
FIFA kunlari yakunlandi. Endi 21 noyabr kuni Superliganing 25-turiga start beriladi. 24 noyabrga qadar davom etadigan tur uchrashuvlari odatdagidek diqqat-e’tiborimizda.
21 noyabr
18:00. “Paxtakor” – OKMK
Toshkent derbisi ostida o‘tadigan “Paxtakor” – OKMK bahsi turning markaziy o‘yinlaridan biri. Medallar uchun harakat qilayotgan ushbu klublar g‘alaba uchun jon-jahdi bilan kurashishadi. Chunki ikkalasida ham bu borada imkoniyat bor. Ochko yo‘qotgan jamoaga bu juda qimmatga tushishini ikki tomon yaxshi bilib turibdi. Shuning uchun maydonda qattiq jang kechadi. Birgina xato o‘yin taqdirini hal qilishi katta ehtimol.
22 noyabr
16:00. “Neftchi” – “Nasaf”
Farg‘onadagi uchrashuvga ham qiziqish va e’tibor katta. Chempionlikni rasmiylashtirib bo‘lgan “Nasaf” o‘tgan turda o‘z uyida “So‘g‘diyona”ga yutqazdi. Agar o‘sha uchrashuv chempionlikni hal qilishi kerak bo‘lganida, balki “Nasaf” uyida bunday natija qayd etmasdi. Farg‘onadagi o‘yinda ham vaziyat shundayki, “Neftchi”ga g‘alaba zarur. “Nasaf” yutqazsa ham hech nima yo‘qotmaydi. Ko‘ramiz, Ro‘ziqul Berdiyev chempionlikdan keyin jamoasini bu o‘yinga qanday tayyorlarkin? Bungacha chempionlik uchun kurashda futbolchilarda motivatsiya keragidan ortiq edi. Vazifa bajarildi, endi qanday motivatsiya berarkin?
18:15. “Qizilqum” – “Navbahor”
“Navbahor” klubida chempionatni ikkinchi o‘rinda yakunlash uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. Shuning uchun Sergey Lushchan jamoasi qanday bo‘lmasin Qarshidan g‘alaba bilan qaytishga urinib ko‘radi. “Qizilqum” nomdor raqiblarga qarshi qanday o‘ynashni biladigan jamoa. Jamshid Saidov shogirdlari o‘tgan turda Andijondan bir ochko ishlab qaytgan. “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda navoiyliklarda ham ishtiyoq yetarlicha bor.
23 noyabr
15:00. “Olimpik” – “Bunyodkor”
Ligada to‘g‘ridan to‘g‘ri jon saqlab qolish yo‘lida kurashayotgan bu ikki jamoa mazkur turda o‘zaro bir-biri bilan to‘qnashishadi. Bu juda ham qiziq va keskin ruhda o‘tadi. Yutqazadigan klub katta ehtimol bilan pley-offga qolib ketishi mumkin. “Olimpik” va “Bunyodkor” bir-biriga jang taklif qilishi aniq. Bu shunday o‘yin bo‘ladiki, jamoalarning o‘yin uslublaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, gollarga boy o‘tishi kutilmoqda.
17:15. “Andijon” – “Dinamo”
O‘tgan turda ikkala jamoa uchun omadsiz o‘tdi. “Andijon” uyida “Qizilqum” bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, “Dinamo” Samarqandda “Lokomotiv”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Andijonliklar “Bobur arena”da joriy yildagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazadi. “Burgutlar” oxirgi bahsda muxlislari qarshisida g‘alaba qozonib, ularni xursand qilishni istashyapti. “Dinamo” hujumkor jamoa, lekin ko‘pincha himoyani unutib qo‘yadi. Bu uchrashuv ham qiziqarli kechadi.
24 noyabr
15:00. “Metallurg” – “Surxon”
Oxirgi pog‘onadagi “Metallurg” uchun bu oxirgi imkoniyat. Hatto durang ham mag‘lubiyat bilan teng. Jamoa boshqaruvi mavsum yakuniga kelganda yana Ilyos Qurbonovning qo‘liga o‘tganini bilasiz. Bekobodliklarning turnir jadvalida egallab turgan o‘rnidan kelib chiqib, ligadan tushib ketishi ko‘pchilik tomonidan ilgari surilmoqda. Jamoa hisobida 17 ochko bor. 13-o‘rindagi “Lokomotiv”da 21 ochko va 4 ochko tafovut mavjud. “Surxon”dan ko‘ra “Metallurg”ga g‘alaba nihoyatda muhim. Ammo yutgan taqdirda ham bu ularga yordam berarmikin?
17:15. “So‘g‘diyona” – “Lokomotiv”
Tur Jizzaxdagi ajoyib o‘yin bilan intiho topadi. Maydonda o‘ta qattiq kurash kechadi. Biri ikkinchi o‘rin uchun kurashayotgan bo‘lsa, ikkinchisi ligada jon saqlab qolish yo‘lida maydonga tushadi. “Lokomotiv”da Samvel Babayan va uning shtabi ish boshlagach, Samarqandda “Dinamo”ni yutib qaytdi. Endi “So‘g‘diyona”ga kuchi yetarmikin? Ivan Boshkovich kumush medal yo‘lida Qarshida chempion jamoani ham mag‘lub etdi. Jizzaxliklarning “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinini kuzatish juda qiziqarli.
Shuhratbek Jo‘rayev.
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar