20:50 / 19.11.2024
10

Srechko Katanes: "90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo‘lsa kerak"

Srechko Katanes: "90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo‘lsa kerak"
JCH-2026 saralashi doirasidagi KXDR — O‘zbekiston uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan keyin matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda terma jamoamiz bosh murabbiy Srechko Katanes hamda darvozabon O‘tkir Yusupov ishtirok etdi.

Srechko Katanes: Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik, raqibda imkoniyat bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda Bobir Abdixoliqov vaziyatdan foydalanganida o‘yin yengil kechishi mumkin edi. Himoyalanayotgan vaqtda jarima maydonchasi ichida to‘p qo‘lga tegishi bo‘lib turadi. Baxtimizga O‘tkir Yusupov penaltini qaytardi va biz o‘zimizga kerakli natijani qayd eta oldik.

O‘tkir Yusupov: O‘yindan qoniqdik. 3 ochko qo‘lga kiritganimizdan xursandman. Bir kun oldin yigitlar bilan gaplashgan edik. Taktikani yig‘ishtirib hamma yurakdan o‘ynasa yutishimizni aytgandik.

- Terma jamoamiz har bir o‘yinda faqatgina bir taym yaxshi o‘ynamoqda. Bugun ikkinchi bo‘limda raqib to‘liq ustunlik qildi, Qatarga qarshi bahsda esa juda yomon birinchi bo‘lim. Faqatgina bir taym futbol o‘ynaydigan jamoa bo‘lib qolmadikmi?

Srechko Katanes:
90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo‘lsa kerak, balki 1-2 ta top jamoalarni inobatga olmasa. Bugun qiyin sharoitda o‘ynadik. Yuqori namlik, vaqtdagi farqlar. Qatarga qarshi o‘yinda oxirgi soniyalarda o‘tkazib yuborilgan gol futbolchilarni ruhiyatiga ta’sir qilmasdan qolmasdi. Shunga qaramay, yigitlar o‘ziga kelishga muvaffaq bo‘ldi. Tan olish kerak bugun ayrim yetakchi futbolchilarsiz keldik. Ularning o‘rniga tushganlar juda yaxshi o‘yin ko‘rsata olishdi. OFKga murojaat qilmoqchi edim. Bunday maydonda o‘ynash futbolchilarning sog‘lig‘i uchun xavfli. Mashg‘ulot maydonimiz bundan ham yomon holatda edi. Bu yerdagi tashkiliy qo‘mitaga e’tirozim yo‘q, faqat maydonni gapirdim.

- KXDRga qarshi kechgan o‘yinlarda ikkita 11 metrlik zarbani bartaraf etdingiz. Bu esa terma jamoaga 6 ochko taqdim etganingizni anglatadi. Sizni ko‘pchilik penaltilar ustasi emas deya qabul qiladi. Penaltilarni qaytarish qobiliyatingizni qanday yaxshilab oldingiz? KXDR futbolchilarini o‘rganib chiqqandingizmi?

O‘tkir Yusupov:
KXDR futbolchilarini qayerdan o‘rganasiz? Ularning chempionatini ko‘ra olmaysiz va buning imkoni yo‘q. Penaltiga kelsak, darvozabonlarda ichki hissiyot bo‘ladi. Qayerga tepishini sezib turadi. Muhimi 3 ochko qo‘lga kiritdik. Xalqimiz xursand bo‘lsa bo‘ldi. Biz shuning uchun o‘ynaymiz.

- Avvallari terma jamoa JCHning so‘nggi saralash bosqichlarida muammolar girdobida qolib ketar edi. Qattiq tanqid, murabbiylar almashinuvi va o‘yindagi muammolar va turli xil boshqa sabablar mundialga chiqishimizga to‘sqinlik qilgan. Bu safargi saralashda esa futbolchilarning o‘zi va assotsiatsiya sizga ishonch bildirmoqda. Sizga bildirilayotgan ishonchni his etayapsizmi? Masalan, avvalgi saralashlarda bunday holat bo‘lganida bosh murabbiy istefoga chiqarilgan bo‘lar edi...

Srechko Katanes: Men o‘z ishimni qilyapman. Futbolchilarga qo‘llab-quvvatlash uchun rahmat aytaman. Qatar bilan o‘yindan so‘ng yaxshi vaziyatda emasdik. Oldingi murabbiy almashinuvlariga kelsak, bilmayman. Buni rahbariyat biladi. Hozirgi holatimizga kelsak, mavjud 6 ta o‘yin ichidan 18 ochkoning 13 tasini to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Bizni yana 4 ta o‘yin kutmoqda. Endi keyingi 12 ochko uchun harakat qilishimiz kerak. Futbolchilarga doim kurash oxirigacha bo‘lishini aytaman. Ertaroq hal qilamiz degan ruhiyat bo‘lmasligi kerak. Albatta, mundial yo‘llanmasini erta qo‘lga kiritsak yaxshi bo‘lardi. Ammo biz oxirigacha kurashishga tayyormiz. 10 ta o‘yinni yutish oson emas, ayniqsa muhim futbolchilar ishtirok eta olmasa.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes: "90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo‘lsa kerak"