20:27 / 08.08.2024
256

Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi!

Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi!
Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabr oyida Rossiya Premer-ligasidan “top-5” chempionatlari qatoriga kiruvchi A Seriya vakili “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgan edi.

Hujumchimiz Italiyaning eng qadimiy jamoasidagi faoliyatini juda yaxshi boshladi. 32 ta uchrashuvda sakkizta gol urgan o‘zbek futbolchisining nomi shundan beri har transfer mavsumida muxlisu mutaxassislar diqqat markazidan tushmay kelmoqda.

Boshida Italiya chempionatida yangi paydo bo‘lgan to‘purarni “Yuventus” va “Roma” o‘zaro talashdi. Hamyurtimiz poytaxt klubini tanladi. Shundan keyin yiliga ikki bor – qishki va yozgi transferlar oynasi ochilishi bilan Shomurodovga turli takliflar chiqa boshladi.

Italiya chempionati boshlanishi arafasida Eldor yana o‘ziga yangi ish joyi topishi talab etiladi. Ayni paytda 29 yoshli forvardimiz Angliyada tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda. Viza bilan bog‘liq muammolar tufayli Shomurodov va Artyom Dovbik “Roma”ning xorij yig‘iniga oxiri borib qo‘shildi.

- Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov Angliyaga tunda yetib kelgani bois, bosh murabbiy Daniele De Rossi boshchiligidagi murabbiylar shtabi ertalabki mashg‘ulotlarni bir soat ortga surdi. Bu qaror kech yetib kelgan ikki hujumchining yetarli darajada dam olishiga imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi, - deb yozdi Corriere dello Sport gazetasi.

Italiya matbuoti o‘zbek hujumchisiga “Verona” jiddiy qiziqayotgani va “Roma”dan o‘yinchini ijaraga olishni rejalashtirayotgani haqida yozmoqda.

Yana bir necha manbalar tajribali legionerga yangi da’vogar paydo bo‘lganini xabar qila boshladi.

- Transfer bozorida Eldor Shomurodovga faqatgina “Verona” qiziqayotgani yo‘q. Yana boshqa klub paydo bo‘ldi. Daniele de Rossining yangi mavsum uchun rejalariga kiritilmagan Eldor Shomurodov tez orada boshqa klubga o‘tishi kutilmoqda.

O‘tgan mavsumda Shomurodov ijara asosida “Kalyari”da o‘ynadi. Klaudio Raneri jamoasi yuqori diviziondagi joyini saqlab qoldi, biroq Eldor Shomurodovni o‘z tarkibida olib qolgani yo‘q.

Shu tariqa, o‘zbek hujumchisi 2026 yilning yarmigacha davom etadigan shartnomasi asosida “Roma”ga qaytib keldi. Endi u yana transferini to‘liq sotib olish huquqi bilan boshqa klubga ijaraga ketadi.

Bir necha kundan beri Shomurodovning kelajagini “Verona” bilan bog‘lashmoqda. Veronaliklar A Seriyani yaxshi biladigan tajribali hujumchi qidiryapti. So‘nggi pallada o‘zbek hujumchisiga yangi da’vogar – “Sampdoriya” og‘iz sola boshladi
, - deb yozmoqda italiyalik futbol eksperti Andrea Jove.

Bu ma’lumotlarni Il Tempo gazetasi, onefootball.com hamda planetaroma.net saytlari kabi yana bir necha manbalar ham tasdiqladi.

- “Sampdoriya” bosh murabbiyi Andrea Pirloga jamoani A Seriyaga olib chiqish uchun tajribali hujumchi yordami kerak. Liguriyaliklar ana shu maqsadda “Roma”dan Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni so‘radi.

Bu masalada ko‘p narsa Eldor Shomurodovning tanloviga bog‘liq. Markaziy hujumchi V Seriyada o‘ynashga rozi bo‘ladimi yoki yo‘q
, - deb yozmoqda romaforever.it sayti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi!