07:04 / 13.08.2024
366

AQSHda o‘zbek bokschilarining Olimpiadadagi g‘alabalariga qanday baho berishdi?

AQSHda o‘zbek bokschilarining Olimpiadadagi g‘alabalariga qanday baho berishdi?
Parij Olimpiadasining boks musobaqalari beshta oltin medaoni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarining katta ustunlikdagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Yettita vaznda o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda beshta oltin medalga o‘zbek boks maktabi vakillari – Hasanboy Do‘smatov, Lazizbek Mullajonov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Abdumalik Xalakov va Bahodir Jalolov ega chiqdi. Yana ikkita oltin medalni kubalik Erislandi Alvares va ukrainalik Aleksandr Xijnyakka nasib qildi.

AQSHning yakkakurash sport turlari ixtisoslashgan eng nufuzli nashrlaridan biri – badlefthook.com portali o‘zbek bokschilari Parij Olimpiadasida fantastik natijalarni qo‘lga kiritganini e’tirof etgan.

57 kilogramm vazn toifasidagi finalda Abdumalik Xalakov qirg‘izistonlik Munarbek Seyitbek o‘g‘lini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘ta og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov ispaniyalik Ayub Gadfani katta ustunlik bilan yengib, ikki karra olimpiya chempioni bo‘ldi.

Amerikaning nufuzli nashri O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga oxirgi oltin medallarni qo‘shgan Abdumalik Xalakov va Bahodir Jalolovning finaldagi janglariga munosabat bildirdi.

- O‘zbek bokschisidan oltin medal uchun yana bir shiddatli jang bo‘ldi. Xalakovning medali terma jamoasi uchun to‘rtinchi oltin bo‘ldi. Ular Parijda aqlbovar qilmas darajada ishtirok etdi.

Abdumalik ajoyib bokschi va boshqalardan yaqqol ustun ekanini ko‘rsatdi. Qirg‘iziston esa, Munarbek Sayitbek o‘g‘lining kumush medali bilan haqli ravishda faxrlanishi kerak. Bu bokschi finalda juda zo‘r raqibga ro‘baro‘ kelib qoldi.

Bahodir Jalolov ham ringda ustunlikka erishib, ikkinchi olimpiya oltin medalini o‘ziniki qilishi kutilgandi. U buni uddaladi va O‘zbekiston 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi oltin medallari sonini 8 taga yetkazib qo‘ydi.

Endi Jalolovdan professional bokschilik faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratishini kutib qolamiz. Bu galgi Olimpiya o‘yinlari uning uchun oxirgisi bo‘ldi
, - deb yozdi badlefthook.com portali.

Darhaqiqat, Parij Olimpiadasida o‘zbek bokschilarining ishtirokida o‘ta muvaffaqiyatli chiqdi. To‘liq tarkib – yetti nafar bokschidan beshtasi finalgacha yetib keldi va birorta yo‘qotishlarsiz so‘nggi janglarni ham o‘z foydasiga hal qildi.

E’tiborli jihati – bokschilarimiz Parij ringlarida mahorat va tajribasini namoyish qilib, janglarda katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi.

Bungacha havaskorlar orasida barcha nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqqan Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov ikki karra olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan kamsonli charm qo‘lqop ustalari qatoriga qo‘shildi.

Umuman olganda, 30 yoshli Bahodir o‘ta og‘ir vazn toifasida Olimpiadaning ikki oltin medaliga ega chiqqan birinchi bokschi sifatida nomini tarixga muhrlab qo‘ydi.

Hasanboy Do‘smatov esa, ikki vazn toifasida ham tengsiz ekanini isbotlab, Rio de Janeyro va Parij Olimpiadalari tarixiga o‘z nomini muhrladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » AQSHda o‘zbek bokschilarining Olimpiadadagi g‘alabalariga qanday baho berishdi?