08:50 / 25.12.2024
137

SSKA Abbosbek Fayzullayevning kelajagi bo‘yicha kutilmagan qarorga keldi!

SSKA Abbosbek Fayzullayevning kelajagi bo‘yicha kutilmagan qarorga keldi!
O‘zbek futboliga oid eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri Abbosbek Fayzullayev faoliyatini qayerda davom ettirishi bo‘lib qolmoqda.

Rossiya Premer-ligasida SSKAning asosiy yetakchilaridan biriga aylangan 21 yoshli hujumkor futbolchimizga Fransiyaning “Monako” va Ispaniyaning “Real Sosedad” klublaridan qiziqish borligi haqida ma’lumotlar tarqatildi.

Monakoliklar Fayzullayevning transferini yanvarda amalga oshirish uchun “armiyachilar” g‘aznasini 15 million yevro bilan to‘ldirishga tayyorligi aytildi.

Yevropa klublarining o‘zbek futbolchisiga qiziqishi SSKA rahbariyati jamoa yetakchisini ushlab qolish borasida yangi qadamlarni tashlashga undadi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Abbosbek Fayzullayev kelajagi borasida bir qarorga kelgan. Legionerimiz qishda jamoasini o‘zgartirmaydi va SSKAda faoliyatini davom ettiradi.

Avvalroq, SSKA Yevropa klublaridan bo‘layotgan chorlovlardan keyin Abbosbek Fayzullayevga yangi shartnoma taklif qilishi bildirilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, hozir hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmayapti ekan.

Bu vaziyatga Moskva klubi bosh direktori Roman Babayev oydinlik kiritdi.

- Fayzullayev bo‘yicha vaziyat biroz boshqacha. Biz shartnomada nimalar yozilganiga qaramay, kelishuvni uzaytirmasdan turib ham Abbosbek moliyaviy sharoitlari yaxshilanishiga loyiq, degan qaror keldik.

Klubimizda amalda qo‘llab kelinayotgan tajribalardan biriga asosan, agar biror futbolchiga muayyan mablag‘ belgilangan bo‘lsa va amalda u yanada yuqoriroq maoshga loyiq o‘yin ko‘rsatsa, biz shartnomani uzaytirishni kutmasdan uning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilaymiz.

Xuddi shu tariqa Fayzullayevning ham maoshini oshirdik
, - dedi SSKA bosh direktori Roman Babayev.

Abbosbek Fayzullayev hozirgi shartnomasini 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tganida tuzgan. Roman Babayevning ma’lum qilishicha, legionerning 2026 yilning yarmigacha amal qiladigan bitimida Rossiya Premer ligasi jamoalari uchun ham, xorij klublari uchun ham badal puli miqdori belgilanmagan.

21 yoshli futbolchimiz yiliga 110 ming yevro maosh olib kelayotgani haqida ma’lumotlar chiqqan edi. Bu Rossiya futbolida juda past maosh hisoblanadi. Ayrim manbalarning yozishicha, SSKA Fayzullayevning yangi maoshini qancha qilib belgilagani aytilmagan, biroq Abbosga o‘yiniga yarasha klub yetakchilari olayotgan summaga yaqin pul to‘lanishi mumkin. Masalan, SSKAda eng ko‘p maosh oladigan futbolchi Danil Krugovoyga “armiyachilar” bir mavsum uchun 1,6 million yevro to‘layotgan ekan.

Abbosbek Fayzullayev joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi bahslarida jami 23 marotaba maydonga tushib, uchta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi. Shuningdek, universal futbolchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘yinlari sonini ham 23 taga yetkazib, ularda raqiblar darvozasini 7 bor ishg‘ol qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » SSKA Abbosbek Fayzullayevning kelajagi bo‘yicha kutilmagan qarorga keldi!