
Superliganing 26-turidan o‘rin olgan "Nasaf" – "Metallurg" (1:2) uchrashuvidan so‘ng qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Mag‘lubiyatga uchradik. Jamoa jismonan va ruhan tayyor bo‘lmasa, hech narsa o‘xshamaydi. Bizda nechanchi o‘yindirki shunday holat kuzatilmoqda. Bugungi o‘yinda hisobda oldinda bora turib ham uni ushlab qololmadik. Biz raqib darvozasi oldida xavf yaratolmadik. Shu sababli mag‘lubiyat qabul qilib oldik", – dedi Berdiyev.
- Jamoa chempion bo‘lgan bo‘lsa, yigitlarda qanday tushkunlik bo‘lishi mumkin? Bolalar o‘rtasida qandaydir kelishmovchilik bormi?
- Yo‘q, kelishmovchilik yo‘q. Hammasini nazorat qilyapmiz, faqat yigitlarda oldingidek ishtiyoq ko‘zga tashlanmadi. Bu natijaga ta’sir qildi. Hozir futbolchilarni muhokama qilib, ularni aybdor sifatida ko‘rsatmoqchi emasman. Ularga mavsum uchun rahmat. Lekin barchasi uchun murabbiy javobgar. Ayni paytda og‘ir davrni boshdan kechiryapmiz. Bu murabbiylar uchun qattiq zarba bo‘lmoqda. Futbolchilar maydonda xato qilyapti, yo‘q joydan gollar o‘tkazyapti. Men bunga urg‘u berib, ularning xatolarini muhokama qilib o‘tirmoqchi emasman.
- Bir vaqtlar Qashqadaryo viloyatining 3 jamoasi Superligada qatnashardi. Yana ushbu voqelikka yaqinmiz. 4 dekabr kuni "Sho‘rtan" – "Olimpik" uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu uchrashuv va "Mash’al"ning Superligaga chiqqani haqida fikr bildirsangiz...
- Bu, albatta, Qashqadaryo viloyati uchun yoqimli. "Sho‘rtan" o‘tish bahsida "Olimpik" bilan, "Qo‘qon-1912" "Metallurg" bilan bellashadi. Barcha jamoalarimizga omad tilaymiz. Bu viloyatimizda futbolga berilayotgan e’tibordan dalolat. O‘ylaymanki, "Mash’al" Superligada o‘ynash tajribasiga ega. Jamoa tarkibni kuchaytirib, o‘ziga yarasha yaxshi o‘rinlarda boradi deb o‘ylayman.
- "Nasaf"ning keyingi mavsumdagi maqsadlari haqida nima deya olasiz?
- Hozir bu narsa haqida aniq fikr bildirolmayman. Buni ko‘proq klubdan so‘rash kerak. Hozircha murabbiy sifatida bir narsa deyolmayman. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar