01:23 / 02.11.2024
39

Ro‘ziqul Berdiyev tarixiy chempionlikdan so‘ng nimalar dedi?

Ro‘ziqul Berdiyev tarixiy chempionlikdan so‘ng nimalar dedi?
Superliganing 23-turida "Lokomotiv"ga qarshi o‘yindan keyin chempionlikni qo‘lga kiritgan "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

"O‘yin haqida gapiraymi yoki chempionlik haqidami?(kuladi). Bugungi tarixiy g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Bugungi o‘yin "Lokomotiv" jamoasi uchun ham juda muhim edi. Bizdan ko‘ra ularga ko‘proq ochkolar kerak edi. Dastlabki bo‘limning boshida ko‘p vaziyatlar yarata oldik. "Lokomotiv" futbolchisi maydondan chetlatilganidan so‘ng esa, bizda ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘la boshladi. Ko‘p shoshdik deb ayta olaman. Akmal Mozgovoy ba’zida hujumga qo‘shilib turar edi. Bugun ham shunday ishlarni amalga oshirdi va yakunda uchrashuvdagi yagona golni kiritdi", - dedi Ro‘ziqul Sa’dullayevich bugungi uchrashuv haqida.

- Rahbariyat chempionlik uchun qandaydir sovrin pullari va’da berganmidi?

- Bizga aniq bir narsa va’da berilmagandi, lekin rahbariyatimiz yaxshi e’tibor bo‘lishini aytib o‘tgandi. Bizda barcha futbolchilarning jamoa o‘yini uchun qo‘shgan hissasi munosib rag‘batlantiriladi. Mukofot puli bo‘yicha hali gap bo‘lmadi, ammo biz hatto tasavvur qilmagan narsalar bo‘lishi mumkin. Umid qilamanki, yigitlarning mehnati munosib taqdirlanadi.

- Avvallari ham "Nasaf" chempionlikka juda yaqin kelgandi, lekin yakunda oltin medallar boshqa jamoaga nasib etgandi. Joriy mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritish uchun qanday o‘zgarishlarga qo‘l urdingizki, "ajdarlar" uchun orzu bo‘lib kelgan chempionatdagi chempionlik jamoaga nasib etdi?

- Oldimizga aniq maqsad qo‘yilgandi. Rahbariyat va homiylarimiz ham joriy mavsumga jiddiy yondashishdi. Biz jamoaga yanada ko‘proq e’tibor qilsak, balki bu safar chempion bo‘larmiz degan niyatda o‘z oldimizga maqsadlar qo‘ygandik. Bizga barcha sharoitlar taqdim etildi, bizga kerakli futbolchilar jamoamizga olib kelindi. Shuningdek, jamoamiz o‘yinini o‘zgartirdik. Biz natija eng muhimi ekanligini tushundik. Shu sababli ba’zi bir uchrashuvlarda natijani birinchi o‘ringa qo‘ydik. Futbolchilarning ishtiyoqi ham katta rol o‘ynadi. Azaliy raqiblarimizning ochko yo‘qotishlari ham bizga ma’qul keldi. Chempionlikka ta’sir o‘tkazgan jihatlar juda ko‘p, ammo eng asosiysi bu jiddiy yondashuv bo‘ldi.

- Har bir chempionlikning ortida qaysidir pozitsiyaning juda yaxshi o‘yini asosiy sabablardan biri bo‘ladi. Masalan, hujum chizig‘i yaxshiroq o‘ynaydi, himoyachilar yoki darvozabon. Joriy mavsum "Nasaf"da qaysi pozitsiyaning futbolchilari juda yaxshi va barqaror o‘yin namoyish etdi deb o‘ylaysiz? Misol uchun, hujum chizig‘iga e’tibor qaratsak. Jamoangiz joriy mavsumda 31ta gol urdi va bu o‘rtacha natija hisoblanadi. Qaysi chiziq vakillari sizning jamoangizda asosiy rolni o‘ynadi?

- Bu qiyinroq savol. Biz bir jamoa sifatida ushbu natijaga erishdik va aynan qaysidir futbolchini ko‘rsatib o‘tishimiz noto‘g‘ri. Barcha g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shdi. Agar joriy mavsumdagi eng yaxshi futbolchini aniqlamoqchi bo‘lsangizlar, ushbu nomzodni "Nasaf" jamoasidan izlayveringlar. Darvozabonimiz Abduvohid Ne’matov juda barqaror edi. Akmal Mozgovoy va Sherzod Nasrullayevlarni ham ta’kidlab o‘tishim kerak. Ushbu futbolchilar O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga ham nomzod degan bo‘lardim. Biz hujumda ancha qiynaldik. Hujumchilarimizning samaradorligi ancha pasayib ketdi. "Dinamo"ga qarshi va "Al-Huseyn"ga qarshi o‘yinlarda hujumchilarimiz deyarli ko‘rinmadi deya olaman.

- Sizga Eron chempionatidan qiziqish bor ekanligi haqida xabarlar tarqaldi. Bundan xabardormisiz? Tarixiy natija qayd etildi. Endi nimalar bilan band bo‘lasiz? Kelajakdagi rejalaringiz haqida gapirib bersangiz?

- Bu haqda eshitmadim. Men matbuotni deyarli o‘qimayman va bunday gaplarga ishonmayman. Shaxsan menga hech kim taklif bilan chiqqani yo‘q. Mavsum yakunida "Nasaf" bilan bo‘lgan amaldagi shartnomam yakunlanadi. Keyin esa, nima bo‘lishini o‘ylab ko‘ramiz. Men O‘zbekistonning eng yetakchi va bayroqdor jamoasida ishlamoqdaman. "Nasaf"da ishlash meni qoniqtiradi. "Nasaf" menga yana taklif bersa, men ushbu jamoada ishlayveraman. Men jamoaga kerakman va jamoa ham menga kerak.

- Futbol jamoatchiligida "Nasaf"ning chempionligiga asosiy sabab raqobatdoshlarning kuchsizlanishi deya aytilmoqda. "Paxtakor"ning kuchsizlanib qolgani, "Neftchi" stabil jamoa tuza olmagani, "Navbahor" ko‘p ochkolar yo‘qotganlari sabab deb aytilmoqda. Ushbu fikrlarga izoh berib o‘tsangiz?

- Mavsum avvalida ko‘p jamoalar bir xil imkoniyat va sharoitga ega edi. Har mavsum "Paxtakor" haqida shunday gaplar bo‘lardi. Boshqa jamoalar "Paxtakor"ga jiddiy raqobat taklif qila olmagani tufayli, "sherlar" yana chempion bo‘ldi deyilardi. Bir narsani aniq ayta olamanki, biz boshqalarga qaraganda stabilroq edik. Bu juda muhim jihat edi. So‘nggi ikki-uch mavsumda chempionatimizdagi raqobat jiddiylashdi. Kutilmagan natijalar ko‘paydi va jamoalarning darajasi tenglashib qolgandek. Biz boshqa jamoalarga nisbatan barqarorroq o‘yin namoyish etdik.

- Bu mavsum o‘zgacha o‘tmoqda. O‘zbek futbolida katta tajribaga ega insonsiz. So‘nggi yillarda futbolimizda nimalar o‘zgardi deb o‘ylaysiz?

- Viloyat jamoalariga ham e’tibor kuchaydi deya olaman. Viloyat rahbarlari jamoalarga e’tibor qaratishmoqda. Avvallari viloyatlardan bir yoki ikkita yaxshi jamoa bo‘lar edi. Hozirgi kunda, yaxshi sharoitlar tufayli raqobat kuchaymoqda. Hozir hammada imkoniyat teng va shu sababli raqobat kuchaydi. Shu bois bizning va "Andijon"ning natijalari yaxshilandi. Bu raqobatni kuchaytiradi.

- Ro‘ziqul aka, sizni barcha yaxshi mutaxassis, ammo chempionlikni qo‘lga kirita olmagan murabbiy sifatida qabul qilishar edi. Mana bugun, faoliyatingizdagi eng ojiz nuqtangizni yopa oldingiz. Uzoq yillik "geshtalt"ingiz hal etildi. Endi o‘zingizdan qoniqdingizmi? Qo‘pol qilib aytganda, endi yaxshiroq xotirjam uxlaysizmi?

- Men futbol bilan yashayman. Ko‘pchilik buni bilmasligi mumkin, men ertalab soat 8da ishga kelaman va kechasi 11da uyga qaytaman. O‘zimizning futbol bo‘lmasa, xorij futbolini tomosha qilaman. Men bosimni har doim his qilganman. Bosimga ko‘nikib ketganman. Chempionlik mening futbolga bo‘lgan kasalligimni to‘xtata olmaydi. Jamoamga hech qanday vazifa va maqsad qo‘yilmagan holatda ham, jamoam yutqazsa men qiynalaman. Men buni qabul qila olmayman. Men shunday insonman. Shu sababli, men har bir musobaqada maksimal natijani qo‘lga kiritishga intilaman. Endi to‘xtab qolish yo‘q, natijalarni yanada yaxshilash kerak va jamoani stabilroq qilishimiz kerak. Terma jamoamizga yanada ko‘proq o‘yinchilarni yetkazib berishimiz kerak. So‘nggi mavsumlarda biz yoshlarga kamroq e’tibor berdik. Buni to‘g‘rilashimiz kerak. Masalan, yangi Olimpiya terma jamoamizda "Nasaf" futbolchilari deyarli yo‘q. Olimpiadaga borgan tarkibda esa "Nasaf" futbolchilari ko‘p edi. Ne’matov, Abdirahmatov, Davronov, Norchayevlarga biz o‘z vaqtida imkoniyat berganmiz. Ular yosh bo‘lishiga qaramay, o‘ynatganmiz. Endi esa keyingi avlodlarga e’tibor qaratishim kerak. Bunday masalalarni, men o‘zimning vazifam sifatida qabul qilaman. Ko‘ryapsizmi, hali oldinda rejalarim ko‘p. Men futbol bilan yashashda davom etaman. Mag‘lub bo‘lishni yoqtirmayman.

- Milliy terma jamoamizning bosh murabbiyi bilan bo‘lgan vaziyatni barcha tushunib turibdi. Agar sizga terma jamoamizni boshqarish taklifi berilsa, nima deb javob bergan bo‘lardingiz?

- Keling, terma jamoani muhokama qilmaylik. Milliy terma jamoamiz mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga ishonaman va bu aniq ro‘y beradi.

- Keyingi uchrashuvda "Nasaf" o‘z uyida chempionlikni nishonlaydi. O‘sha o‘yin oldidan muxlislarga qandaydir murojaatingiz bo‘lsa, marhamat...

- Umid qilamanki, muxlislarimiz stadionni to‘ldirishadi. Bayramni barcha muxlislar bilan birga nishonlashni istaymiz. Yaqinlashib qolgan "Al-Huseyn"ga qarshi uchrashuvga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. OCHLdagi ishtirok ham biz uchun juda muhim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev tarixiy chempionlikdan so‘ng nimalar dedi?