Qishki transferlar oynasining soʻnggi kunlarida “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov uchun kurashayotgan klublar orasida “Empoli” favorit sifatida tilga olinayotgan edi.
Toskana shahri sharafini himoya qilayotgan klub mutasaddilari 29 yoshli oʻzbek futbolchisini ijaraga olish maqsadida “Roma” bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
Biroq soʻnggi ma'lumotlarga qaraganda, Shomurodovga da'vogarlik qilayotgan klublar raqobatida etakchilik “Venetsiya” tomoniga oʻtdi.
Taniqli insayder Janluka Di Martsioning ta'kidlashicha, A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Venetsiya” asosiy toʻpurari Joel Poxyanpaloni “Palermo”ga transfer qilishga yaqin turibdi. Finlyandiyalik hujumchi venetsiyaliklarning asosiy toʻpurari hisoblanadi va joriy mavsum 19 ta uchrashuvda oʻz hisobiga ettita toʻp yozdirib qoʻygan.
Poxyanpalo yaxshiroq maosh evaziga V Seriyada oʻynayotgan “Palermo”ga koʻchib oʻtishga qaror qildi. Ayni paytda ikki klub oʻrtasida muzokaralar ijobiy yakunlanish arafasida turibdi.
“Venetsiya” oʻz toʻpurarining oʻrnini toʻldirish maqsadida nishondagi hujumchilar orasida Eldor Shomurodovni birinchi oʻringa qoʻygan va uni “Roma”dan olish imkoniyatlarini oʻrganmoqda.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori va “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyatni boshqa manbalar ham muhokama qilmoqda.
- Qishki transferlar bozori avj olayotgan pallada “Roma”da oʻynayotgan oʻzbekistonlik forvard Eldor Shomurodov ham koʻpchilikning diqqat markazida turibdi. Rim klubi mutasaddilari tarkibda jiddiy oʻzgarish qilishga bel bogʻlagan va dolzarb masalalar orasida chiqish transferlari ham bor.
Asosiy toʻpurari Joel Poxyanpaloning oʻrniga Eldor Shomurodovni olib kelishni koʻzlayotgan “Venetsiya” bu oʻyinchiga qolgan da'vogarlarga qaraganda yaxshiroq moliyaviy imkoniyatlar taklif qilishi mumkin.
Shunga qaramay, raqobat kuchli boʻladi. Chunki “Empoli” Eldor Shomurodovni ijaraga olish boʻyicha poytaxtliklar bilan muzokaralarni boshlab yuborgan.
Demak, transfer oynasining soʻnggi kunlari oʻzbek hujumchisi atrofidagi vaziyat ancha qizgʻin boʻlishi kutilmoqda, - deb yozdi farantube.it sayti.
Ta'kidlar joizki, A Seriyaning musobaqa jadvalida 21-tur yakunlariga koʻra, “Venetsiya” 15 ochko bilan 19-pogʻonani egallab turibdi. Venetsiyaliklar yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun vaziyatni oʻzgartirishi shart. Jamoaning hujum chizigʻida muammo koʻp. Tarkibdagi uch forvarddan faqatgina klubdan ketayotgan Jol Poxyanpalo raqiblar darvozasiga yoʻl topa olgan xolos.
“Empoli” musobaqa jadvalida 20 ochko bilan 15-oʻrinda borayotganiga qaramay, bu jamoani xavfli hududdan atigi bir ochko ajratib turibdi. Roberto D’Aversa shogirdlari ham eng kam gol urgan jamoalardan hisoblanadi. Oldingi chiziqning oltita oʻyinchisidan teng yarmi hali ham gollar hisobini ochgani yoʻq.
Eldor Shomurodovga da'vogarlar orasida “Kalyari” ham bor. Biroq Sardiniya klubi oʻzbek futbolchisini jamoaga qaytarish uchun hali aytarli harakatlarga kirishgani yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, tajribali legionerimiz joriy mavsumda jami 15 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini ikki marotaba ishgʻol qilgan va jamoadoshlariga bitta golli pas uzatgan. Transfermarkt portali oʻzbekistonlik hujumchini 4 million yevroga baholamoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring