do‘stmiz. Men uning mag‘lubiyatidan juda xafa bo‘ldim. Qamshibek bilan finalda kuch sinashishni rejalashtirgan edik. Unga kelasi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilayman. Qamshibek Qozog‘iston nomini jahon arenalarida tanitgan sportchilardan biri.

- O‘zbekiston Olimpiadada uchta oltin medal olishga tayyorlanyaptimi?
- Nega endi faqat uchta? Beshta oltin medal olmoqchimiz. Hozircha uch nafar bokschimiz finalga yo‘llanma oldi. Endi finalga chiqish Abdumalik Xalakov va mening navbatim. O‘z janglarimizda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Keyingi Olimpiya o‘yinlarida ham qantashish rejangiz bormi?
- Yo‘q, bundan keyin to‘liq professional boksga o‘tib ketaman.

Parij Olimpiadasining o‘ta og‘ir vazn toifasidagi bellashuvlarda amaldagi olimpiya chempioni Bahodir Jalolov norvegiyalik Umar Muhamad Shixa va avstraliyalik Teramoana Juniorni mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga chiqdi.

Final yo‘llanmasi uchun bo‘ladigan bahsda Bahodir Jalolov final yo‘lida germaniyalik Nelvi Raman Tiafak bilan jang qiladi. Jalolovning jangi 8 avgust kuni tungi soat 01:00 dan keyin boshlanishi belgilangan.

30 yoshli Bahodir Jalolov havaskor bokschilar o‘rtasida Tokio Olimpiadasi chempioni hisoblanadi. Bundan tashqari, jahon chempionatlarida ikkita oltin va bitta bronza medal jamg‘argan.

Osiyo o‘yinlari g‘olibi va qit’a chempionatlarida uch marotaba shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.

Bahodir Jalolov professional boksdagi faoliyatini ham boshlab yuborgan. Kuchli zarbaga ega hamyurtimiz hozirgacha professional ringda 14 ta jang o‘tkazib, bu bahslarning barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan.

Havaskorlar boksida barcha nufuzli musobaqalar chempionligiga sazovor bo‘lgan Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasidan keyin to‘liq professional boksga o‘tadi. Uning navbatdagi maqsadi professionallar orasida ham o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritish bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov muhim yangilikni aytdi!