22:15 / 29.08.2024
126

Shomurodov uchun kurashga kutilmagan jamoa qo‘shildi

Shomurodov uchun kurashga kutilmagan jamoa qo‘shildi
Eldor Shomurodov A Seriyaning yangi mavsumida 13 daqiqa o‘ynab, “Empoli” darvozasini ishg‘ol qilgani hamyurtimizni yana transfer bozoriga qaytardi.

Bu gol va legionerimizning mashg‘ulot va uchrashuvidagi faolligini ko‘rgan bosh murabbiy Daniele De Rossi o‘zbek hujumchisini Rimda olib qolish haqida bosh qotira boshladi. Italiyalik mutaxassis unga aynan Eldordek tezkor, shiddatli va borini berib shug‘ullanadigan va o‘ynaydigan futbolchilar kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga “Roma”ning mavsumdagi ilk va hozircha yagona golini urgan hujumchini so‘rayotgan jamoalar soni ortib bormoqda. Goldan keyin chempionat autsayderi “Lechche” Shomurodov timsolida jamoani yuqori divizionda olib qolishga qodir hujumchini ko‘rdi. Bu jamoa rimliklardan Eldorni ijaraga berishni so‘rayapti.

Italiyaning bir necha manbalari endi o‘zbek hujumchisi uchun kurashga A Seriyaning yana bir klubi – “Venetsiya” qo‘shilgani haqida ma’lumot tarqatmoqda.

- O‘tgan mavsumda “Kalyari” safida o‘ynagan hujumchi “Venetsiya” nishoniga tushdi. Bu ijara muddatini yakunlab, “Roma”ga qaytgan Eldor Shomurodovdir.

“O‘zbek Messi”si ikkinchi bo‘limda Matias Sulening o‘rniga maydonga tushdi va o‘yinga qo‘shilganidan keyin uch daqiqa o‘tib rimliklarning mavsumdagi birinchi golini urdi. Hozir “Venetsiya” forvardni transfer qilish yo‘llarini qidirmoqda
, - deb yozdi cagliarinews24.com sayti eksperti Janluka Saderi.

Yana bir nufuzli manba – La Gazzetta dello Sport “Venetsiya”ning transfer siyosati va maqsadlari haqida yanada batafsil ma’lumot berdi.

- “Venetsiya”ning daniyalik hujumchisi Kristian Gitkyayerni “Sassuolo” o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi. Gitkyayer venetsiyaliklarning asosiy forvardi hisoblanadi va A Seriyadagi dastlabki ikki turda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.

“Venetsiya” mutasaddilari bu hujumchi o‘rniga “Kalyari”dan “Roma”ga qaytgan 29 yoshli Eldor Shomurodovni olib kelmoqchi. Transfer oynasining so‘nggi kunida venetsiyaliklar tarkibida ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda
, - deb yozdi La Gazzetta dello Sport nashri.

Italiyaning retesport.it sayti ekspertlari “Venetsiya”ga Shomurodovni olish oson bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.

- Eldor Shomurodov “Empoli”ga gol urgani va bosh murabbiy Daniele De Rossidan maqtov so‘zlarini eshitganidan keyin bu hujumchi Italiyaning bir necha klublari e’tiborini o‘ziga tortdi.

Xususan. “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko ham “Roma” forvardini o‘z jamoasida ko‘rmoqchi. Golgacha rimliklar legioner bilan xayrlashishga tayyor edi.

Hozir “Roma” hujumchilaridan Temmi Abraxam boshqa klubga o‘tmoqchi. Agar uning ortidan Eldor Shomurodov ham ketadigan bo‘lsa, markaziy hujumchi sifatida o‘ynaydigan yagona forvard – Artyom Dovbik yolg‘izlanib qoladi. Ayni paytda tomonlar Shomurodov transferi bo‘yicha puxta o‘ylab ish ko‘rishiga to‘g‘ri kelmoqda
, - deb yozdi retesport.it sayti.

Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabr oyida A Seriyaga ko‘chib o‘tgan. 29 yoshli hujumchimiz shundan beri Italiya chempionatida “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” tarkibida jami 103 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 16 ta gol va 9 ta assist yozdirib qo‘ydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov uchun kurashga kutilmagan jamoa qo‘shildi