18:20 / 16.10.2024
42

"Hasta me’mor"ning yengilmas jamoasi! Nursiz o‘yin, ammo yorqin natijalar

"Hasta me’mor"ning yengilmas jamoasi! Nursiz o‘yin, ammo yorqin natijalar
Avvalambor BAAga qarshi o‘yindagi g‘alaba bilan barcha o‘zbekistonliklarni tabriklamoqchiman. Mazkur o‘yin bir necha kun avval bo‘lgan Eronga qarshi uchrashuvdagi barcha shovqinlarni yo‘q qilib, yaxshi ma’nodagi shovqinlarga sababchi bo‘ldi. Biz Birlashgan Arab Amirliklarini hech qachon o‘z maydonimizda yenga olmaganmiz. Bugun shu "qora an’ana" ham barham topdi. Bundan tashqari, "JCH-2026"ga chiqish uchun katta qadam tashladik. Aniqroq qilib aytsak, 5-tur oldidan yo‘llanma taqdim etuvchi pog‘onadamiz va bizdan so‘ng "katta jarlik". Jarlikning narigi tarafida esa BAA va Qatar.

To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, Eronga qarshi bellashuvdagi durang bizni rostmana e’tirozlarimizga sabab bo‘ldi. Biroq hech kim Osiyo kubogida Yaponiyani taslim etgan va bugun Qatar darvozasiga 4 ta gol urgan forslar bilan 3 ta bahsdan beri durang o‘ynayotganimizni eslamadi. Biz 30 daqiqa bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynaganimiz va o‘sha 30 daqiqada raqibdan yomonroq o‘ynaganimiz fakt. Biroq Eronga KXDRdan boshqa (katta ehtimol bilan ular ham mag‘lub bo‘ladi) hamma (BAA, Qatar, Qirg‘iz Respublikasi) mag‘lub bo‘ldi. Ammo biz emas. Bu bizni ustunligimizni va o‘sha termalardan farqimizni belgilab beruvchi jihat.

BAA Eronga mag‘lub bo‘lishidan tashqari Shimoliy Koreya bilan bahsda ochko yo‘qotdi (o‘z maydonida). Shuningdek, Qatar ham xuddi arablar kabi koreyslarga ochko ulashdi. Biz esa hozircha bu termaga qarshi o‘tkazgan uchrashuvimizda g‘alaba qozondik. Ya’ni qoqilishimiz kerak bo‘lmagan joyda hozircha qoqilmay, tik oyoqda kelyapmiz. Bu juda zo‘r.

Katanetsning uslubi ko‘p tanqid qilindi. Uning taktikasi qo‘pol qilib aytganda, uslubsizlik degandik. Biroq shukrlar bo‘lsinki, biz hozir Saudiya Arabistoniga 3:0 hisobida yutqazadigan yoki Osiyoda top-10 orasiga arang kiradigan terma jamoa emasmiz. Biz Avstraliyadan (1:1) ham yomon o‘ynamadik va Eronni uch safardan beri xafsalasini pir qilyapmiz. Bundan tashqari, mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan terma jamoalar orasida ayni dam dunyoda eng yaxshimiz (20 ta o‘yin).

Men Srechkoni o‘yin uslubining muxlisi emasman. Ochig‘i, yoqmaydi ham. Ammo natija bor, muxlislar xursand, uzoq yillik orzu esa ro‘yobga chiqish arafasida. Ha, biz bunga har doimgidan ko‘proq yaqinmiz. 8,5 ta kvota borligini asos qilib ko‘rsatuvchilar ham topiladi. Biroq ayni damda Qatar, Iordaniya, Iroq, Indoneziya, Ummon va hatto qo‘shnilarimiz Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi ham yo‘limizdagi oddiy raqib emas. Futbolida pasayish bo‘layotgan termalar fonida o‘sish bo‘layotganlari ko‘pchilikni tashkil qilishi ham fakt.

Bugun uchrashuvni ko‘rib bo‘lgach, uyga qaytayotgandim. Stadiondan chiqishda 200-300 nafar atrofidagi muxlislar qo‘shiq kuylab, katta shovqin bilan stadionni asta-sekinlik bilan tark etyapti. Eng qizig‘i, xursandchilik jamoat transportlarida ham davom etmoqda. Hatto ob-havoning noqulayligi ham bunga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan. Shunday holatda, o‘zim yoqtirmagan taktika va termamizning ayni damdagi biroz hasta me’moriga rahmat aytgim keldi. U va futbolchilarning ehtiyotkorligi va tanqidlar yomg‘irida ham o‘z o‘yin uslubiga sodiq qolganining mevasi bo‘ldi bugungi g‘alaba. Bundan tashqari, o‘zimiz istasak hujumkorroq o‘ynashimiz mumkinligini ham yigitlar isbotlab berdi.

Qatar ustidan qozonilgan g‘alaba Mundial eshigining yonidagi "Welcome" deb yozilgan gilamchani bosgudek orzumiz sari yaqinlashtiradi. Keyin shunchaki biroz o‘zimizda kuch topib eshikni ochishimiz qoladi xolos. 48 ta terma jamoa qatnashgan taqdirda va Osiyo uchun 8,5 ta yo‘llanma bo‘lgandan keyin Mundialga chiqishimiz u qadar katta ish emas va "kayf" bermaydi deguvchilar, shunga ham chiqa olmagan taqdirimizda qanchalik og‘riqli bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rsin. Shunday ekan, payti kelsa, xursand bo‘laylik. Hozircha xafa qilishmayapti-ku, har holda.

Karim Xudayqulov

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Hasta me’mor"ning yengilmas jamoasi! Nursiz o‘yin, ammo yorqin natijalar