13:53 / 27.01.2025
927

Nodirbek Yakubboyev hindistonlik raqibasini qoʻlini siqmagani uchun tanqidga uchradi (video)

Nodirbek Yakubboyev hindistonlik raqibasini qoʻlini siqmagani uchun tanqidga uchradi (video)
Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Yakubboyev hindistonlik shaxmatchi bilan oʻyin oldidan qoʻlini siqib qoʻymagani koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.

Hodisa Tata Steel Challengers 2025 musobaqasining 4-turida roʻy bergan. Odatga koʻra, shaxmatchilar qoʻl siqib oʻyinni boshlaydi. Ammo oʻzbekistonlik shaxmatchi Vaishaliga qoʻl uzatmadi.

Koʻplab tanqidlarga sabab boʻlgan holat boʻyicha Yakubboyevning oʻzi tushuntirish berib, bu uning e'tiqodi bilan bogʻliqligini aytgan.

“Bugun (26 yanvar kuni) men bu haqda Irina Bulmagaga aytdim. U bunga rozi boʻldi. Ammo oʻyin zaliga kelganimda, hakamlar menga hech boʻlmaganda “Namaste” qilishim kerakligini aytishdi. Divya va Vaishali bilan oʻyinlarda men ularga bu (e'tiqodim) haqda oʻyindan oldin ayta olmadim va noqulay holat yuzaga keldi.

Men Vaishali va uning akasi qatorida barcha hindistonlik shaxmatchilarni hurmat qilaman. Agar bu harakatim orqali uni noqulay vaziyatga qoldirgan boʻlsam, buning uchun uzr soʻrashga tayyorman.

Men oʻzim toʻgʻri deb bilgan ishni qilaman. Bu harakatim orqali barcha shunday qilishi kerak deb hisoblamayman, bu hammaning oʻziga havola boʻlgan tanlovidir”, dedi oʻzbekistonlik shaxmatchi.

Ma'lumot uchun, ushbu bahsda hindistonlik shaxmatchi gʻalaba qozongan. Kecha, 26 yanvar kuni Bulmagaga qarshi uchrashuvda gʻalaba qozongan Nodirbek Yakubboyev 4 ochko toʻplab turnir jadvalida 9-oʻrinda bormoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport