00:40 / 12.01.2025
0

Abduqodir Husanov transferi: dunyoning eng zoʻr murabbiyini qutqarish oʻzbek yigiti zimmasiga tushmoqda

Abduqodir Husanov transferi: dunyoning eng zoʻr murabbiyini qutqarish oʻzbek yigiti zimmasiga tushmoqda
Shu kunlarda oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqda bir yigitni muhokama qilmoqda. Abduqodir Husanov. Futbolga qiziqadigan-qiziqmaydigan odamlar tilida shu yigit. Chunki bu futbolchi misolida oʻzbek futbolida tarixiy voqea sodir boʻlish arafasida. Husanov 40 million yevro evaziga dunyoning eng kuchli klublaridan biri «Manchester Siti»ga oʻtmoqda, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

Himoyachining oʻgʻli

Oʻzbek futboliga qiziqadiganlar bilishadi, «Metallurg»da Hikmat Hoshimov degan markaziy himoyachi boʻlardi. 4-raqamli himoyachi uzoq yillar Bekobod jamoasida sardorlik qilgan. Abduqodir mana shu futbolchining oʻgʻli. Oʻgʻil bolalar uchun hayotidagi ilk qahramoni shubhasiz otasiz boʻladi. Katta boʻlsam dadamga oʻxshayman, deydi koʻp bolalar. Abduqodir ham dadasining oʻyinlarini havas bilan tomosha qilgan, men ham zoʻr markaziy himoyachi boʻlaman, deb diliga tugib qoʻygan va bu orzusiga etishish uchun mehnat qilgan. Mehnat va ishtiyoq birlashganda esa natija, albatta, zoʻr boʻladi. Abduqodir bugun dunyodagi eng zoʻr himoyachilardan biri. Bu gapni endi hech ikkilanmay aytaversak boʻladi. U eng zoʻrlardan boʻlmaganida koʻpchilik futbol tarixidagi eng kuchli murabbiy deb ataydigan Pep Gvardiola uni har qanaqasiga sotib olishga topshiriq bermasdi.

Ertaknamo yoʻl

Abduqodirning bosib oʻtgan yoʻli shunchaki hayratlanarli. Odatda futbolchilar oʻz mamlakatida biror klubda zoʻr oʻyin koʻrsatadi, keyin bosqichma-bosqich kuchliroq chempionatlarga oʻtadi. Lekin Husanovning faoliyati qiyinchiliklar bilan boshlanadi. «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi boʻlgan himoyachiga negadir qaldirgʻochlar bosh jamoasida ishonch bildirishmaydi. Shu oʻrinda Bunyodkorning oʻsha davrdagi murabbiylariga hayron qolmay iloj yoʻq. Ular qanday qilib shunday kuchli futbolchini tekinga Belarus klubiga berib yuborganini tushunish qiyin. Axir Abduqodir yoshlar jamoasida vaqtidayoq top himoyachi ekani ma'lum edi.

Lekin Husanovimiz ertaroq Belarusga ketgani ham bir tomondan yaxshi boʻlgan. Toʻgʻri, Belarus chempionati Oʻzbekistondan kuchli emas, lekin futbolchining agentlari u Oʻzbekiston klubida asosiy tarkibda oʻynashini kutishsa kech boʻlishini tushunib etgan. Buning ustiga Abduqodir Belarusda koʻp qolib ketmadi. «Energetik BGU» degan klubda bir yil oʻynagan Husanovni agentlari Fransiyaning «Lans» klubiga taklif qiladi. Frantsuzlar esa «Bunyodkor» murabbiylaridan farqli oʻlaroq Husanov katta futbolchi ekanini tezda sezib, uning uchun 100 ming yevroning bahridan oʻtishadi.

Avvaliga Husanov «Lans»da zaxiradan maydonga tushib yurdi, lekin ikkinchi mavsumida u jamoaning asosiy himoyachisiga aylandi. Serxio Ramos usulidagi oʻyinlari sabab Evropa grandlari unga oshiq boʻla boshlashdi. Ishoning, hozir Evropa futbolida bunaqa stilda oʻynaydigan futbolchilar kamayib ketgan. Uni falon futbolchiga oʻxshaydi deb ham aytolmaysiz, chunki bunday futbolchining oʻzi yoʻq. Husanov oʻyinida Serxio Ramosning agressivligini, Ngolo Kantening toza podkatlarini, Virjil van Deykning havodagi kurashlarini koʻrishingiz mumkin. Tabiiyki, top klublar bunday megaiste'dodni e'tibordan chetda qoldirmaydi. Husanov uchun «Siti» bilan kimsan «Real» kurashgandi axir, tasavvur qilyapsizmi?

Pep nega uni tanladi?

Bilasiz, «Manchester Siti» hozir qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Gvardiola Sitini Angliya futbolining chinakam gigantiga aylantirdi, hatto Chempionlar Ligasini yutdi. APLda sovrinlar soni boʻyicha faqat ser Aleks Fergyusondan ortda qolmoqda. Oxirgi yillarda ingliz klublari Premiyer Ligada ikkinchi oʻrin uchun kurashadigan boʻlib qolgandi. Ammo bu mavsumda Pepning jamoasida muammolar kuzatilyapti, barchasi Oltin toʻp sohibi Rodri jarohat olib, safdan chiqqanidan keyin boshlandi. Albatta, bu yagona sabab emas, De Bryuyne va Uoker kabi futbolchilar qariyapti, Grilish va Foden oʻyinida pasayish kuzatildi, bir yil oldin 117 million funtga sotib olingan Grilish 2024 yilda birorta gol ham urmadi. Rodri safdan chiqqani esa barchasidan oshib tushdi.

Shu uchun Gvardiola yangi futbolchilar olish zarur ekanini aytdi. Abduqodir Husanov markaziy himoyada jiddiy raqobatga duch keladi. U erda Yoshko Gvardiola, Ruben Diash, Natan Ake kabi jiddiy futbolchilar bor. Lekin Husanov bunaqa katta summaga sotib olinganiga qaraganda zaxirada oʻtirmasligi aniq. Ba'zi ekspertlar Gvardiola uni Rodrining oʻrnida sinab koʻrishi mumkin degan fikrni ham ilgari surmoqda. Boʻlishi mumkin, Gvardiola eksperimentlarni yaxshi koʻradi. Axir Pep boʻyi 170 sm boʻlgan Xaviyer Maskeranoni markaziy himoyada oʻynatgan murabbiy.

Lekin Husanov asosan markaziy hujumchilarni toʻxtatishi bilan foydali ekani inobatga olinsa, uni boshqa pozitsiyaga qoʻyishmasa kerak. APLdagi markaziy himoyachilar jismoniy jihatdan juda kuchli, ularni toʻxtatish uchun bizning Husanovga oʻxshagan jismoniy baquvvat, havoda zoʻr kurashadigan, toʻp hujumchiga tushishi bilan unga yopishadigan himoyachi kerak. Mashgʻulotlarda bu ishni Holand bilan bajarib koʻrish imkoni bor.

Bilasiz, Gvardiola jamoasida hamma toʻp uzatish borasida mahoratli boʻlishi kerak, hatto darvozabon ham. Abduqodirning uzoq masofalarga uzatmasi aniq ekani esa uning «Siti»ga moslashishini tezlashtiradi.

Xullas, oʻzbek futbolida mana shunday katta voqelik sodir boʻlmoqda. Abduqodirning rekordlari haqida transfer rasman e'lon qilingach yana alohida gaplashamiz. Hozir esa barcha futbol muxlislarini tabriklayman. Axir bir eslang, bizning ham biror futbolchimiz Angliyaning oʻrtamiyona jamoasida boʻlsa ham oʻynasa, unga muxlislik qilsak, deb yurardik. Hozir esa bizning futbolchimiz Britaniyaning eng zoʻr jamoasi safiga oʻtmoqda. «Yunayted»ning oʻzbekistonlik muxlislaridan esa uzr soʻraymiz. Bugundan Manchesterning rangi biz uchun koʻk, qizil emas.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport