Ularning ba’zilari jamoasining yetakchi futbolchilaridan biriga aylangan bo‘lsa, boshqalari yarim mavsumdayoq jamoa bilan xayrlashdi. Transferlarni baholashda yaxshi, o‘rtacha, yomon kabi sifatlardan foydalandik.
"Nasaf"
❌ Temur Chogadze (Gruziya) — 15 o‘yin
Mavsum avvalida qarshiliklar safini kuchaytirishi kutilgan vinger jamoaga to‘liq moslashib keta olmadi. Qashqadaryodagi ikkinchi Temur bo‘lgan legioner muhtasham haykali o‘rnatilgan sarkarda kabi qudratli bo‘lib chiqmadi, balki faqat ismigina o‘xshash ekanligini namoyon etdi. 26 yoshli futbolchi Superliganing birinchi davrasida 10 ta o‘yinda maydonga tushdi, shularning uchtasini asosiy tarkibda boshladi, birorta o‘yinda to‘liq vaqt davomida harakat qilmadi. Boshqa turnirlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 15 o‘yinda ter to‘kkan yarim himoyachiga raqib darvozasini ishg‘ol qilish nasib etmadi. Yozgi transfer oynasida u klubni tark etdi va Qozog‘istonning "Jetisu" jamoasi tarkibiga borib qo‘shildi.
❌ Viktor da Silva (Braziliya) — 21 o‘yin, 1 gol
"Futbol sehrgarlari o‘lkasi"dan tashrif buyurgan hujumchidan mahalliy muxlislar gollar shousini kutishgandi, biroq uning repertuarida jonli ijrodan ko‘ra fonogramma ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. 29 yoshli futbolchi mavsum avvalidagi o‘rtoqlik o‘yinlarida sermahsullik namoyish etgandi, biroq sermahsullik mavsum davomida sermahzunlikka aylandi. Superliganing 13 o‘yinida maydonga tushgan Viktor bellashuvlarning yettitasini asosiy tarkibda boshladi. Da Silva rasmiy uchrashuvlar doirasida faqatgina OCHL-2 guruh bosqichida "Al Husayn" darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
✅ Zoran Marushich (Serbiya) — 32 o‘yin, 14 gol
"Navbahor"dagi o‘yinlari va gollari bilan mahalliy muxlislar yodida qolgan serbiyalik hujumchi mavsum avvalida yana O‘zbekistonga keldi va "Nasaf" bilan shartnoma imzoladi. Klubning boshqa yangi futbolchilaridan farqli ravishda 31 yoshli forvard jamoaga moslasha oldi va muhim o‘yinlarda raqiblari darvozasiga yo‘l topdi. Superligada 9 ta gol urgan Marushich OCHL-2 guruh bosqichida 4 marta tabloga o‘z nomini yozdirdi, shuningdek, O‘zbekiston kubogida ham bitta to‘p kiritdi. Shuningdek, u mavsumning ramziy jamoasidan joy oldi. Marushich yangi mavsumni "Neftchi" klubida boshlaydi.
❌ Valentino Yuel (Janubiy Sudan, Avstraliya) — 8 o‘yin
Afrikalik futbolchilar, odatda, jismonan baquvvat va tezkor bo‘lishadi. Biroq Yuelda bularning birortasi yarq etib ko‘zga tashlanmadi. 30 yoshli hujumchi yozgi transferlar oynasida Qarshiga ko‘proq dam olish uchun kelgandek taassurot qoldirdi. OCHL-2 dagi ikki o‘yinni hisobga olmaganda, forvard Superligada jami 1 soatga yaqin maydonda harakat qildi, xolos.
???? Stefan Cholovich (Serbiya) — 14 o‘yin
Yozgi transfer oynasida "Nasaf" safiga kelib qo‘shilgan serbiyalik yarim himoyachi asta-sekin jamoaga moslashib, asosiy tarkibda maydonga tushirilmoqda. 30 yoshli vinger o‘z hisobiga gol yozdirmagan bo‘lsa-da, Superligada ikkita assist qayd etdi.
OKMK
???? Giorgi Papava (Gruziya) — 20 o‘yin, 1 gol
Avvalroq OKMK safida to‘p tepgan va keyinchalik "Paxtakor"da ishlari yurishmagan yarim himoyachi mavsum avvalida yana klubga qaytdi. Biroq, u asosan, zaxiradan o‘yinni kuchaytirish uchun maydonga tushirildi va Superligada 19 bellashuvda ko‘rinish berganiga qaramay, 5 uchrashuvda boshlang‘ich tarkibga kiritilib, jami 380 daqiqa harakat qildi va sobiq jamoasi "Paxtakor" darvozasigagina yo‘l topa oldi.
❌ Milyan Shkrbich (Serbiya) — 6 o‘yin, 1 gol
Mavsum avvalida olmaliqliklar tarkibiga kelib qo‘shilgan serbiyalik 29 yoshli futbolchi atigi 6 o‘yinda maydonga tushib, "Dinamo" darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq uning xatti-harakatlari murabbiylar shtabini qoniqtirmadi va yozgi transfer oynasida klub hujumchi bilan xayrlashdi.
✅ Arihiro Sentoku (Yaponiya) — 27 o‘yin, 4 gol
Yaponiyalik yarim himoyachi mavsum davomida OKMKning asosiy tarkib futbolchilaridan biriga aylana oldi. Superligada 24 o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Sentoku "Paxtakor"ga qarshi ikkala o‘yinda ham gol urgan, shuningdek, "Bunyodkor" darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritgan. Kubokda esa "Buxoro" darvozasiga yo‘l topgan.
???? Kleydi Datsi (Albaniya) — 13 o‘yin, 3 gol
Albaniyalik hujumchi davralar oralig‘ida klub tarkibini kuchaytirish uchun olib kelingandi. 25 yoshli futbolchi dastlabki o‘yinlardayoq yorqin taassurot qoldirib, "Andijon"ga qarshi bahsda dublga erishdi, so‘ngra "Navbahor" darvozasini ishg‘ol qildi. Biroq keyinchalik Datsi yillik vazifasini bajarib qo‘ygandek gol urishni yodidan chiqarib qo‘ydi, faqatgina ikki uchrashuvda assist qayd etdi.
❌ Mixael Klepach (Xorvatiya) — 8 o‘yin, 1 gol
Xorvatiyalik yarim himoyachi ham yozda OKMK safiga kelib qo‘shildi, biroq tarkibga mustahkam o‘rnasha olmadi. Atigi 1 o‘yinni asosiy 11 talikda boshlagan 27 yoshli futbolchi umumiy hisobda 59 daqiqa maydonda harakat qilib, "Navbahor" darvozasiga to‘p kiritdi.
"Navbahor"
✅ Siyavash Haqnazariy (Eron) — 27 o‘yin, 5 gol
OKMKdan olib kelingan yarim himoyachi mavsumning dastlabki qismida zahira o‘yinchisiga aylangan bo‘lsa, murabbiy almashgach, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Superligada yetarlicha tajriba to‘plagan 29 yoshli futbolchi mavsumni yomon o‘tkazmadi va o‘z hisobiga 5 gol yozdirib qo‘yish bilan bir qatorda Karim Benzemasi bor "Al Ittihod"ga qarshi naq 4 marotaba (ikki klub safida) maydonga tushishga ulgurdi. Mavsum yakunlangach, u jamoani tark etdi.
???? Giorgiy Nikabadze (Gruziya) — 25 o‘yin, 3 gol
"Neftchi"dan xarid qilingan hujumchi ko‘pincha zahiradan maydonga tushirildi. Shunga qaramay, 33 yoshli futbolchi "Nasaf", "Paxtakor" va "So‘g‘diyona" (kubok doirasida) kabi yetakchi jamoalar darvozasiga yo‘l topa oldi, biroq umumiy nuqtayi nazardan ko‘ngildagidek mavsum o‘tkaza olmadi.
"So‘g‘diyona"
❌ Zoran Petrovich (Chernogoriya) — 15 o‘yin, 2 gol
27 yoshli vinger ko‘pgina o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirilayotgandi, biroq keyinchalik uning o‘yinlari bosh murabbiyga manzur kelmadi va mavsum yakunlanmasidanoq Petrovich jamoani tark etdi.
❌ Aleksey Nosko (Belarus) — 13 o‘yin
"Bunyodkor"dagi o‘yinlari orqali tanish bo‘lgan tayanch zonasi vakili dastlab asosiy tarkib a’zosi bo‘lishiga qaramay, keyinchalik o‘rnini yo‘qota boshladi va kuz faslida deyarli maydonga tushirilmadi.
✅ Vladimir Yovovich (Chernogoriya) — 28 o‘yin, 10 gol
Yovovich transferi nafaqat "So‘g‘diyona", balki mavsumning eng yaxshi transferlaridan biri bo‘ldi. Hujumkor yarim himoyachi terma jamoaga ham chaqirilib, bir nechta o‘yinlar o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. 30 yoshli futbolchi mavsumning ramziy jamoasiga ham kiritildi. Yovovich yangi mavsumni "Neftchi" klubida boshlaydi.
"Neftchi"
???? Manuchehr Safarov (Tojikiston) — 23 o‘yin, 1 gol
Tojikistonlik himoyachi muntazam asosiy tarkibda maydonga tushmagan bo‘lsa-da, mavsumning katta qismini maydonda o‘tkazdi va mavsumning so‘nggi pallalarida o‘z hisobiga 3 ta golli uzatma yozdirib qo‘ydi.
✅ Boyan Siger (Serbiya) — 24 o‘yin
"Navbahor"dagi o‘yinlari orqali tanilgan himoyachi "Neftchi"ning ham asosiy mudofaa qo‘rg‘oni vakillardan biriga aylandi va o‘zi ishtirok etgan uchrashuvlarning barchasini to‘liq maydonda o‘tkazdi.
❌ Katalin Karp (Moldova) — 15 o‘yin, 1 gol
Moldovalik hujumkor yarim himoyachiga klubga kelgan zahotiyoq asosiy tarkibdan joy ajratildi, biroq 31 yoshli futbolchi murabbiylar ishonchini qozona olmadi va yozda Kiprning "Omoniya" jamoasi tarkibiga qo‘shildi.
❌ Mixay Roman (Ruminiya) — 13 o‘yin, 1 gol
32 yoshli hujumchi mavsumning dastlabki yarmida zahiradan maydonga tushdi va faqatgina kubok doirasida "Sirdaryo FA" darvozasiga yo‘l topa oldi. Yozgi tanaffusda esa Ruminiya 2-ligasi vakili "Arjesh"ga o‘tdi.
✅ Nsungusi Effiong (Nigeriya) — 28 o‘yin, 7 gol
Bo‘y borasida Ibragimovich bilan raqobatlasha oladigan hujumchi gollar soni borasida raqobatlasha olmasa-da, klub to‘purariga aylandi. Shu bilan birga, Superliganing 4 uchrashuvida golli uzatma amalga oshirdi. Agar jamoani tark etmasa, birinchi mavsum uchun ko‘rsatkichi yomon emas.
"Surxon"
???? Dmitriy Pletnyov (Rossiya) — 30 o‘yin, 1 gol
26 yoshli yarim himoyachi deyarli barcha uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va mavsum davomida yomon taassurot qoldirmadi, biroq sermahsullik borasida ko‘ngildagi natijani qayd eta olmadi.
