08:36 / 07.09.2024
80

Eldor Shomurodov “DiSu”ga qarshi!

Eldor Shomurodov “DiSu”ga qarshi!
“Roma” yangi chempionatni kutilgan darajada boshlay olgani yo‘q. Poytaxt klubi A Seriyada hali g‘alabalar hisobini ocholmadi. Daniele De Rossi shogirdlari ikki ochko bilan musobaqa jadvalining 16-pog‘onasiga tushib qolgan.

“Roma” mavsumda faqat bittagina gol urgan A Seriyaning beshta jamoasidan biri hisoblanadi. Ana shu yagona gol Eldor Shomurodov hisobiga yozilgan.

Ayni paytda “Roma”ning aksariyat o‘yinchilari o‘z mamlakatlari terma jamoalariga yo‘l olgan. Navbatdagi tur oldidan murabbiylar shtabi yangi muammoga duch keldi. Asosiy markaziy hujumchi Artyom Dovbikda jarohat aniqlangan va ukrainalik futbolchi qachon safga qaytishi mavhum bo‘lib turibdi.

Italiya matbuoti Daniele De Rossi yaqingacha o‘z rejalariga kiritmagan Eldor Shomurodovga suyanish vaziyatdan chiqishning asosiy yechimi ekanini yozmoqda. Bundan tashqari, Eldor boshlang‘ich tarkibga kirishi uchun Argentina terma jamoasi hujumchilari Paulo Dibala va Matias Sule bilan ichki raqobat olib borishiga to‘g‘ri keladi.

ROMATODAY.IT:
Rim klubi xunuk xabar oldi. Daniele De Rossi tanlagan yangi markaziy hujumchi Artyom Dovbikni jarohat tufayli yo‘qotdi. Ukrainalik o‘yinchi “Jenoa”ga qarshi maydonga tusha olmaydi. “Roma”ning hozircha yagona goli muallifi bo‘lib turgan o‘zbekistonlik markaziy hujumchi Eldor Shomurodov “Marassi”da “Jenoa” bilan bo‘ladigan bahsda Artyom Dovbik o‘rnini egallashi kutilmoqda.

Dovbik mavsum avvalida esda qolarli natija qayd etgani yo‘q. Ispaniya chempionatining eng zo‘r to‘purari Rimda birinchi golini kutyapti. Dovbik “Kalyari”, “Empoli” va “Yuventus”ga qarshi bahslarni juda bo‘sh o‘tkazdi.

Dovbik mushaklarini shikastlab olgani aniqlangan. Endi unga shikoforlar aniq tashxis qo‘yishi va davolanish kursini o‘tashi kerak.

Artyom katta ehtimol bilan “Jenoa”ga qarshi bahsda qatnashmaydi. Uning o‘rnini egallashga birinchi nomzod Eldor Shomurodov. Kutilmaganda Trigoriyada qolgan, “bo‘rilar”ning yagona golini urgan o‘zbek futbolchisi yana o‘zini ko‘rsatishi uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lmoqda. Eldor sobiq jamoasi “Jenoa”ga qarshi bahsda “Roma”ga foyda keltirishga tayyor.

Daniele De Rossi ixtiyorida yana bir variant bor. Bu “DiSu”, ya’ni Paulo Dibala va Matias Sule tandemi. Ko‘p narsa bu ikki o‘yinchi Argentina terma jamoasidan qay holatda qaytishiga bog‘liq.

LAROMA24.IT:
“Roma” klubi tibbiyot xodimlari Artyom Dovbikni tezroq safga qaytarishga harakat qilmoqda. Bosh murabbiy Daniele De Rossi vaziyatga yechim qidiryapti. Bu vaziyatda “Empoli”ga gol urgan Eldor Shomurodov asosiy planga chiqadi.

O‘zbekiston terma jamoasi sardori Shimoliy Koreyaga qarshi 87 daqiqa o‘ynadi.

De Rossi hujum markazida Paulo Dibaladan foydalanishi ham mumkin. Bunda unga oldingi chiziqda Matias Sule va Lorenso Pellegrini yordam beradi.

ILROMANISTA.EU:
“Roma” 15 sentyabr kuni “Jenoa” mehmoni bo‘ladi. Ukrainalik hujumchi Artyom Dovbik Rimga kelib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Dovbik bir necha kun ichida terapevtik muolajalarni olishi, individual mashg‘ulotlar o‘tashi va shundan so‘ng, asosiy guruh bilan shug‘ullanishi mumkin. Agar Artyom “Jenoa”ga qarshi uchrashuvgacha safga qaytmasa, uni “Roma” – “Udineze” o‘yinida kutamiz.

Daniele De Rossi terma jamoadagi o‘yinlar Dovbikning o‘yinini ochilib ketishiga xizmat qiladi, deb kutgandi. Afsuski, u bellashuvlarni o‘tkazib yuboryapti.

Bo‘lajak bahs oldidan murabbiylar shtabi oldida ikkita variant bor. Birinchisi, Eldor Shomurodov. Keyingisi Paulo Dibala.

Daniele De Rossi o‘zbek hujumchisi ishonchli o‘yinlari bilan “Roma”dagi faoliyatini tiklab olishini kutmoqda.

Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov 10 sentyabr kuni safarda Qirg‘iziston bilan bo‘ladigan rasmiy uchrashuvdan keyin Rimga qaytadi va sobiq jamoasi – “Jenoa” bilan bahsga tayyorgarlik ko‘radi.

A Seriyaning to‘rtinchi tur bahsida qaysi futbolchilar boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi terma jamoalar ixtiyoriga ketgan Shomurodov, Dibala va Sulening uzoq safar – boshqa qit’alardan qay holatda qaytishiga bog‘liq bo‘ladi.

“Jenoa” va “Roma” o‘rtasidagi uchrashuv 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov “DiSu”ga qarshi!