11:50 / 08.02.2025
2 430

Nega urding shu bir golni, Shomurodov!

Nega urding shu bir golni, Shomurodov!
Italiya A Seriyasining 24-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Eldor Shomurodov oʻynayotgan “Roma” bu gal “Venetsiya” mehmoni boʻladi.

Ikki klub qishki transferlar oynasi davomida oʻzbek hujumchisi boʻyicha ancha ish olib bordi. Venetsiyaliklar 29 yoshli forvardga ega boʻlish uchun poytaxt klubi mutasaddilari qoʻygan talablarning barchasini qabul qilishga rozilik bergandi.

Nufuzli manbalardan Corriere dello Sport nashri ikki jamoaning oʻzaro toʻqnash kelganini inobatga olib, Eldor Shomurodovning amalga oshmagan transferini qalamga oldi.

- Shomurodov Venetsiyaga keladi, biroq raqib sifatida. Oʻzbek futbolchisi Lagunaga koʻchib oʻtishiga bir qadam qolgan edi.

“Kalyari”ning sobiq futbolchisi kutilmaganda “boʻrilar” ustozi uchun muhim figuraga aylandi. Mavsum boshidagi qiyinchiliklarga qaramay, Shomurodov “Venetsiya” bilan boʻladigan bahsda ketma-ket uchinchi bor boshlangʻich tarkibda maydonga tushish imkoniyatiga ega. Bu koʻproq Artyom Dovbik yuqori sport formasida emasligi bilan bogʻliq.

Agar Eldor ilk daqiqadan oʻynasa, bu uning shaxsiy rekordi boʻladi. Chunki u 2021 yili 19,5 million yevro evaziga “Roma”ga oʻtganidan beri hali biror marotaba qatorisiga uchta oʻyinni asosiy tarkibda boshlamagan, - deb yozdi Corriere dello Sport nashri.

Ta'kidlash joizki, yaqindagina “Roma” va “Venetsiya” legionerimizning transferi boʻyicha yakuniy shartnomani imzolash arafasida turgandi. Unga koʻra, venetsiyaliklar Shomurodovni mavsum oxirida 3,5 million yevroga transfer qilish sharti bilan chempionatning ikkinchi qismida ijaraga olishga bel bogʻlagandi. “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko Eldor Shomurodov timsolida jamoani A Seriyada qolish uchun kurashda qutqara oladigan ideal hujumchini topgandek boʻlgandi.

Lekin “Roma”ning faqatgina bitta uchrashuv uchun Shomurodovni vaqtincha ushlab turgani vaziyatni oʻzgartirib yubordi. UYeFA qoidasiga koʻra, Evropa Ligasida ishtirok etayotgan rimliklar bu musobaqaning umumiy bosqichi tugamasidan yangi oʻyinchi qoʻsha olmasligi bois, Klaudio Raneri oʻzbek shogirdini “Ayntraxt”ga qarshi uchrashuvga olib qoldi. Aynan oʻsha uchrashuvda oʻz goli bilan jamoasining pley-offga chiqishiga katta hissa qoʻshgan hamyurtimiz kelajagiga ta'sir qildi.

Bu bahsdan keyin Klaudio Raneri Eldor Shomurodovning “Venetsiya”ga transferini blokladi.

- Roman Yaremchuk va Eldor Shomurodov bizning nishonimizdagi hujumchilar edi va biz ular oʻynayotgan klublar bilan transferga kelishib boʻlgandik. Yaremchukning transferi yanvar oyi boshidayoq barbod boʻldi. Shomurodov masalasi 20 yanvar atrofida yakuniy koʻrinish oldi.

Har ikki futbolchi oʻz jamoalarida muhim gollarni urdi, qahramonlik koʻrsatdi va bu ularning transfer tarixiga ta'sir qildi. Biz bu ikki hujumchini jamoamiz bosh murabbiyi uchun olib kelishga bor imkoniyatimizni sarflagan edik, - dedi “Venetsiya” bosh menejeri va sport direktori Filippo Antonelli.

Ayni paytda Eldor Shomurodov faoliyatida ijobiy oʻzgarish davom etmoqda. Klaudio Raneri Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori ikki kuchli raqib – “Napoli” va “Milan”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvlarda boshlangʻich tarkibda asosiy hujumchi sifatida maydonga tushirdi.

Endi aksariyat muxlisu mutaxassislar oʻzbek futbolchisi “Venetsiya” bilan boʻladigan bahsda ham asosiy figuralardan biriga aylanishini kutmoqda.

Bu oʻyin 9 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nega urding shu bir golni, Shomurodov!