❌ Tamirlan Jamalutdinov (Rossiya) — 9 o‘yin
O‘tgan mavsum ham "Surxon" sharafini himoya qilgan yarim himoyachi davralar oralig‘ida klubga qaytdi, biroq 28 yoshli futbolchi o‘z iqtidorini yetarlicha namoyon eta olmadi.
"Dinamo"
❌ Emmanuyel Yagr (Gana) — 11 o‘yin
Ganalik hujumchi mavsumning dastlabki qismida faqatgina so‘nggi daqiqalarda maydonga tushirildi va murabbiylar shtabida ijobiy taassurot qoldirmadi. Natijada birinchi davradan keyinoq klub 26 yoshli futbolchi bilan xayrlashdi. Yagr hozirda Qirg‘iz Respublikasining "Abdish Ata" jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
❌ Artyom Sokol (Belarus) — 3 o‘yin
"Surxon"dan olib kelingan himoyachi haqida xulosa chiqarish uchun klub murabbiylariga mavsumdagi dastlabki ikki o‘yin kifoya qildi. Shundan so‘ng zahira o‘rindig‘idagi o‘rnini kafolatlagan 30 yoshli futbolchi yozda jamoani tark etdi.
✅ Ratino (Braziliya) — 22 o‘yin, 2 gol
Braziliyalik yarim himoyachi gollar va assistlar borasida sermahsullik ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, ishonchli xatti-harakatlari bilan muxlislar e’tiborini qozondi va mavsum yakunida liga ramziy jamoasidan o‘rin egalladi.
???? Maykon Duglas (Braziliya) — 12 o‘yin, 1 gol
Davralar oralig‘ida samarqandliklar tarkibini yana bir braziliyalik yarim himoyachi to‘ldirdi va u ham jamoadoshi singari asosiy tarkib a’zosiga aylandi, biroq sermahsullikda oqsadi.
"Andijon"
❓ Maksim Sarraf (Rossiya, Suriya) — 1 o‘yin
"Andijon"ning 19 yoshli darvozaboni klub safidagi yagona uchrashuvini mamlakatning amaldagi chempioni "Nasaf"ga qarshi o‘tkazib, o‘z darvozasidan 3 ta gol qabul qilib oldi. Ehtimol, uni kelajak uchun jamoada saqlab qolishar.
❌ Damir Imeri (Shimoliy Makedoniya) — 10 o‘yin
29 yoshli futbolchi maydonga tushgan bahslarda yarim soat ham harakat qilmadi. Yozda mahalliy "Shkupi" safiga qo‘shilgan vingerni "Metallurg"ga qarshi o‘yindagi assisti bilangina yodga olish mumkin.
❌ Luka Zgurskiy (Rossiya) — 16 o‘yin, 1 gol
19 yoshli hujumchi mavsumning dastlabki qismida asosiy tarkibdan joy olib kelayotgandi, hatto ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘lgan "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygandi. Biroq bahor tugashi bilan uning "bahori" ham so‘nib bordi va zahira o‘yinchisiga aylandi.
???? Shahrom Samiyev (Tojikiston) — 24 o‘yin, 3 gol
Tojikistonlik hujumchi ham faqat may oyida asosiy tarkib a’zosiga aylandi, so‘ngra zahiradan o‘yinni kuchaytiruvchi sifatida tanlandi. 23 yoshli futbolchi bugungi kunda Tojikiston terma jamoasining ham asosiy futbolchilaridan biri sanaladi.
❓ Abinur Nurimbet (Qozog‘iston) — 6 o‘yin
19 yoshli hujumchi umumiy hisobda 29 daqiqa maydonda harakat qilgan. U ham klubning kelajak uchun olib kelingan futbolchilaridan hisoblanadi va Nurimbetning iqtidorini ko‘rishimiz uchun vaqt talab etiladi.
❌ Lyubisha Petsel (Bosniya va Gersegovina) — 6 o‘yin
"Andijon"ning yuqoridagi transferlaridan farqli ravishda Petsel 31 yosh hisoblanadi va u kelajak uchun olib kelinmagani aniq. Biroq himoyachi jami ikki uchrashuvni asosiy tarkibda o‘tkazdi, keyinchalik zahiraning yana bir o‘rindig‘ini band qildi.
"Bunyodkor"
???? Frane Chiryak (Xorvatiya) — 25 o‘yin
29 yoshli himoyachi birinchi davrada asosiy tarkib futbolchisi sanalardi, mavsumning ikkinchi yarmida esa ko‘pgina bahslarda zahiradan maydonga tushirildi. Chiryak yil davomida ikki marotaba chetlatilishga ham ulgurdi.
❌ Toni Yovich (Xorvatiya) — 16 o‘yin, 1 gol
Superligada mavsumning birinchi yarmida birorta gol urolmasdan "qaldirg‘ochlar"ni tark etgan hujumchi "Sloga Doboy" safida Bosniya va Gersigovina chempionatida 14 o‘yinda 5 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan. Ehtimol, Toshkent havosi unga yoqmagandir.
✅ Momchilo Raso (Chernogoriya) — 20 o‘yin, 1 gol
27 yoshi himoyachi "qaldirg‘ochlar" mudofaasining asosiy ustunlaridan biriga aylandi va mavsum boshini hisobga olmaganda, deyarli barcha uchrashuvda to‘liq harakat qildi.
❌ Samir Jelkovich (Bosniya va Gersegovina) — 10 ta o‘yin, 1 ta gol
Bolqonlik himoyachiga ilk turlarda asosiy tarkibdan joy berilgandi, biroq raqiblar "Bunyodkor" darvozasini ilma-teshik qilishgach, Jelkovichga stadiondan chiqadigan darvoza ko‘rsatildi. Hozirda u Serbiyaning "Radnichki 1923" jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
❌ Marin Lyubich (Xorvatiya) — 14 o‘yin
"Bunyodkor"ning yevropalik nomga ega darvozaboni ilk ikki o‘yindayoq darvozasidan 8 ta to‘p qabul qilib oldi. Shundan so‘ng unga ikki oy dam berildi. Keyinchalik tarkibga qaytgan 27 yoshli futbolchi yozgi transferlardan so‘ng yana ikkinchi raqamli darvozabonga aylandi.
✅ Andriya Filippovich (Xorvatiya) — 14 o‘yin, 5 gol
"Bunyodkor"ning boshqa "poddelka" xorvatlardan farqli ravishda Filippovich tezda jamoaga kirishib ketdi va samarali natijalarga hissa qo‘shdi. Gollardan tashqari 27 yoshli hujumchi uchta assist qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.
???? Luis Kachorri (Albaniya, Italiya) — 12 o‘yin, 3 gol
Ko‘proq zahiradan tushib, o‘yinni kuchaytiradigan 26 yoshli hujumchi jamoasiga ochkolarni taqdim etadigan gollarga mualliflik qildi, biroq uning gollari bardavom bo‘lmadi.
???? Itsuki Urata (Yaponiya) — 14 o‘yin
Davralar oralig‘ida poytaxtliklar safini to‘ldirgan himoyachi asosiy tarkibdan joy oldi. Deyarli barcha uchrashuvlarni 90 daqiqa o‘tkazayotgan futbolchining o‘yinini o‘rtacha baholash mumkin.
"Qizilqum"
✅ Robert Ozols (Latviya) — 24 o‘yin
Latviya terma jamoasi darvozaboni klubning asosiy posboniga aylandi va ko‘pgina o‘yinlarda seyvlari bilan jamoasi joniga oro kirdi. Biroq uning o‘tkazib yuborgan gollari ham maqtanarli darajada emas. Shunga qaramay, ushbu transfer navoiyliklar uchun foydali bo‘ldi deb aytish mumkin.
✅ Elguja Lobjanidze (Gruziya) — 18 o‘yin, 8 gol
32 yoshli hujumchi mavsumning dastlabki qismida yetarlicha imkoniyatga ega bo‘lmadi, shunga qaramay, ikki davrada ham o‘zi uchun yetarli darajada gollarga mualliflik qila oldi.
"Metallurg"
✅ Marko Milichkovich (Chernogoriya) — 31 o‘yin, 7 gol
26 yoshli yarim himoyachi "Metallurg" lideriga aylandi va muhim o‘yinlarda, jumladan, "Nasaf"ga qarshi so‘nggi turda gol urib, jamoasi joniga ora kirdi. Shuningdek, u jamoasining standartlarini amalga oshiruvchi futbolchiga aylandi.
❌ Boban Jorjevich (Chernogoriya) — 12 o‘yin, 1 gol
27 yoshli hujumchi ilk turdagi golini hisobga olmaganda, hech narsani qoyillata olmadi va birinchi davradan keyinoq klub bilan xayrlashib, mahalliy "Mornar Bar" jamoasiga qo‘shildi.
❌ Balsha Sekulich (Chernogoriya) — 8 o‘yin, 1 gol
Jorjevich o‘rniga kelgan 26 yoshli hujumchi mahorat bobida undan qoyillatadigan ish qilmadi. 6 uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan futbolchi "So‘g‘diyona" darvozasigagina yo‘l topa oldi.
"Lokomotiv"
✅ Ivan Rogach (Serbiya) — 21 o‘yin, 3 gol
32 yoshli himoyachi "temiryo‘lchilar"ning muhim figuralaridan biriga aylanib, jamoasi safida maydonda eng uzoq vaqt harakat qilgan futbolchiga aylandi. Biroq "Nasaf"ga taqdim etilgan bahsda chetlatilib, jamoasini muhim pallada qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
❌ Ivan Bulatovich (Chernogoriya) — 13 o‘yin, 1 gol
28 yoshli hujumchi "Paxtakor"ga qarshi o‘yinda urgan golini nishonlashda libosini ostidan xuddi shunday libos kiygani bilan yodda qoldi, xolos. Birinchi davradan so‘ng unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi va Bulatovich mahalliy "Buduchnost Podgoritsa"ga borib qo‘shildi.
✅ Valeriy Kichin (Qirg‘iz Respublikasi) — 13 o‘yin, 3 gol
32 yoshli himoyachi klub bilan bir qatorda terma jamoasining yetakchi himoyachilaridan biriga aylandi. Kichin himoyachi bo‘lishiga qaramay, yarim mavsum davomida 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘lib, ko‘pgina hujumchilarga dars berdi.
???? Mixail Gashenkov (Rossiya) — 12 o‘yin, 2 gol
32 yoshli yarim himoyachi ham tezda jamoaga moslashib ketdi va boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. Biroq u ham klubni Superligada olib qolishga yordam bera olmadi.
❌ Konstantin Bazelyuk (Rossiya) — 12 o‘yin
Rossiyalik hujumchi ikkinchi davrada O‘zbekistonni shunchaki ziyorat qildi, gollarni esa uning o‘rniga himoyachilar urib qo‘yaqoldi. Bazelyuk hech bo‘lmaganda, assist ham yozdirishni uddalay olmadi.
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Janubiy Koreya prezidentining mamlakatdan chiqishi taqiqlandi
Turkiya Suriya muxolifatining Asadni ag‘darish rejalari haqida 6 oy oldin bilgan
Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahu ustidan sud jarayoni boshlandi
Bashar Asadning yaqin qarindoshi osib o‘ldirildi
Isyonchilar Damashq qamoqxonasida kutilmagan holatga duch kelishdi
"Metallurg" 2025 yil Superligada o‘ynaydi
O‘zbek shou-biznesi vakillari Halima Ibragimovani qanday xotirlamoqda?
Qarzing bo‘lmasin!