
Yakshanba oqshomida Italiya futbolida roʻy bergan asosiy voqealar, oʻyinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat haqida mazkur maqola orqali ma'lumotga ega boʻlishingiz mumkin.
«Yuventus» — «Empoli» 4:1
Gollar: Kolo-Muani (61, 64), Vlahovich (90), Konseysau (90+3) — De Shilio (4).
«Yuventus» – Di Gregorio, Savona, Veyga, Gatti, Vea, Kopmeyners, Lokatelli, Yildiz (Vlahovich, 65), Makkenni (Tyuram, 85), Gonsales (Konseysau, 86), Kolo-Muani.
«Empoli» – Vaskes, Mariyanuchchi (Tosto, 90+1), Ismayli (Goglichidze, 59), De Shilio, Male, Espozito (Konate, 90+2), Kakache, Anjorin (Jurkovski, 49), Henderson (Bachchi, 90+2), Gyasi, Kolombo.
Ogohlantirishlar: Gyasi (37), Male (41).
Chetlatish: Male (84).

«Yuventus» sobiq himoyachisi, bu mavsum «Empoli»da ijara asosida oʻynayotgan De Shiliodan tezkor gol oʻtkazib yuborib, muxlislarini karaxt holatga tushirdi. Biroz oʻtib turinliklarni penaltidan VAR qutqarib qoldi, bu vaziyatda raqib futbolchisi hujum boshida toʻpni qoʻl bilan oʻynagani oydinlashdi. Birinchi boʻlimda Tiagu Motta shogirdlari yaratgan xavfli vaziyat — Niko Gonsalesning chalqancha uslubda yoʻllagan zarbasi boʻldi, ammo darvozabon toʻsin ostiga kirib ketayotgan toʻpni qaytardi.
Ikkinchi boʻlimda «Keksa siniora» chinakamiga uygʻondi, Kolo Muani esa «Yuventus»ga nega kelganini isbotladi. Qishki transferlar doirasida «PSJ»dan ijaraga olingan forvard «Napoli»ga qarshi kechgan ilk oʻyinida ham gol urgandi, bu safar esa uch daqiqa ichida dublni rasmiylashtirdi. Birinchi holatda frantsuz hujumchisi himoyachini oʻyindan chiqarib, yaqin burchakka kuchli zarba yoʻlladi. Ikkinchisida — uzoq davom etgan hujumni Veaning uzoq masofadan yoʻllagan zarbasiga hokkeycha uslubda oyoq qoʻyib darvozabonni ilojsiz ahvolda qoldirdi. Shu tariqa, u Karlos Tevesdan keyin (2013 yil) «Yuve»ning debyutdagi ikki golida ham gol urgan ilk futbolchisiga aylandi.
Oʻyin oxirida esa uzoq masofadan zarba yoʻllagan Vlahovich hamda Tyuramning uzun pasidan keyin yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Fransishku Konseysau «Empoli»ni uzil-kesil taslim etdi. Byankonerilar toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi. Lekin «Latsio» dushanba kuni «Kalyari» bilan oʻyinda gʻalaba qozonib, EChLga yoʻllanma beruvchi oxirgi oʻrinni oʻziniki qilib olishi mumkin.
«Milan» — «Inter» 1:1
Gollar: Reynders (45) — de Vrey (90+3).
«Milan» – Menyan, Teo, Pavlovich, Tomori, Uoker, Reynders, Binnosir (Ximenes, 46), Musa (Terrachchano, 78), Leau (Gabbiya, 85), Pulishich (Chukvueze, 86), Abraham (Kamarda, 78).
«Inter» – Zommer, Bastoni (Karlos Augusto, 63), de Vrey, Pavar (Bissek, 63), Dimarko (Zalevski, 76), Mxitaryan (Frattezi, 76), Chalxonoʻgʻli (Zelinski, 63), Barella, Dumfris, Martines, Tyuram.
Ogohlantirishlar: Bastoni (53), Dumfris (61).
Joriy mavsumdagi natijalardan kelib chiqib qaralsa, Milan derbisida favorit ayon edi. Ammo «Milan» chempionatning birinchi davrasidagi oʻyinda ham, Italiya Superkubogi finalida ham gʻalaba qozongandi.
Neradzurrilarning jarohat tufayli bu oʻyinlarda qatnasha olmagan etakchisi Hoqon Chalxonoʻgʻli uchinchi derbida maydonga tushdi. Rossonerilar safiga «Feyenoord»dan meksikalik toʻpurar Santyago Ximenes kelib qoʻshilgan. U «Galatasaroy»ga yoʻl olgan Morata oʻrniga chaqirilgan, nominal mezbonlar oʻng qanotida esa Uoker debyut qildi.
U qadar tomoshabop boʻlmagan oʻyinda vaqt oʻtib «Inter» tashabbusni qoʻlga ola boshladi. Neradzurrilar raqib darvozasini ikki bor ishgʻol etishdi, ikki safar ham ofsayd qayd etildi. Tanaffus arafasida esa Reynders katta sahnaga chiqdi. «Milan» yarimhimoyachisi avvaliga uzoqdan zarba berib, Zommerni yaqin toʻqqizlikka ketayotgan toʻpga otilishga majbur qildi. Chalxonoʻgʻli maydon markazida pressing tufayli toʻpni yoʻqotganida esa qizil-oqlar Ernandes va Rafael Leau ishtirokida qarshi hujum uyushtirdi, darvozabon esa zarbadan keyin toʻpni Reyndersning oyogʻiga tashlab berdi.
Ikkinchi boʻlim davomida hujum vaqtidagi fol tufayli «Inter»ning uchinchi goli ham bekor qilindi, yana uch epizodda — Bissek, Tyuram va Dumfrisning zarbalaridan keyin — Menyanga ustun yordamga keldi. Darvozabonning oʻzi esa qoʻshimcha daqiqalarda yaqin masofadan yoʻllagan zarbani toʻsdi. Ammo baribir «Inter» oʻyinga qoʻshib berilgan besh daqiqaning uchinchisi oʻtib borayotganida magʻlubiyatdan qutulib qoldi, shu kunlarda «Roma»dan kelgan Zalevski koʻkragi bilan toʻpni qulay vaziyatdan zarba bergan de Freyga tashlab berdi. Neradzurrilar yutqazmaganidan xursand, ammo bu durang oradagi farqni yiriklashtirish imkoniyatiga ega boʻlgan «Napoli»ni koʻproq xursand qilgandi.
«Roma» — «Napoli» 1:1
Gollar: Anxelino (90+2) — Spinastsola (29).
«Roma» – Svilar, Anxelino, Ndika, Manchini, Rensx (Baldanzi, 80), Pizilli, Kristante (Dovbik, 64), Kone (Paredes, 56), Al Sha'roviy (Salemakers, 55), Shomurodov (Dibala, 80), Soule.
«Napoli» – Meret, Spinastsola, Jezus, Rrahmani, Di Lorentso, Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa, Neres (Mastsokki, 76), Lukaku (Simeone, 81), Politano (Raspadori, 86).
Ogohlantirishlar: Politano (14), Kone (51), Pizilli (72).
Antonio Konte jamoasi Rimdagi oʻyinda darhol tashabbusni oʻz qoʻliga oldi. Klaudio Raniyeri tushirgan tarkib ham bunga imkon berardi. Hafta oʻrtasida Evropa ligasi guruh bosqichida «Ayntraxt» darvozasiga hal qiluvchi golni urgan Eldor Shomurodov ilk daqiqalardan harakat qildi, Dibala, Pellegrini, Dovbik, Paredes va Hummels rimliklar zaxira oʻrindigʻida qoldirildi. Birinchi boʻlim oʻrtalaridan oʻtganida Spinastsola sobiq jamoasiga urgan gol oʻyin mantigʻidan kelib chiqdi.
«Boʻrilar» birinchi boʻlimning oʻzidayoq hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo Meret mehmonlarni qutqardi. Ikkinchi boʻlimda Paredesning jarima zarbasidan keyin toʻs ustunga tegdi. Qoʻshimcha daqiqalarda esa rimliklar baribir magʻlubiyatdan qutulib qolishdi. Payshanba kuni «Ayntraxt»ga qarshi oʻyin qahramonlaridan biri boʻlgan Anxelinio Salemakersning uzatmasidan keyin toʻpni toʻxtatmasdan uzoq burchakka aniq yoʻlladi. Rimda ham «San-Siro»dagi voqealar deyarli takrorlandi. Ikki durangdan keyin turnir jadvalining yuqori qismidagi holat oʻzgarmay qoldi. «Napoli» hamon birinchi oʻrinda, «Inter» — uch ochkolik farq bilan ta'qib etmoqda, ammo zaxirada bir oʻyini bor.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar