23:34 / 27.11.2024
6

Ro‘ziqul Berdiyev: "12 ta mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandik, hozir esa ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyat"

Ro‘ziqul Berdiyev: "12 ta mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandik, hozir esa ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyat"
OCHL-2 musobaqasi beshinchi turida "Kuvayt SK" jamoasiga imkoniyatni boy bergan "Nasaf" klubi ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

– O‘yin haqida fikringiz qanday?
– Rekordlarni qayd etishda davom etyapmiz. Mavsumning qaysidir qismida 12 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan edik. Hozir esa qatorasiga to‘rtinchi mag‘lubiyatni qabul qilib olyapmiz. Menimcha, bunaqasi tarixda bo‘lmagan. Juda hunuk holat. Chempionlikdan so‘ng jamoada bo‘shashish bo‘lishini kutgandim, lekin bu qadar bo‘lishini o‘ylamagandim. Barchasiga murabbiy aybdor hisoblanadi. Yigitlarni qanchalik ruhiy tayyorlamaylik, yakunda shu kabi holat sodir bo‘lyapti. O‘zimiz ham buni kutmagandik. O‘yinga kelsak, boshida barchasi joyida edi. Ustunlik biz tomonda edi, ammo keyin barchasi teskarisiga aylanib ketdi. "Al Husayn"ga qarshi ham shu kabi holat qayd etilgandi. Bu faqat ruhiy jihatga bog‘liq. Oddiy xatolar bilan raqibni ruhlantirib yubordik. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida ikkinchi golimizni urganimizda, balki g‘alaba qozongan bo‘lardik. Raqib esa yaxshi himoyalanadi.

– Raqib jamoa murabbiyi Marko Stanoyevich asosiy tarkibda bo‘lishini kutganini ta’kidladi. Marko nega dastlabki daqiqalardan o‘ynamadi?
– Bizda 20 nafar o‘yinchi bor. Eng kuchlilari maydonga tushadi. Bitta futbolchiga to‘xtalmoqchi emasman. Har o‘yinda eng yaxshi tarkibni qo‘yishga harakat qilamiz.

– Abduvohid Ne’matovning qizil kartochkasi haqida fikringiz qanday?
– O‘sha vaziyatda biz hujum uyushtirishimiz kerak edi, ammo kerak bo‘lmagan joyda to‘pni yo‘qotdik. Raqibning to‘rt nafar futbolchisi oldinga o‘tib ketdi. Abduvohid esa vaziyatni qutqarmoqchi bo‘lib, folga bordi. O‘yinda VAR yo‘q, balki videotakror bo‘lganda ushbu vaziyatni ko‘rib chiqardi. Asosiy ayb o‘zimizda, vaziyat Ne’matovning foligacha bormasligi kerak edi.

– Guruhdagi keyingi holatni qanday tasavvur qilyapsiz?
– Guruhdagi holatimiz o‘ta og‘ir. Bu turnirda omadsiz ishtirok etdik deya olaman.

– "Nasaf" ushbu mavsum hujum chizig‘ida o‘zgarishlarga ehtiyoj sezyapti deb o‘ylaysizmi?
– Bu masalani o‘tgan yili ham ko‘rib chiqqandik. Hujumchilarimiz biz kutganchalik barqaror bo‘lmadi deb o‘ylayman. Keyingi yil klub o‘z imkoniyatga qarab ushbu masalaga yondoshadi.

– "Nasaf"ning terma jamoadagi o‘yinchilari klubda o‘sha darajada harakat qila olmayapti. Bunga sabab nima?
– Milliy jamoada Sherzod ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Bobir ham. Biz Sherzodga imkoni boricha dam berishga harakat qilyapmiz. Oybek yo‘q paytda Sherzod hujumga uncha ham ko‘p qo‘shilmaydi. Oybekning yo‘qligi ham Sherzodga ta’sir qildi, shekilli. Bozorovning esa kichik jarohati bor. O‘yinga tayyormasligi ma’lum bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "12 ta mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandik, hozir esa ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyat"