16:46 / 10.11.2024
42

Bu Fayzullayevning Yevropaga ketishiga to‘sqinlik qiladi...

Bu Fayzullayevning Yevropaga ketishiga to‘sqinlik qiladi...
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Moskvaning SSKA klubi yetakchisi ekani kundek ravshan. “Armiyachilar”ning oldingi chiziqdagi muvaffaqiyati ko‘p jihatdan hamyurtimizning o‘yiniga bog‘liq.

Joriy mavsum Rossiya chempionatida yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilgan SSKA muxlisu mutaxassislar ishonchini to‘liq oqlay olmayapti. Rossiya futbolini yoritib kelayotgan football24.ru portali SSKA ushbu chempionatda duch kelayotgan eng katta muammolarni aniqlab chiqdi.

- Jamoaning yuqori o‘rinlarga ko‘tarilmayotganiga top jamoalarga qarshi o‘ynashni bilmaslik, Miralem Pyanichning kelishi tufayli taktik sxemalarning o‘zgarishi, Fayzullayevning muhim uchrashuvlarda “yo‘qolib” qolayotgani, hujum chizig‘ining samaradorligi pastligi ko‘rsatilmoqda. Xususan, nashr ekspertlari Abbosbek Fayzullayev haqida quyidagi tahlilni keltirdi.

O‘zbekiston va Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi nomiga sazovor bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasida atigi ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi, xolos. Bundan tashqari, jamoadoshlariga to‘rt marotaba golli pas uzatishni uddaladi.

21 yoshli futbolchi har bir uchrashuvda raqib darvozasi tomon o‘rtacha ikki marotaba zarba yo‘llaydi va xuddi shuncha yakuniy zarba uchun pas uzatadi.

Abbos yozdagi pasayishdan keyin o‘yinini to‘g‘rilab olgani quvonarli, lekin kuchli raqiblarga qarshi maydonda “yo‘qolib” qolmoqda.

Misol uchun, “Spartak” bilan bo‘lgan bahsda o‘zbek o‘yinchisi raqiblari Prutsev va Umyarovga yakkama-yakka bellashuvlarning oltitasidan faqat bittasida ustun keldi. Jamoadoshi Ivan Oblyakovni darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqara olmadi, uning pasini Nail Umyarov to‘sib qo‘ydi. Butun bellashuv davomida 35 marotaba to‘pga tegindi, bir marta noaniq zarba berdi.

“Lokomotiv”ga qarshi poytaxt derbisida Fayzullayevni “topa olmadik”. Bitta noaniq zarba, to‘qqizta yakkakurashda ikkita ustunlik, raqibni uch marotaba aldab o‘tishga urinib, birortasini uddalay olmadi.

Amaldagi chempion “Zenit”ga qarshi bahsdagi ahvol bundan ham yomon. Abbos o‘z jarima maydonchasi oldida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pni raqibga oldirib qo‘ydi va piterliklar bundan unumli foydalanib, g‘alaba golini urdi.

Moskvaning “Dinamo” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvni Abbosning foydasiga yozish mumkin. Fayzullayev supergol urdi, to‘pni bor yo‘g‘i sakkiz marotaba yo‘qotdi xolos. Raqib himoya chizig‘ini ancha qiynadi. Lekin bu kuchli jamoalarga qarshi boshqa o‘yinlardagi vaziyatni o‘zgartirish uchun yetarli emas.

“Bavariya” singari Yevropaning kuchli klublariga top-jamoalarga qarshi muntazam va har bir uchrashuvda barqaror va sermahsul o‘yin ko‘rsatadigan futbolchilar kerak. Hozircha, Abbosbek Fayzullayev bu xususiyati bilan maqtana olmaydi, - deb yozmoqda football24.ru portali.

Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2023 yilning avgustidan beri SSKA sharafini himoya qilib kelmoqda. Bugungi kunda o‘zbek legionerining transfer summasi 6 million yevroga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Fayzullayev Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu Fayzullayevning Yevropaga ketishiga to‘sqinlik qiladi...