12:35 / 31.08.2024
69

Shomurodov faoliyatini qaysi jamoada davom ettirishi hal bo‘ldi

Shomurodov faoliyatini qaysi jamoada davom ettirishi hal bo‘ldi
Eldor Shomurodov kelajagiga oydinlik kiritdi. 29 yoshli hujumchining “Roma” tarkibida o‘tkazgan 13 daqiqa o‘yini ko‘p narsani hal qildi.

Aslida taqdir legionerimizni turli jamoalarga yetaklashi mumkin. Yozgi transferlar oynasi davomida Italiyaning “Kalyari”, “Parma”, “Venetsiya”, “Verona”, “Sampdoriya”, Turkiyaning “Trabzonspor”, AQSHning “Atlanta Yunayted” kabi jamoalari Shomurodovni o‘z tarkibiga qo‘shib olishni istagan edi.

“Roma” rahbariyati, xususan, bosh murabbiy Daniele De Rossi so‘nggi bir yarim yilni boshqa klublarda ijarada o‘tkazgan o‘zbekistonlik forvardni yangi mavsum rejalariga kiritmaganini ochiq-oydin aytdi.

Klubning ichidagi vaziyatni tuttoasroma.it sayti eksperti Valerio Konti quyidagicha izohladi.

- Eldor Shomurodov hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Mashg‘ulotlardagi qat’iyat, mehnatkashlik va “Empoli” bilan bo‘lgan uchrashuvdagi ajoyib ko‘rsatkichlar Daniele De Rossining fikrini o‘zgartirdi va italiyalik murabbiy o‘zbek futbolchisini ijaraga berib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaror qildi.

Voqealar bunaqa yechim topishini hech kim kutmagan edi. Eldor Parijdagi Olimpiya o‘yinlari tufayli “Roma”dagi tayyorgarlik bosqichini juda kech boshladi. Bir yarim yildan keyin “Roma” safida maydonga tushgan hujumchi jamoasining yangi mavsumdagi birinchi golini urdi. Shartnomasi yakunlanishiga ikki yil qolganida o‘zbek o‘yinchisi faoliyatida yangi sahifa ochishga harakat qilmoqda.

Shomurodov endi markaziy hujumchi vazifasini bajarish uchun yangi olingan Artyom Dovbik bilan asosiy tarkibga kirish uchun o‘zaro raqobatlashadi. Shuningdek, Daniele De Rossi bu pozitsiyasida argentinalik jahon chempioni Paulo Dibaladan ham foydalanmoqchi ekanini yashirmayapti
, - deb yozdi Valerio Konti.

Ta’kidlash joizki, yozgi transferlar vaqtida “Roma” mutasaddilari bir necha o‘yinchilardan qutilishga harakat qilayotgan edi. Xususan, angliyalik hujumchi Temmi Abraxamni “Milan”ga o‘tkazish rejalashtirgan, klubga yetti yil xizmati singgan niderlandiyalik himoyachi Rik Karsdorpga o‘ziga boshqa jamoa topmadi va oxir-oqibat u bilan shartnoma bekor qilindi. Hujumkor futbolchi Edoardor Bove Germaniya chempionati vakili “Ayntraxt”ga o‘tishni ma’qul ko‘rmoqda.

Umuman olganda, Rim klubi mutasaddilari va murabbiylar shtabi ketishi kerak bo‘lgan o‘yinchilar orasida faqatgina Eldor Shomurodov bo‘yicha rejasini o‘zgartirdi xolos.

Italiya manbalari bosh murabbiy Daniele De Rossi ishonchini oqlay boshlagan 29 yoshli o‘zbek futbolchisi ham transfer oynasi yopilishi arafasida o‘ziga bir necha klublardan chorlov bo‘layotganiga qaramay, “Roma”da qolishga va asosiy tarkibga kirish uchun kurashishga tayyorligini bildirgan.

“Roma” joriy mavsumda A Seriya va Italiya kubogidan tashqari Yevropa Ligasi asosiy bosqichida ham ishtirok etadi. Qit’a miqyosidagi musobaqada “bo‘rilar” qur’a natijasiga ko‘ra, “Ayntraxt Frankfurt”, “Tottenxem”, “Sporting Braga”, “AZ Alkmaar”, “Dinamo Kiyev”, “Yunion Sen-Jilluaz”, “Atletik Bilbao” va “Elfsborg” bilan bahslashadi.

Demak, oldinda o‘yinlar ko‘p. Endi Eldor Shomurodovdan o‘ziga berilayotgan imkoniyatdan iloji boricha unumliroq foydalanib, gollar va assistlar bilan “Roma” muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shish talab etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov faoliyatini qaysi jamoada davom ettirishi hal bo‘ldi