Angliya kubogi 1/16 final doirasida "Manchester Siti" klubi "Leyton Oriyent" mehmoni boʻldi.
Xosep Gvardiola asosiy tarkibda koʻproq ikkinchi tarkib futbolchilarini tushirdi, hamyurtimiz Abduqodir zaxirada qoldirildi. Uchrashuvning 16-daqiqasida "shaharliklar"ning yangi xaridi boʻlgan Niko Gonsales qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi va mezbonlar maydon markazidan "Siti" darvozasini nishonga olishdi. Toʻp darvoza toʻsiniga tegib maydonga qaytdi va darvozabon Orteganing oyoqlariga tegib darvozadan joy oldi - 1:0. 60 mln yevroga sotib olingan Niko 22-daqiqada jarohat sabab almashtirildi. Juda ham omadsiz debyut.
Gvardiola 2-boʻlim avvalida birdaniga har ikkala markaziy himoyachilarni oʻzgartirdi. Diash va Reys oʻrniga Stounz va Husanov tushirildi. Abduqodir maydonga tushgandan keyin bir epizodda jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Oʻng qanotdan uzatilgan toʻp oʻzbekistonlik himoyachi boʻlmaganda deyarli boʻsh darvoza qarshisiga chiqib borayotgan mezbonlar vakiliga borib tushardi.
Keyin esa 56-daqiqada Riko Lyuisning kuchli zarbasi Abduqodirning elkasiga tegib raqib darvozasidan joy oldi - 1:1. Juda kerakli pallada oʻzbek yigiti Pep va uning jamoasiga yordamga keldi. Bunaqasini yaqingacha ham faqat orzu qilish mumkin edi. Hozir esa bu haqiqat.
Keyinchalik 79-daqiqada Grilishning zargarona pasidan keyin Kevin de Bryuyne "Siti"ga gʻalaba keltirgan golni urdi. Shu tariqa, "Manchester Siti" Angliya kubogining 1/8 final bosqichiga yoʻl oldi.
Gvardiola birinchi 45 daqiqalikdan keyin asosiy tarkib futbolchilarini birin ketin maydonga tashlab jiddiylashdi, aks holda qiynalib qolishi mumkinligini sezdi. Husanov gol urganidan keyin yana bir epizodda "Siti" darvozasi tomon ketayotgan toʻpni qaytarib qoldi, 2 marta tezligini namoyish etishga ham ulgurdi. "Flashscore" portali Husanov, De Bryuyne va Oraylilarni bir xil 7.9 ballga baholadi. Ular oʻyindagi eng yuqori ball olganlar boʻlishdi.
"Manchester Siti" navbatdagi oʻyinini 11 fevral kuni tunda "Real Madrid"ga qarshi "Etixad stedium"da oʻtkazadi. Koʻpchilik tushunib turganidek, "Siti"ning ikki asosiy markaziy himoyachilari Ruben Diash va Jon Stounz. Lekin, bugungi juda ishonchli oʻyini, kamiga Diash endigina jarohatdan qutulib safga qaytganini inobatga olib negadir Abduqodir "Real"ga qarshi ham oʻynaydi deb oʻylayapman. Asosiy tarkibdami yoki bugungidek 2-boʻlimdami, farqi yoʻq. Muhimi, Husanov maydonga tushishi va Vinisius, Mbappe, Rodrigo kabi mega yulduzlardan toʻpni olib qoʻyishi. Oʻshanda butun dunyo oʻzbek himoyachisining kuchini his qilardi. Darvoqe, Husanov APL jamoasi tarkibida gol urgan birinchi oʻzbek futbolchisi boʻlib tarixga ham kirdi. Olgʻa, Husanov!
Muallif: Tolibjon Qosimov
Manba: Championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar