Yakshanba oqshomida Evropa futbolida roʻy bergan asosiy voqealar, oʻyinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
«Manchester Yunayted» — «Kristal Pelas» 0:2
Gollar: Mateta (64, 89).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines (de Ligt, 82), Maguayr, Yoro, Dalot, Fernandesh, Ugarte (Eriksen, 87), Mazraviy (Zirkze, 70), Garnacho, Maynu (Hoylund, 70), Diallo.
«Kristal Pelas» – Henderson, Gehi, Lakrua, Richards, Kamada (Eze, 61), Sarr (Devenni, 90+7), Mitchell (Klayn, 88), Lerma, Hyuz (Uorton, 88), Munyos, Mateta.
Ogohlantirishlar: Maguayr (49), Fernandesh (64), Hyuz (72), Ugarte (74).
Ruben Amorim bir necha marta «MYu» «Old Trafford»dagi oʻyin kunlari ruhiy muammolarga duch kelayotgani haqida gapirgandi. APL doirasida «Brayton»ga qarshi kechgan oldingi uy uchrashuvidan keyin portugaliyalik mutaxassis hissiyotga berilib, «qizil iblislar»ning hozirgi versiyasi — tarixdagi eng yomoni ekanini aytdi. Shundan keyin mankunianliklar Evropa Ligasida «Reynjers» (2:1) va FKSB klublarini (2:0) magʻlub etdi, APLda esa «Fulhem»ga qarshi safar oʻyinida ustun keldi (1:0). Jamoada bu mavsumda qatorasiga uch oʻyinda gʻalaba hali kuzatilmagandi. Va yakshanba kungi oʻyinda bu seriya ham toʻxtadi.
«Kristal Pelas» bilan qarama-qarshilikda birinchi boʻlimdayoq muammolar yuzaga keldi, faqat Onana mezbonlarni qutqarib qoldi. Oʻyinning ikkinchi boʻlimida esa «Yunayted» sobiq darvozaboni Henderson devoridan oʻta olmadi. U bir necha daqiqa ichida Brunu Fernandesh va Ugartening xavfli zarbalarini qaytardi. Mateta esa standart vaziyatda oʻz imkoniyatini qoʻldan boy bermadi va toʻsindan qaytgan toʻpni darvoza toʻriga yoʻlladi. Ushbu forvard oʻyin oxiridagi qarshi hujumda Munyosning pasidan keyin ikkinchi golni ham urdi.
Mezbonlar uchun oʻyinda yana bir yoqimsizlik roʻy berdi — 76-daqiqada Lisandro Martines navbatdagi marta jarohat oldi. Argentinalik himoyachi bu mavsumda salomatligidagi muammolarni hal qilib, yaxshi formaga kirgan va jamoa etakchilaridan biriga aylangandek koʻringandi. Ammo katta ehtimol bilan uning uchun mavsum yakunlandi. Shifokorlar maydonda olti daqiqa davomida yordam koʻrsatishdi, keyin esa u maydonni koʻz yosh toʻkkancha zambilda tark etdi.
Mavsumdagi dastlabki 13 uy uchrashuvida etti magʻlubiyat — «MYu»ning 1893/94 yillar mavsumidan buyon eng yomon natijasi. Ya'ni bunaqasi 131 yildan buyon boʻlmagandi.
«Arsenal» — «Manchester Siti» 5:1
Gollar: Edegor (2), Parti (56), Lyuis-Skelli (62), Haverts (76), Nvaneri (90+3) — Holand (55).
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 90), Timber, Rays, Parti, Edegor (Merino, 84), Trossar (Nvaneri, 84), Haverts (Sterling, 90), Martinelli.
«Manchester Siti» – Ortega, Gvardiol, Stounz, Akanji, Mateush Nunesh, Kovachich, Bernardu Silva, Savio, Marmush (de Bryuyne, 72), Foden (Makati, 72), Holand.
Ogohlantirishlar: Timber (25), Edegor (71).
Turning markaziy bahsi oldidan Arteta Rayyada jarohat borligi, uning maydonga tushishi soʻroq ostida ekanini aytgandi. Amalda esa bu uning navbatdagi hiylasi boʻlib chiqdi, darvozabon maydonga tushdi. «Siti» kiperi Ederson esa bu safar jarohat tufayli oʻyin qaydnomasiga ham kiritilmadi – uning oʻrnini Ortega egalladi. Maydon markazida yana de Bryuyne emas, Marmush egalladi.
«Arsenal» raqib mudofaasini ikkinchi daqiqadayoq buzib oʻtdi, «shaharliklar»ning tajribali himoyachisi Manuel Akanji qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi — u jarima maydoni yaqinida Stounzning noqulay pasini yaxshi qabul qila olmadi va uni raqiblarga oldirib qoʻydi. Yakunda Martin Edegor Kay Haversning uzatmasidan keyin amalda boʻsh darvozani ishgʻol etdi. Barcha «Chelsi»ga qarshi oʻyin startini yodga oldi, bu safar zaxirada qoldirilgan Abduqodir Husanov oʻrnida harakatlangan tajribali himoyachilar ham xatoga yoʻl qoʻyishdi.
Beshinchi daqiqada londonliklar hisobdagi farqni oshirishi mumkin edi, ammo Martinellining goli ofsayd tufayli bekor qilindi.
Tezkor gol «Arsenal»ga himoyaga qaytish va qarshi hujumlarda omadini sinashga imkon berdi. Qolaversa, «Siti» pozitsion hujumlarda hech narsa qila olmadi — Gvardiola jamoasi birinchi boʻlimdagi yagona xavfli vaziyatini standartdan yuzaga keltirdi. 23-daqiqada Marmush burchakdan toʻpni Yoshko Gvardiolning boshiga etkazib berdi — ammo xorvatiyalik himoyachining kuchli zarbasini David Rayya qaytarib qoldi.
«Arsenal» pozitsion hujumlar uyushtirishga katta e'tibor qaratmadi — birinchi boʻlim davomida oʻyinning faqat 39 foiz qismida toʻpga egalik qildi. «Kanonirlar» eng xavfli vaziyatlariga yoki qarshi hujumlarda, yoki raqibni jarima maydoni atrofida pressing qilish evaziga yaratdi — 27-daqiqada «Siti» mezbonlarga yana bir bor golli vaziyat sovgʻa qildi. Oʻyinni boshlashda ishtirok etgan darvozabon Shtefan Ortega toʻpni noqulay vaziyatdagi Mateo Kovachichga uzatdi, undan esa Deklan Rays toʻpni olib qoʻydi. Toʻp Haversga etib bordi, ammo Kay oʻz uslubida ajoyib vaziyatni yoʻqqa chiqardi — deyarli himoyasiz darvoza tomon zarba berdi, ammo toʻp qiyshiq ketdi.
Tanaffusdan keyin «shaharliklar» raqibni izdan chiqarish harakatlarini davom ettirdi: ikkinchi boʻlimning dastlabki 10 daqiqaligida toʻpga egalik qilish boʻyicha 58 foizlik koʻrsatkich qayd etildi va shu davr oraligʻida hisob tenglashtirildi. 55-daqiqada «Siti»ning koʻp sonli kombinatsiyalari nihoyat ish berdi: Savio oʻng qanotda toʻpni qabul qilib olib, olis ustun tomon pas berdi. Erlin Holand toʻp uchun kurashda Salibadan ustun keldi va bosh bilan aniq zarba yoʻlladi.
Mehmon jamoa futbolchilari javob golini haddan tashqari hissiyotga berilib nishonlashdi va hushyorlikni ham yoʻqotib, ikki daqiqa ichida gol oʻtkazib yuborishdi — jamoa yana oʻz jarima maydoni atrofida xato qildi. Bu safar Fil Foden qanotdan markaz tomon yoʻllagan pasni Tomas Parti egallab oldi va vaqt yoʻqotmasdan zarba yoʻlladi — toʻp Stounz orqali rikoshet borib, darvoza burchagiga yoʻl oldi.
Olti daqiqa oʻtib esa 18 yoshli Maylz Lyuis-Skelli intrigani oʻldirdi. Yosh himoyachi «Arsenal» hujumlaridan birida chap qanotdan jarima maydoniga kirib borib, toʻpni qabul qildi va dribling bilan bir necha raqibdan oʻtib, toʻpni olis burchakka joyladi. U APLdagi birinchi golini Holandni masxara qilgan holda nishonladi, bunga norvegiyalik hujumchi jamoalarning birinchi davradagi oʻyini vaqtida unga mensimay munosabatda boʻlgani sabab edi.
Hisob 1:3 holatida «Siti» katta kuch bilan oldinga tashlandi va shu tufayli qarshi hujumlarni oʻtkazib yubordi. Rayya darvozasi atrofida esa xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi — oʻyinchi almashtirishlar ham yordam bermadi: 72-daqiqada Kevin de Bryuyne va Jeyms Makeyti maydonga tushgandi. Belgiyalik sardor ham jamoasi oʻyinini jonlantira olmadi — Holandning zarbasi «shaharliklar»ning ikkinchi boʻlimdagi yagona zarbasi boʻlib qoldi.
«Arsenal»da qarshi hujumlarda Martinelli va Havers vaziyatlar yaradi. Bu hujumlardan birida braziliyalikning jarima maydoni tashqarisidan yoʻllagan zarbasini Ortega qiyinchilik bilan qaytardi. 76-daqiqada esa Gabriel jarima maydoniga kirib borib, oʻzidan qulayroq vaziyatda turgan Kayni toʻp bilan ta'minladi — nemis futbolchi bu safar zarba berishda adashmadi. «Siti»ni zaxiradan tushgan 17 yoshli Itan Nvaneri uzil-kesil taslim qildi — 90+3-daqiqada u uzoq masofadan qaytarib boʻlmas zarba yoʻlladi. Gvardiola murabbiylik faoliyatidagi eng yirik magʻlubiyatni qabul qilib oldi — 1:5.
Bu yirik gʻalaba evaziga Arteta «Liverpul» bilan farqni olti ochkoga qisqartirdi, «Siti» toʻrtinchi oʻrinda qoldi («Nyukasl» bilan bir xilda 41 ochkodan toʻplangan) va dushanba kungi oʻyin natijasiga koʻra «Chelsi»ni oldinga oʻtkazib yuborishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar