15:45 / 24.09.2024
276

Bahodir Jalolovni katta xavfdan ogohlantirishdi!

Bahodir Jalolovni katta xavfdan ogohlantirishdi!
Barcha yakkakurash turlari singari boksda ham o‘ta og‘ir vazndagi to‘qnashuvlar muxlisu mutaxassislarda alohida qiziqish uyg‘otadi.

Xususan, professional boksning IBF yo‘nalishi chempionlik kamari uchun britaniyalik charm qo‘lqop ustalari – Entoni Joshua va Daniel Dyubua o‘rtasidagi bellashuv ham ko‘pchilikning diqqatini jalb qildi.

To‘qnashuv favoriti hisoblangan Joshuaning beshinchi raunddayoq nokautga uchragani boks ekspertlarining o‘ta og‘ir vazn toifasini tahlil qilib chiqishga undadi.

Mutaxassislar Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlar professional ringda ahamiyatini yo‘qotishini, keyingi paytda havaskorlar boksida ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotgan charm qo‘lqop ustalarini professional janglarda katta sinovlar kutib turganini tahlil qilib berdi. Xususan, bu xulosalar o‘ta og‘ir vazn toifasida ikki karra olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan yagona bokschi Bahodir Jalolovga ham tegishli.

“Sidney – 2000”

Avstraliyadagi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqasida o‘ta og‘ir vazn toifasida britaniyalik Odli Xarrison g‘olib chiqqan. O‘z davrining eng mashhur bokschisi bo‘lgan Odli professional ringga chiqishga rozi bo‘lgani uchungina 1 million funt olgan edi. Biroq Xarrisonning katta ringdagi ishlari yurishmadi. 38 ta jangdan 7 tasida mag‘lub bo‘ldi, birorta chempionlik kamarini qo‘lga kirita olmadi.

O‘sha Olimpiada sovrindori Paolo Vidos ham professionalga o‘tgandi. Lekin 28 ta g‘alabaga erishgan italiyalik 11 ta uchrashuvda “kaltak yegan”.

“Afina – 2004”

Qadimiy Olimpiya o‘yinlari vatanidagi musobaqada o‘ta og‘ir vazn toifasida shohsupaga ko‘tarilgan to‘rt nafar bokschidan faqatgina rossiyalik Aleksandr Povetkin profringga qadam qo‘ydi xolos. Bu bokschining ishtiroki professional boksda ukrainalik chempion Vladimir Klichko hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keldi.Bu ikki bokschi o‘rtasidagi to‘qnashuvga Moskva shahri mezbonlik qildi. Unda Klichko Povetkin unga bas kela olmasligini isbotlab qo‘ydi.

“Pekin – 2008”

Superog‘ir vaznda Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan italiyalik Roberto Kamarelle havaskorlar orasida qolishni ma’qul ko‘rdi. Unga finalda yutqazgan xitoylik Jiley Jang profringga o‘tdi.

Qirq yoshdan o‘tganda “ochilgan” bokschi 29 ta jangdan faqat ikkitasida Filip Xrgovich va Jozef Parkerga ochkolar hisobida yutqazgan bo‘lsa-da, mashhur jangchi Jo Joysni ikki marta, Deontey Uaylderni bir bor nokautga uchratib, bor kuchini ko‘rsatib qo‘ydi.

Olimpiadada sovrindor bo‘lgan ukrainalik Vyacheslav Glazkov 21 ta jangdan iborat g‘alabali seriya namoyish qilib, eng muhim – IBF kamari uchun to‘qnashuvda nokautga uchrab, faoliyatini yakunladi.

Yana bir bronza medal sohibi Devid Prays professional janglarda yetti bor nokautga uchragani britaniyalik bokschiga havaskorlar boksidagi tajribasi ish bermaganini ko‘rsatadi.

“London – 2012”

O‘z yurtidagi musobaqa qahramoni Entoni Joshuaning oxirgi jangda qay ahvolga tushganini ko‘rdik. Olimpiada chempioni sifatida professional boksga katta umidlar bilan kirib kelgan Joshua 2019 yili Endi Ruizga to‘qnash kelib, nokautga tushmagunicha barcha raqiblarini do‘pposlagan. Biroq, Ruizdan keyin turli yillarda Oleksandr Usikka ikki marta yengildi. Dyubua Entonini yenggan uchinchi bokschi bo‘ldi.

Londonda sovrindor bo‘lgan qozog‘istonlik Ivan Dichko va ozarbayjonlik Magomedrasul Mejidov ham professional faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi. Mejidov to‘rtinchi jangida yengilganidan keyin katta ringga yaqinlashmay qo‘ydi. Qozog‘istonlik bokschi yaqinda 14-g‘alabasini nishonladi. Biroq Dichkoga taqdim qilingan raqiblar ancha bo‘sh ekani ta’kidlanmoqda.

“Rio-de-Janeyro – 2016”

Olim Braziliyada o‘ta og‘ir vazn toifasida oltin medalni Toni Yoka qo‘lga kiritgan. Biroq professionallar orasida o‘ziga “non” yo‘q ekanini darrov tushunib yetdi va sovrinlarga da’vogarlik qilmadi.

Toni Yokaga finalda raqiblik qilgan Jo Joys ancha jiddiy bokschi chiqib qoldi. O‘z davrida WBO kamariga egalik qildi. Hatto Entoni Joshuani nokaut qilgan yangi qahramon Dyubuaning ham ta’zirini (10-raundda nokaut) bergan. Lekin “qariya” Jiley Jang Jo Joysni ikki bor yer tishlatgan. Oxirgi jangda Derek Chisora ham Joysni urib qo‘ydi.

Olimpiada sovrindori Filip Xrgovich 17 tada g‘alabadan iborat seriyadan keyin Daniel Dyubuadan texnik nokautga uchrab, professional boksda hozircha sovringa ko‘z tikolmaydigan bo‘ldi.

“Tokio – 2020”

Kunchiqar yurtda o‘ta og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov chempion bo‘ldi. “Katta O‘zbek” to‘liq profiboksga o‘tishga shoshilmadi. Havaskorlar boksida barcha nufuzli musobaqalarda yana chempionligini isbotlashga kirishdi va buni uddaladi. Shu bilan professional janglarda ham qantashib turdi va 14 ta jangning barchasida nokaut bilan zafar quchdi.

Finalda Bahodirga yutqazgan amerikalik Richard Torres ham katta ringda yaxshi odimlamoqda. 11 nafar raqibini mag‘lub eta oldi. Bronza medal sohibi Freyzer Klark sakkizta g‘alaba va bitta durang qayd etdi. Yana bir sovrindor Qamshibek Kunkabayev hisobida beshta g‘alaba bor.

“Parij – 2024”

Parij Olimpiadasida boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida medal olgan to‘rt nafar bokschi orasida faqatgina Bahodir Jalolov professional janglarda ishtirok etish tajribasiga ega. Qolganlari hali katta ringga yaqin yo‘lamagan.

Bahodir Jalolov Parij ringlaridagi oxirgi g‘alabasidan keyin havaskorlar safini tark etishini ma’lum qildi.

30 yoshli o‘zbek bokschisidan professional ringda ham juda katta natijalar kutishayotgani bor gap. Biroq, professional boks umuman boshqa sport turi hisoblanadi. Unda raqiblar darajasi yuklamalar, jang uslubi, hatto qo‘lqoplar ham boshqacha.

Professional janglarda rekordi mag‘lubiyatlarga to‘lib yotgan raqib ham o‘ta xavfli hisoblanadi va bir zarba bilan masalani hal qilib qo‘yishi mumkin. Albatta, bulardan Jalolovning o‘zi ham yaxshigina xabardor.

Xo‘sh, Jalolov professionallar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishga qodirmi?

Mutaxassislar bu savolga ijobiy javob qaytarmoqda. Tabiiyki, Bahodirning professional ringdagi faoliyati ko‘pchilikka qiziq. Biroq shunisi aniqki, katta ringda ulkan g‘alabalar osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolovni katta xavfdan ogohlantirishdi!
ePN