19:59 / 11.09.2024
70

Kim qanday o‘ynadi? Milliy jamoaning dastlabki ikki o‘yiniga nazar

Kim qanday o‘ynadi? Milliy jamoaning dastlabki ikki o‘yiniga nazar
O‘zbekiston milliy jamoasi besh kun ichida ikkita muhim va kutilmaganda qiyin uchrashuv o‘tkazdi va 100 foizlik natija bilan Eronga sherik sifatida guruh peshqadami bo‘lib oldi. Tajribalar allaqachon tugagani va bosh murabbiy Srechko Katanes o‘zi uchun asosiy futbolchilarni tanlab bo‘lganini e’tiborga olgan holda, o‘tgan ikki o‘yinga aynan maydonga tushgan futbolchilar bo‘yicha baho beramiz. Bundan buyog‘iga qayerdandir yangi yulduz paydo bo‘lishi yoki kimdir safga qaytishidan ham ko‘proq, aynan mashg‘ulotlar va taktika orqali mavjud tarkibdan optimal foydalanish asosiy vazifaga aylanadi.

Darvozabon

O‘tkir Yusupov


Qirg‘izistondagi o‘yinda darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ikki zarbadan ikki gol o‘tkazgan bo‘lsa-da, o‘sha gollarda himoyachilarning xatosi ko‘proq bo‘lgani, qolaversa, zarbalar yetarlicha yaqin masofadan yo‘llanganini e’tiborga olish kerak. Shimoliy Koreyaga qarshi Toshkentda kechgan o‘yinda esa u penalti qaytardi va hisobdagi ustunlikni saqlab qoldi.

Umuman olganda, birinchi raqamli darvozabon O‘tkir Yusupovning ikki o‘yinini ham yaxshi deb baholash mumkin. Kamida, milliy jamoadagi o‘z o‘rnini mustahkamladiki, pasaytirib qo‘ymadi. Yusupov – Ne’matov raqobatida hozircha O‘tkir biroz ustunlikka ega. Tabiiyki, Ne’matov ham borligi muxlislarni xotirjam qiladi. Yusupovga Eron tajribasi ham qo‘l kelishni boshlasa kerak, ayniqsa, standart vaziyatlarda, yuqori uzatmalarga chiqishda ijobiy o‘zgarishni kutish mumkin.

Laterallar

Sherzod Nasrulloyev:

- O‘yin vaqti – 180 daqiqa
- Assist – 2
- Aniq paslar – 83/108
- To‘p yo‘qotish – 1
- Yerdagi yakkakurashlar – 2/8
- Yuqori qavatdagi kurashlar – 5/7
- Qoida buzish – 1
- Aldab o‘tildi – 2
- To‘pni egallab olish – 14
- Zarba – 1
- Golli vaziyat yaratish – 3
- O‘rtacha baho – 7,7.

Hojiakbar Alijonov:
- O‘yin vaqti – 133 daqiqa
- Aniq paslar – 76/97
- To‘p yo‘qotish – 1
- Yerdagi yakkakurashlar – 5/10
- Yuqori qavatdagi kurashlar – 0/0
- Qoida buzish – 0
- Aldab o‘tildi – 1
- To‘pni egallash – 10
-Zarba – 3
- Golli vaziyat yaratish – 1
- O‘rtacha baho – 7.

Umuman olganda, qanot futbolchilarimiz yomon taassurot qoldirishmadi. 3-5-2 yoki 3-4-3 sxemasi aynan qanot himoyachilarning funksiyalari nuqtayi nazaridan 4 himoyachili sxemalardan keskin farq qilishini inobatga olsak, Katanes aynan mana shu pozitsiyadagi futbolchilarga moslashishga harakat qilganini taxmin qilish qiyin emas. Ushbu pozitsiya mazkur sxemada eng muhim sanaladi va mos ijrochilarsiz uch markaziy himoyachili sxemada o‘ynashning sira iloji yo‘q.

Qanotlarga e’tibor berilsa, o‘ziga xos muvozanatni ko‘rish mumkin – chapda to‘pni o‘ng oyoqqa qabul qiladigan va markazga o‘tib o‘ynaydigan Masharipov va usluban uning aksi bo‘lgan, ya’ni to‘pni yo‘liga qabul qiladigan va asosan tezlik bilan yorib kirishga harakat qiladigan Nasrulloyev. O‘ng qanotda esa buning aksi, Alijonov ko‘proq Masharipov uslubiga o‘xshash harakat qiladi, O‘runov o‘ng qanotda o‘ng oyoqli klassik vinger, jarima maydoniga yorib kiradi.

Masharipov (Fayzullayev ham) to‘pni o‘zida saqlagan holda qanot futbolchisi yorib kirishini kutsa, O‘runovning vazifasi umuman boshqacha – u oldingi chiziqda to‘pni himoyachidan o‘zi qabul qilishi lozim. Shuning uchun ham Alijonov va Nasrulloyev bir qaraganda ayni pozitsiyada bo‘lishsa-da, maydondagi vazifalar nuqtayi nazaridan bir-biridan keskin farq qilishadi.

Shu jihatdan, Masharipov bilan birga Sayfiyev emas, Nasrulloyev o‘ynayotgani o‘zini oqlayapti, deyish mumkin. Masharipov bilan birga Nasrulloyevda hujumga qo‘shilish va assistlar amalga oshirish uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladi. Uning reydlari chap qanotdan ham xavfli uzatmalar amalga oshishiga imkon yaratmoqda. Keyingi o‘yinlar uchun ham qayd etish mumkinki, Sherzod aynan shu yo‘nalishda ko‘proq foyda keltirishi mumkin. Agar raqib jarima maydonida ochilishlarni ko‘paytirsa, unga yetarlicha uzatmalar bo‘lishini kutsak bo‘ladi. Alijonovdan esa, boshqacha uslubni kutamiz – uning ko‘proq markaziy himoyachilar bilan o‘ynashi va oldingi chiziqdagi zonalarni o‘z vaqtida payqashi lozim bo‘ladi. Taqqoslash o‘rinli bo‘lsa, «Liverpul» qanot futbolchilaridan olsak, Nasrulloyev ko‘proq Robertson, Alijonov esa Trent-Aleksandr Arnolddan namuna olishiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy himoyachilar

Husniddin Aliqulov:
- O‘yin vaqti – 180 daqiqa
- Gol – 1
- Zarbalar – 4
- Aniq paslar – 78/98
- To‘pni qaytarish – 12
- To‘pni egallash – 9
- Aldab o‘tildi – 1
- Yerdagi yakkakurashlar – 4/7
- Yuqori qavatdagi kurash – 5/10
- Qoida buzish – 2
- O‘rtacha baho – 7,6.

Umar Eshmurodov:
- O‘yin vaqti – 180 daqiqa
- Aniq paslar – 57/66
- To‘pni qaytarish – 7
- To‘pni egallash – 5
- Aldab o‘tildi – 1
- Yerdagi yakkakurashlar – 2/4
- Yuqori qavatdagi kurash – 0/5
- Qoida buzish – 0
- O‘rtacha baho – 6,5.

Rustam Ashurmatov:
- O‘yin vaqti – 152 daqiqa
- Aniq paslar – 72/93
- To‘pni qaytarish – 6
- To‘pni egallash – 14
- Aldab o‘tildi – 1
- Yerdagi yakkakurashlar – 5/10
- Yuqori qavatdagi kurash – 3/8
- Qoida buzish – 1
- O‘rtacha baho – 6,9.

Aslida, raqiblar saviyasidan kelib chiqsak, markaziy himoyamiz mukammal o‘yinni namoyish qilishi kutiladi. Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda jiddiy e’tirozlar yo‘q ham. Ammo Qirg‘izistondagi o‘yinning ayniqsa, birinchi bo‘limida aynan markaziy himoyachilarimizda sarosima sezildi. O‘tkazib yuborilgan birinchi golni ushbu uchlik gardaniga yuklash mumkin.

Quyida qirg‘izlar hisobga ochgan hujumning boshlanishi aks etgan. Qarshi hujumda, uzoq masofaga berilgan pas hisobiga ushbu vaziyat yuzaga kelganini e’tiborga olsak, Nasrulloyevning yuqori pozitsiyasi ham tushunarli. Ammo uzatma biroz noqulay va xavfsiz hududga berilganini inobatga olsak, birdaniga ikki himoyachimizning qanotdagi vingerga hujum qilishi, ayniqsa, Kojoning qulay pozitsiyaga chiqqanini ham hisobga olsak, noto‘g‘ri bo‘ldi. Bu vaziyatda qirg‘izistonlik futbolchi birgina pas bilan sherigini Yusupov bilan yakkama yakka chiqarib yuborishi mumkin edi.

Yuqoridagi rasmga yana bir bor e’tibor bering, Alimardon Shukurov faol hujumga qo‘shilishga harakat qilyapti, uning yonida tayanch yarimhimoyachilarimizdan hech kim yo‘q. Bu esa, oddiy vaziyatni 3 ga 3 xavfli holatga aylantirmoqda.

Birinchi rasmdagi holat golli vaziyatga olib kelmadi, uzatma noaniq chiqdi, ammo ikkinchi tempda yetib kelgan Alimardon Shukurov to‘pni egallab oldi. Ikkinchi rasmdan ko‘rish mumkinki, Hamrobekov uni yopishga ulgurmadi va ancha orqada qolib ketdi. O‘ng qanotda birdaniga ikki markaziy himoyachimiz tashlangani uchun Aliqulov qiyin vaziyatda qoldi. U ham Shukurovga peshvoz chiqishi, ham Kojoni qochirmasligi kerak. Bu vaziyatda Eshmurodov Kojoni Aliqulovdan «qabul qilib olishi» lozim edi. Ammo hech kim hech narsaga ulgurmadi.

Birinchi bo‘lim oxirida Aliqulov hisobni 2:2 ko‘rinishiga yetkazib, juda muhim burilishga sabab bo‘ldi. Ammo baribir, uchligimiz hatto Qirg‘iziston bilan muammolarga duch kelayotgani kishini biroz xavotirga soladi. Nazarimda, keyingi o‘yinlarda qaytadigan Abduqodir Husanov aynan Umar Eshmurodovning o‘rnini egallasa kerak.

Markaz

Otabek Shukurov:

- O‘yin vaqti – 161 daqiqa
- Assist – 1
- Aniq paslar – 100/118
- Golli vaziyat – 4
- Zarbalar – 3
- Raqib jarima maydoniga uzatmalar – 12
- To‘pni olib qo‘yish – 5
- To‘pni egallash – 11
- Aldab o‘tildi – 2
- Yerdagi yakkakurashlar – 7/13
- Yuqori qavatdagi kurashlar – 2/5
- Qoida buzish – 3
- O‘rtacha baho – 7,8.

Odil Hamrobekov:
- O‘yin vaqti – 180 daqiqa
- Aniq paslar – 78/101
- Golli vaziyat – 1
- Zarbalar – 1
- Raqib jarima maydoniga uzatmalar – 13
- To‘pni olib qo‘yish – 5
- To‘pni egallash – 11
- Aldab o‘tildi – 4
- Yerdagi yakkakurashlar – 7/15
- Yuqori qavatdagi kurashlar – 3/3
- Qoida buzish – 3
- Penaltiga sabab bo‘lish – 1
- O‘rtacha baho – 7,1.

Yuqoridagi raqamlar ikki o‘yin bo‘yicha olingan, ammo agar har ikki uchrashuvni alohida ko‘rib chiqsak, Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda aynan markaziy yarimhimoya chizig‘i pand berganini ko‘ramiz. O‘z maydonimizda favorit sifatida tushgan o‘yinimizda aynan tayanch zonasi o‘yinni boshqarishi kutiladi. Ammo biz o‘sha o‘yinda to‘pni ko‘ngildagidek nazorat qila olmadik, hatto foiz hisobida ustunlik raqibda bo‘ldi. Masalan, Hamrobekov butun o‘yin davomida atigi 25 ta aniq pas berdi – ikki jamoa futbolchilari orasida 13-o‘rin. Agar O‘zbekistonning Eron, Avstraliya kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlari bilan taqqoslasak ham, Odil avvalgi o‘yinlarda ikki barobar ko‘proq to‘p bilan muomala qilgandi. Ayniqsa, ham Shukurov, ham Hamrobekovning to‘pni egallashi hamono oldingi chiziqqa o‘tkir pas berishga urinishi, ko‘p o‘rinlarda shoshilishi natijasida o‘yinning biroz xaotik ko‘rinishiga zamin yaratdi.

Yuqorida Qirg‘izistonning birinchi golini ko‘rib chiqdik. Standart vaziyatda o‘tkazib yuborilgan ikkinchi golda butun jamoa, jumladan, tayanch zonasi vakillarining ham aybi bor.

Uzoq masofadan yuqorilatib oshirilgan to‘p qaytarilgach, bu safar ham ikkinchi tempni boy berdik. Zaripbekov bosh bilan to‘pni jarima maydoni markaziga qaytarayotgan paytda yetarlicha katta hududda Abdurahmonov ochiq qoldirilgan. Birinchi goldagi xatoga o‘xshaydi – birdaniga uch futbolchi Zaripbekovga tashlanishi va jarima maydonida biznikilar ikki barobar ko‘p bo‘lsa-da, katta ochiq zona paydo bo‘ldi. Standart vaziyatlarda personal yoki zonal himoya amal qilinishidan qat’i nazar bunday joylashuv kechirilmaydi – ham katta zona, ham raqib futbolchisi e’tiborsiz qoldirilgan.

Hujum

- Jaloliddin Masharipov (O‘rtacha baho – 8,2)
- Oston O‘runov (O‘rtacha baho – 7,5)
- Eldor Shomurodov (O‘rtacha baho – 8,1)

Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar shart emas, oddiy ko‘z bilan ham ushbu futbolchilarning o‘yindagi ta’sirini ilg‘ash mumkin. Uchala futbolchi o‘z hisobiga bittadan gol yozib qo‘ydi – Masharipov va O‘runov hal qiluvchi gollarni urgan, Shomurodov hisobni tenglashtirib, qaysidir ma’noda jamoani o‘yinga qaytargan.

Milliy jamoa avvalgi siklda so‘nggi bosqichgacha yetib kelolmaganini yaxshi eslaymiz. Buning bugungi kunga ta’sir qiladigan salbiy holatlardan biri shundaki, tarkibda bunday jiddiy o‘yinlar tajribasiga ega futbolchilar ko‘p emas, axir so‘nggi bosqich tajribasi bo‘lishi uchun futbolchi 7 yil oldin ham milliy jamoaga jalb qilingan bo‘lishi kerak. Saralash bosqichidagi so‘nggi o‘yin – Janubiy Koreya bilan Toshkentdagi alamli durangda ishtirok etgan futbolchilardan faqat uch nafari hozir ham tarkibda: Otabek Shukurov, Jaloliddin Masharipov va Eldor Shomurodov. Demak, aynan mana shu uchlikka boshqalardan ko‘ra ko‘proq vazifa yuklanadi.

Shukurov va Shomurodovning jamoadagi foydali o‘yinlari yangilik emas, Otabek o‘tgan ikki o‘yinda faqat avvalgi o‘zi bilan solishtirganda biroz ishonchni oqlamagan bo‘lsa-da, uning salohiyati ma’lum. Aynan Jaloliddin Masharipovning o‘yini aytish mumkinki, yaxshi tomondan syurpriz bo‘ldi. Ikki safar ham Masharipov o‘yinni boshqarishga urindi, avvallari ko‘p kuzatiladigan noo‘rin fintlar va noaniq zarbalar ko‘rinmadi. Imkon qadar jamoa uchun o‘ynayotgani, kerakli paytda oddiy, ammo ishonchli qarorlar qabul qilayotgani odamni xursand qiladi. Ayniqsa, yuqorida tilga olganimizdek, uning Nasrulloyev bilan juftligi hujum chizig‘ida yangi chizgilar yaratyapti. Masharipovning Shomurodov bilan ham o‘zaro bog‘lami ko‘ngildagidek deyish mumkin. Agar Masharipov xuddi shu shaklda markaziy yarimhimoyachilar bilan ham tushunish darajasini oshirsa, ko‘p qavatli kombinatsiyalarda ishtirok etishni kuchaytirsa, yoki masalan, Fayzullayev va Erkinov bilan ham birga samarali o‘ynay olishini namoyish qilsa, jiddiyroq, hal qiluvchi o‘yinlarda ilgari kuzatilmagan Masharipovni ko‘rishimiz mumkin.

Ostonni esa, har tomondan Qirg‘izistondagi muhim individual gol qutqarib qoldi.

Srechko Katanes

Qirg‘iziston bilan o‘yin ssenariysi Katanes uchun yangilik emas. Uning O‘zbekistondagi faoliyatida mana shunday kechgan uchrashuvlar ko‘p bo‘ldi – o‘yinda burilish yasash, ochiq futbolda ijrochilardan foydalanish yomonmas – maydonda Masharipovni emas, O‘runovni olib qolish qarorining o‘zi ham yakunda g‘alabaga sabab bo‘lganini e’tirof etish kerak.

Ammo ko‘proq Shimoliy Koreya bilan o‘yin biroz pessimistik hissiyotlarni yaratdi. O‘z maydonimizda kuchsiz raqib bilan bemalol o‘yinni nazorat qilish mumkin bo‘lgan sharoitda qoniqarli darajada o‘yin ko‘rsata olmadik. Agar penaltidan hisob tenglashganida, keyingi golni urish juda qiyin bo‘lishi sezilib turgandi. Kuchli jamoalar bilan munosib o‘ynash, kambeklar juda yaxshi, ammo ikki yildan beri deyarli o‘zgarishsiz tarkib va taktikada jamoani boshqarayotgan, birgalikda Osiyo kubogi tajribasiga ega bo‘lgan murabbiy hozirgi pallada o‘zgarmas o‘yin bazasiga ega bo‘lgan jamoani shakllantirib bo‘lishi kerak.

O‘yin bazasi nima degani? Masalan, jamoa raqibga qarab turli reja tuzishi, himoyaviy yoki hujumkor rejimda harakat qilishi, to‘pni nazorat qilish yoki raqibga topshirishga qaror qilishi mumkin. Ammo bundan mustaqil ravishda jamoada doimo ishlaydigan asoslar bo‘lishi shart. Kvadrat o‘ynaysiz-ku, mana shu ishni kattaroq zonada, yarimmaydonda qilish mumkin, ma’lum harakatlar orqali ochiq zonalar va futbolchilar paydo qilinadi. Ba’zida tez. Ba’zida pastroq tempda. Bu nima uchun kerak? Raqib bosim qilishi, o‘yin uslubi buzilib ketishi, reja ish bermasligi, futbolchilar sport formasi pasayib qolishi mumkin, shunday holatlarda to‘plab ushlab turiladi, maydonning turli hududlarida son jihatdan ustunlikni tashkil qilib, to‘p o‘sha hududlarga olib boriladi va hokazo.

Yoki autdan to‘p otganda joylashuv orqali to‘pni saqlab turish, darvozabon o‘yinga kiritayotganda oldirib qo‘ymaslik, xullas, gol urishdan tashqari vazifalar – o‘yin tempini nazorat qilish orqali qulay o‘yin kartinasi yaratishga urinish.

Busiz jamoa saviyasi bo‘yicha ustunlik yo‘qqa chiqib qoladi, raqib Shimoliy Koreya bo‘ladimi, Qirg‘izistonmi, tenglik yuzaga kelib qoladi, mahorat yordam bermaydi. G‘alaba qozonish shart bo‘lgan o‘yinlarda ham kutilmaganlik faktori paydo bo‘ladi. Bu esa jahon chempionatiga chiqish uchun eng katta va xavfli to‘siq.

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kim qanday o‘ynadi? Milliy jamoaning dastlabki ikki o‘yiniga nazar