Bahodir Jalolov va Otabek Xolmatov AQShga yetib bordi va mashgʻulotlarga kirishdi. Bu haqda Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi ma'lum qildi.
Xabaringiz bor, ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov 6 fevral kuni Kanadaning Monreal shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomida oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazadi.
Unga oʻsha kuni frantsiyalik Devid Spilmont raqiblik qiladi. Charm qoʻlqop ustamiz Artur Biyarslanov va Mohamed Mimun oʻrtasidagi markaziy jangning anderkardida ishtirok etadi. Jalolov jangiga ikki haftadan sal koʻproq vaqt qolgan bir paytda AQSh ga etib bordi.
Bahodir bilan birga yana bir prof bokschimiz Otabek Xolmatov ham Indioga etib bordi va u ham mashgʻulotlarga kirishdi. Hozircha Xolmatovning jangi boʻyicha hech qanday ma'lumot yoʻq. Yaqinda yarim yengil vazn toifasidagi bokschimizning amerikalik Raymon Fordga qarshi oʻtkazgan jangi The Ring talqini boʻyicha 2024 yilning eng yaxshi jangi deb topilgandi.
Xolmatov WBA kamari uchun kechgan oʻsha jangda ochkolar hisobida oldinda bora turib, soʻnggi soniyalarda texnik nokaut evaziga alamli magʻlubiyatni qabul qilib olgandi. Otabek aynan Ford bilan revansh jangini oʻtkazish niyatida.
Ma'lumot oʻrnida, Bahodir Jalolov prof faoliyati davomida hozirga qadar 14 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba qozongan. Soʻnggi jangini 2023 yil 17 noyabr kuni Toshkentda JAR vakili Kris Tompsonga qarshi oʻtkazib, ilk raunddayoq nokaut orqali zafar quchgandi. Uning boʻlajak raqibi Devid Spilmont esa shu kungacha 25 ta jang oʻtkazib, 16 gʻalaba, 8 magʻlubiyat va 1 ta durang qayd etgan. Gʻalabalarining 11 tasini nokaut orqali qoʻlga kiritgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar