Abduqodir Husanov tufayli oʻzbek futbolining obroʻsi oshdi!

Abduqodir Husanov tufayli oʻzbek futbolining obroʻsi oshdi!
Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga oʻtishi oʻzbek futboli tarixidagi eng yorqin voqealardan boʻlish barobarida Yevropada ham katta aks sado bermoqda.

Keyingi paytda 20 yoshli oʻzbek futbolchisining katta transfer summasi evaziga Angliyaning amaldagi chempioni va zamonamizning eng qudratli klublaridan hisoblangan “Manchester Siti”ga oʻtganiga xorij mamlakatlaridan ham munosabat boʻlyapti.

Xususan, armanistonlik mashhur futbol agenti Nshan Depelyan Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga oʻtgani mamlakat futbolining obroʻsini koʻtarishi, yoshlar uchun haqiqiy oʻrnak boʻlishini alohida ta'kidladi.

- “Manchester Siti”ga katta mablagʻ evaziga transfer qilingan Abduqodir Husanov koʻpchilikka oʻrnak boʻla oladi. Tabiiyki, bu transfer sobiq ittifoq hududidagi futbolchilar oqimi uchun Yevropaga yoʻl ochadi, deb boʻlmaydi.

Lekin ayrim shunday holatlar futbolda koʻp kuzatiladi. Bunaqasi har doim boʻlgan.

Husanov – sobiq ittifoq hududidan yetishib chiqayotgan futbolchilar uchun yorqin namuna hisoblanadi. Albatta, biz bu oʻyinchiga muxlislik qilamiz. Oʻzbek futbolini hurmat qilamiz, bu mamlakat terma jamoasi oʻyinlarini kuzatib boramiz
, - dedi Nshan Depelyan.

Moskvaning “Spartak” jamoasi sobiq hujumchisi Aleksandr Prudnikov ham legionerimizning Angliya Premyer-ligasiga koʻchib oʻtganiga munosabat bildirdi.

- "Bu transfer orqali Rossiya Premyer-ligasi klublari sport direktorlariga katta savol tugʻilyapti. Ba'zan yonginamizda noyob iqtidor egalari boʻy koʻrsatadi, lekin biz uni payqamay qolamiz.

Husanovdan tashqari, hozir hamma Xvicha Kvarasxeliya haqida ham gapiryapti. Qizigʻi, Rossiya Premyer-ligasining ayrim klublari vaqtida bu futbolchini ham rad etishgan edi. Buning oʻziga xos sabablari boʻlishi mumkin, lekin klublarimizning aksariyat mutasaddilari iste'dodlarga umuman e'tibor qaratmayapti
", - dedi Aleksandr Prudnikov.

Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov futbolning ilk sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida oʻrgangan. Keyinchalik Belarusga koʻchib oʻtib, yoshi professional shartnoma tuzishga yetmagani bois, “Energetik-BGU” safida shunchaki shugʻullanib yurdi.

Keyin 2022-2023 yillar davomida ushbu mamlakat oliy ligasida oʻynab, oʻzini koʻrsatdi.

Abduqodir Husanov xorij klublari e'tiboriga Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi safida Osiyo kubogi va jahon chempionatlaridagi ishtiroki orqali tushdi. “Lans” 2023 yilning yozida hali hech kim tanimaydigan futbolchimizni 100 ming yevro evaziga transfer qildi.

Bir yarim yilda bu transfer oʻzini mutlaq oqladi. “Manchester Siti” oʻndan ziyod da'vogarlarni ortda qoldirish uchun “Lans” himoyachisini 50 million yevroga transfer qilishga qaror qildi.

Ma'lumotlarga qaraganda, Abduqodir Husanov “shaharliklar” bilan 2029 yilning yozigacha davom etadigan shartnoma imzolagan. Tomonlar oʻzaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar